Breaking News

AQSh Suriyada Eronga tegishli obyektlarni o'qqa tutdi


AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin
AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin

AQSh kuchlari Suriya sharqida ikki obyektni o'qqa tutgan. Ular Eronning Islomiy inqilobiy gvardiyasiga tegishli deb ko'rilgan qo'rg'onlar, Tehron quvvatlaydigan jangarilar joylashgan maskanlar.

Amerika ularni havodan nishonga olganini Mudofaa vaziri Lloyd Ostin tasdiqladi.

“Iroq va Suriyadagi harbiylarimizga qilingan muvaffaqiyatsiz xurujlarga shunday javob berdik. O'zimizni himoya qilishga mahburmiz. Bizning kuchlarimizga Eron homiyligidagi jangarilar 17-oktabrdan beri hamla qilayotgan edi", - deydi Ostin.

Prezident Jo Bayden kuni kecha Eronni bu haqda ogohlantirib, AQSh urush istamasligini, uning qo'shinlariga tegish keskin oqibatlarga yetaklashi mumkinligini aytgan edi.

"Prezident uchun eng muhim vazifa - askarlarimiz himoya qilish, davlat xavfsizligi va manfaatlarini ko'zlab, qarorlar qilish", - deydi Ostin.

F-16 rusumidagi ilg'or jangchi samolyotlar Suriyaning Abu Kamol hududiga safarbar etilib, jangarilarning qurol-aslaha ombori va boshqa joylarni yo'q qilgan. Qancha odam o'ldirilgani haqida ma'lum qilinmagan.

Ostin deydiki, nishon bag'oyat o'tkir va aniq bo'lib, atrofga zarar keltirilmagan.

Amerika rasmiylariga ko'ra, o'tgan 10 kun ichida Suriya va Iroqdagi qo'shinlar kamida 17 hamlaga uchragan. Jumladan, Irbildagi al-Harir bazasiga bir dron tushgan, lekin portlamagan. Oradan sal o'tib, yana bir dron otilgan, portlagan, ammo ziyon keltirmagan.

Suriyadagi al-Shaddadiy bazasi ham shunday hujumlarga uchragan.

Pentagon so'zlovchisi general Pet Rayder deydiki, bu hujumlar aynan Eronga tayanadigan jangarilar ishi ekanini isbotlovchi dalillar bor.

Vashingtonga ko'ra, Suriyadagi so'nggi harbiy choralar Isroil bilan bog'liq emas.

Iroq va Suriyda jangarilarning xurujlaridan 21 amerikalik jarohatlangan, o'lganlar yo'q.

Biroq Iroqdagi al-Asad havo bazasi tahlika ostida deya e'lon qilingan paytda bir yollanma zobit yurak xurujidan vafot etgan.

Shu kunlarda AQSh Yaqin Sharqdagi askarlari sonini 900 nafarga oshirgan, hammasi maxsus tayyorlangan kuchlar.

Pentagon mintaqadagi bo'linmalarning bir qismini shay holatda saylamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG