G'arbiy Afrikaga borayotgan zobitlar maxsus tayyorgarlikdan o'tadi

  • Amerika Ovozi

Fort Kempbel bazasida Ebolaga qarshi tayyorgarlikdan o'tayotgan AQSh askarlari

Fort Kempbel bazasida Ebolaga qarshi tayyorgarlikdan o'tayotgan AQSh askarlari

AQSh Ebolaga qarshi kurashda yordamlashish uchun G'arbiy Afrikaga 2200 harbiy mutaxassis jo'natgan. Ularning qariyb yarmi Kentuki shtatidagi Fort Kempbel bazasidan. Safarbar etilishdan oldin bu zobitlar maxsus tayyorgarlikdan o'tadi

Ebolaga qarshi kurash shu yerda boshlanadi. Fort Kempbel bazasidan G'arbiy Afrikaga 1000 dan ortiq askar ketdi.

Kasallikdan qanday himoyalanish bo'yicha maxsus trening o'tmoqda. Ayrim askarlar kelasi kunlar ichida Liberiyaga jo'nash arafasida.

"Xavotirdaman deb aytsam to'g'ri bo'lmaydi. Yangi narsalarni ko'rish va tajriba orttirish imkoniyati borligidan xursandman. Bu safarning Afg'oniston yoki boshqa joylardagi missiyalardan farq qilishini tushunaman", - deydi askarlardan biri.

Ko'plab zobitlar Ebolaga qarshi kurash markazlarini qurishda yordam beradi. Alvaro Kalvilo kabi shifokorlar esa sog'liqni saqlash xodimlarini tayyorgarlikdan o'tkazishga ko'maklashadi.

"Hammasi joyida. Bu bilan bemalol dorilarni bera olaman", - deydi Kalvilo ustiga kiyilgan himoya kiyimiga ishora qilib.

AQSh Mudofaa vaziri Chak Xeygl bazaga kelib, safarga tayyorlanayotgan askarlar bilan ko'rishdi. Uning aytishicha, AQSh harbiylari Ebolaga qarshi kurashda juda muhim vazifani amalga oshirmoqda.

"Shu paytgacha sizlar qilgan bu ishlar katta, ha, juda katta ta'sir kuchiga ega", - dedi Xeygl.

Askarlar Ebola yuqtirgan bemorlar bilan to'g'ridan to'g'ri yuzlashmasa ham, har ehtimolga qarshi, ularning har biri xavf bilan yuzlashishga tayyor turishi shart. Safar nihoyasida ular 21 kunlik karantinda o'tiradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG