Xitoy 50 milliard dollarlik AQSh mahsulotlariga qo'shimcha import tariflarini joriy etdi. Bu AQSh qaroriga javoban amalga oshirilgani aytilmoqda.
Soya, samolyot va avtomobil kabi 106 AQSh tovariga 25 foizgacha import boji qo'yildi.
Xitoyning bu qarori AQSh tarif joriy qilinadigan Xitoy mahsulotlari ro'yxatini e'lon qilishidan 11 soat o'tib-o'tmasdan e'lon qilindi. Xitoy Savdo vazirligining aytishicha, yangi tartibning kuchga kirish muddati AQShda tariflarning qachon amalga tatbiq etilishiga bog'liq.
AQSh Prezidenti Donald Tramp bir oz avval 50 milliard dollarlik Xitoy mahsulotlaridan qo'shimcha boj undirilishini e'lon qilgan edi. Yangi tarifga tortilgan tovarlar orasida havo sanoati mollari, tibbiyot va axborot texnologiyalari bor.
Ro'yxat may oyi oxirigacha jamoatchilik muhokamasida bo'lishi kutilyapti.
Trampga ko'ra, Xitoy AQShning intellektual mulklarini o'g'irlab, mamlakat iqtisodiyotiga katta zarar yetkazmoqda. Pekin bu ayblovlarni inkor qiladi.
Xitoyning Savdo vaziri o'rinbosari Van Shouvenning aytishicha, Pekin savdo kelishmovchiligini o'zaro muloqot orqali hal qilish tarafdori. Agar AQSh jangni davom ettirsa, Xitoy ham shunga mos javob qaytaradi, dedi u.
Xitoy nishonga olayotgan ko'plab tovarlar, xususan, paxta, muzlatilgan mol go'shti, soya va boshqa qishloq xo'jaligi mollari 2016-yilgi saylovda Trampga ovoz bergan Ayova va Texas kabi shtatlarda ishlab chiqariladi.
Kuzatuvchilarning ogohlantirishicha, agar boshqa mamlakatlar ham tariflarni oshirishga tushsa, global iqtisodiy o'sish yana orqaga ketadi.
Prezident Donald Tramp Xitoy bilan savdo urushi boshlayotgani haqidagi iddaolarni inkor etdi.
"Biz Xitoy bilan savdo urushida emasmiz. Bir necha yil oldin AQSh nomidan ishlagan no'noq va noqobil odamlar bu urushni allaqachon boy berib bo'lgan. Hozir har yili 500 milliard dollarlik savdo defitsitiga egamiz. Intellektual o'g'irlikni qo'shsak, yana 300 milliard. Buning shunday davom etishiga yo'l qo'ya olmaymiz", - dedi u.
AQSh hukumati e'lon qilgan raqamlarga ko'ra, Xitoy bilan savdo kamomadi 500 milliard emas, balki aslida 375 milliard dollardir.
Facebook Forum