Kongressda janubiy chegaradagi muhojirlar muammosi muhokamada

  • Amerika Ovozi

Markaziy amerikalik muhojirlar AQSh-Meksika chegarasiga yetib olish uchun yuk poyezdida ketmoqda, Istepek, Meksika, 12-iyul, 2014-yil.

Markaziy amerikalik muhojirlar AQSh-Meksika chegarasiga yetib olish uchun yuk poyezdida ketmoqda, Istepek, Meksika, 12-iyul, 2014-yil.

AQShning janubiy chegarasida yuzaga kelgan inqirozni bir yoqli qilish bo’yicha Kongressda yakdillik kuchayib bormoqda. Senatda davom etayotgan muhokamada noqonuniy muhojir bolalar oqimini to’xtatish yuzasidan bir to’xtamga kelingan, ammo buni qanday amalga oshirish yuzasidan hanuz kelishmovchiliklar bor.

Kongressda ikki partiya vakillarining kelishib ishlashi hollari kam uchraydi. Meksika bilan 3200 kilometrli chegaradan kirib kelgan o’n minglab hujjatsiz bolalar ishini tez ko’rib chiqish uchun prezident Barak Obama Kongressdan salkam 4 milliard dollar so'ramoqda.

Vakillar palatasini nazorat qiluvchi respublikachilar Senatdan kelgan qonun loyihalarini to’sib qo’yish qudratiga ega. Ammo Senatning yetakchi respublikachilaridan Chak Greslining aytishicha, bu safar respublikachilar ham muammoning tez bartaraf etilishini istamoqda.

“Shunday bo’ladi deb umid qilaman, chunki gumanitar vaziyat juda og’ir”, - deydi u.

Demokrat senator Tom Karper ham Greslining fikrlariga qo’shiladi.

“Avgustda tanaffusga chiqishdan oldin biror chora ko’rishimiz kerak”, - deydi u.

2008-yil, Jorj Bush davrida, qabul qilingan qonun bugungi kun talablariga javob bermaydi, deydi senatorlar. Unga ko’ra, chegarani noqonuniy kesib o’tgan bolalar, ishi sudda ko’rib chiqilmaguncha, deportatsiya qilinishi mumkin emas. Bunday bolalarning soni esa juda ko’p.

“2008-yilgi qonun Xitoy kabi davlatlardan bu yerga jinsiy qullik uchun olib kelingan bolalarni ortga qaytarib yubormaslik maqsadida qabul qilingan edi. Gonduras, Gvatemala va Salvadordan kelayotgan muhojirlar esa, AQShga kirib oldingmi, shu yerda qolishing mumkin, deb tushunyapti”, - deydi senator Grexem.

Yangi taqdim etilayotgan qonun loyihasiga ko’ra, muhojirlarga sudda o’zini himoya qilish uchun beriladigan vaqt qisqartirilishi mumkin. Demokrat senator Robert Menendezga ko’ra, bu narsa asosli sabablarga ega haqiqiy qochoqlar ishiga salbiy ta’sir ko’rsatishi mumkin.

“Otangiz ko’z oldingizda o’ldirilganini 72 soat ichida isbotlab bera olmaysiz. Jinoiy to’dalar, yo bizga qo’shilasan yoki o’lasan, degan bo’lsa, bunga qanday dalil keltirish mumkin? Hujjatlar, guvohnoma va boshqa ma’lumotlarni topish uchun vaqt kerak”, - deydi u.

Ajratiladigan mablag’ni qanday sarflash masalasida ham kelishmovchilik bor. Senator Grexem pulning gumanitar ehtiyojlar uchun ishlatilishi tarafdori ekanini, ammo umumiy siyosat bo’yicha mavjud e’tirozlar to’liq o’rganib chiqilmaguncha, qonunga ovoz bermasligini aytadi.

Senator Karper esa Markaziy Amerikada zo’ravonlik va qashshoqlik tugatilmaguncha, AQSh ko’rayotgan bu choralardan naf yo’q, degan fikrda.

“Nega ota-onalar 8, 9, 10 yoshli farzandlarini olisdagi davlatga jo’natishga rozi bo’lmoqda? Sabab shuki, Gondurasdagi bunday oilalarning aksariyati do’zaxda yashayotgandek umr kechiradi. Ular shu yo’lni afzal deb bilishyapti”, - deydi senator.

Hozircha Obama ma’muriyati bu bolalarning AQShda qolish huquqiga ega bo’lishi ehtimoli juda kam ekanini ta’kidlamoqda. Janubiy Amerika ahlining bundan to’g’ri xulosa chiqarishlari umid qilinmoqda. Tanqidchilar muammoda qisman Obamani aybdor deb biladi. Ularga ko’ra, immigratsiya tizimini farmon chiqarish orqali isloh qilishi mumkinligi haqida Obamaning aytgan gaplari noqonuniy muhojirlar sonining oshishiga hissa qo’shmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG