Breaking News

AQSh Nigerdan qo’shinlarini olib chiqish haqida muzokara olib bormoqda


Nigerda hokimiyatni o’tgan yili davlat to’ntarishi natijasida qo’lga olgan harbiy xunta AQSh bilan xavfsizlik haqidagi kelishuvni bekor qilishi ketidan Qo’shma Shtatlar Afrikadagi bu mamlakatdan qo’shinlarini olib chiqish bobida muzokara olib bormoqda.

Xalqaro hayot - 30-aprel, 2024-yil - Netanyaxuga bosim, Nigerdan haydalish, "Microsoft" sarmoyasi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:19 0:00

Bundan ikki hafta oldin Niger poytaxti Niameyga rossiyalik harbiylar borgan. Niger “Islomiy davlat” va al-Qoidaga aloqador jangarilarga qarshi kurashda Rossiya madadiga tayanmoqda.

Qo’shni Burkina-Faso, Mali hamda Niger mamlakatdan G’arb, xususan fransuz askarlarini haydadi.

“Mali Fransiyani haydab, Rossiyani taklif etdi. Ammo bu suverenitet nishonasi emas. Aksincha suverenitetni endi boshqalarga topshiryapmiz. Rossiya xavfsizlik bobida katta yordam beradi deb o’ylamayman”, - deydi Senegalda asoslangan Timbuktu tahlil instituti mutaxassisi Bakari Sambe.

AQShning Viskonsin shtatida joylashgan ACLED nodavlat tashkiloti mojarolar haqida ma’lumot to’plab tahlil qiladi. Markazga ko’ra, 2021-yil dekabrida Maliga rus qo’shinlari kirganidan keyin ham qonli zo’ravonliklar kuchaya borgan, 2022-yilga qaraganda ikki baravardan ko’p odam mojaroda nobud bo’lgan.

Fransuz qo’shinlari Burkina-Fasoni tark etgan 2023-yilda ham bu mamlakatda mojarodan o’lganlar soni ikki karra oshgani aytiladi. Rus askarlari Burkina-Fasoga 2024-yil yanvarida kirgan.

Shunga qaramasdan, Afrikaning Sahel mintaqasida so’nggi yillarda G’arbga va ayniqsa sobiq mustamlaka Fransiyaga qarshi kayfiyatlar kuchaygan.

"G’arb qo’shinlarining 10 yillik faoliyati davomida zo’ravonliklarga barham berilmaganidan hosil bo’lgan munosabat bu”, - deydi Janubiy Afrikada asoslangan Xavfsizlikni o’rganish institutidan Hasan Kone.

Mahalliy aholi orasida G’arb askarlarining jangarilar bilan tili bir degan tushuncha mavjud. Ba’zilar bunga Rossiyaning dezinformatsiya kampaniyasi sabab ekanini aytadi.

Matbuotda AQSh qo’shinlarining chiqarilishi Rossiyaning geosiyosiy g’alabasi deya ta’riflanmoqda. Biroq Hasan Kone Niger o’z hamkorlarini tanlash huquqiga ega ekanini aytadi.

“Buni Rossiyaning g’alabasi deb bilmayman. Buni biroz sodda talqin deb ko’raman. Chunki Niger suveren mamlakat”, - deydi u.

AQSh harbiylari Nigerni qachon tark etishi hozircha ma’lum emas. O’tgan hafta Pentagon rasmiylaridan biri oz sonli harbiylar qolishi mumkinligiga ishora qildi. Niger hukumati bilan bu haqda muzokaralar davom etmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG