40 yil oldin AQSh Prezidenti Jimmi Karter Xitoy bilan diplomatik aloqalar o’rnatishga qaror qilgan edi. Shundan beri Xitoy iqtisodiyoti yildan-yilga yuksalmoqda, Pekin AQShga bu borada jiddiy raqobat bo’lyapti. O’tgan yili Qo’shma Shtatlar Xitoyning qator tovarlariga tariflar qo’ygan.
Sobiq prezident Jimmi Karter “Amerika Ovozi”ga intervyu berib, Xitoy bilan 1979-yilda imzolangan shartnomani xotirladi.
“Xitoyning o’sha paytdagi rahbari Den Syaopin Xitoy xalqiga, dunyoga, shaxsan menga va Qo’shma Shtatlarga uning siyosati ochiqlik va islohotlardan iborat bo’lishi haqida so’z berdi. Shundan keyin Xitoy katta o’zgarishlarni boshdan kechirdi. Undan oldin Xitoyda erkin tadbirkorlikka yo’l qo’yilmagan edi”, - deydi Karter.
Sobiq prezident Tramp ma’muriyatining Xitoyga nisbatan sanksiyalarini tanqid qilgan holda Pekin Argentinadagi Katta Yigirmalik sammitidan beri ba’zi masalalarda yon berganini ta’kidlaydi.
“Xitoy AQShdan ko’proq soya sotib olishga va’da berdi va, hatto, ikki marta shunday qildi ham. Pekin, shuningdek, Xitoydagi Amerika korporatsiyalariga sarmoya imkoniyatlarini oshirishga so’z berdi. Har gal savdo bobida Xitoy bilan tortishganimizda, zararini nafaqat Xitoy, balki AQSh ham ko’radi”, - deydi Jimmi Karter.
Biroq Xitoy bo’yicha ekspert Kristofer Jonsonning aytishicha, Prezident Tramp Trans-Tinch okeani hamkorlik shartnomasidan chiqib, xato qilgan.
“Xitoy bilan ikki tomonlama, iqtisodiy va savdo aloqalarimizdagi ko’plab muammolarni ana shu tashkilot doirasida hal qilsak bo’lardi. Ayniqsa davlat tasarrufidagi kompaniyalarga subsidiyalar berish, intellektual mulkni himoya qilishga doir masalalarni. Trans-Tinch okeani hamkorlik bitimiga bir guruh mamlakatlar a’zo bo’lgani uchun kelishish osonroq, chunki davlatlar Xitoyga ayni shikoyat bilan guruh bo’lib yondashsa, Pekin til topishishga majbur”, - deydi Vashingtondagi Strategik va xalqaro izlanishlar markazi eksperti.
AQSh-Xitoy aloqalarini yaqin kelajakda nimalar kutmoqda?
“Munosabatlar qisqa muddatda qanday bo’lishidan xavotirdaman. Strategik aloqalar zarar ko’rishi aniq. Anchadan beri bunchalik yomon bo’lmagan edi. Hozirgi iqtisodiy va savdo ziddiyatlari kattaroq muammodan darakdir. Bu ikki yirik mamlakat til topishib ketarmikan?” - deya so’raydi Jonson.
Mutaxassisning aytishicha, Qo’shma Shtatlar Shimoliy Koreyani yadro dasturidan voz kechishga undashida Xitoy bilan aloqalarni yaxshilashi o’ta muhim.
Facebook Forum