Uchinchi debat tashqi siyosat haqida bo'ladi

  • Amerika Ovozi

Ozod Suriya armiyasi jangchisi Halabdagi to'qnashuvda jarohat olgan bolani ovutmoqda. 11-oktabr.

Ozod Suriya armiyasi jangchisi Halabdagi to'qnashuvda jarohat olgan bolani ovutmoqda. 11-oktabr.

So’nggi ijtimoiy so’rov natijalariga ko’ra, AQShda prezidentlikka da’vogar demokrat Barak Obama va respublikachi Mitt Romnining reytingi deyarli teng.

Millionlab fuqarolar kelasi oy bo’lg’usi rahbarga ovoz berishi oldidan ikkisi bugun uchinchi va so’nggi televizion debatda kuch sinashadi.


“NBC News” kanali va “Wall Street Journal” nashri birga o’tkazgan so’rovdan ayonki, Barak Obama va Mitt Romnini yoqlovchilar soni bir xil – 47 foiz.

Florida shtatining Linn Universitetida bugungi 90 daqiqalik debatda faqat tashqi siyosat ko’riladi va uni “CBS News” kanali muxbiri Bob Sheffer boshqaradi.

Ayniqsa, Liviyada Amerika konsulligiga uyushtirilgan hujum va to’rt diplomatning o’lgani, Suriyada fuqarolik urushi va Eron yadroviy izlanishlari haqida qattiq bahs ketishi kutilmoqda.

Prezident Obama Iroqdagi harbiy kampaniyani tugatdik, Afg’onistondan qo’shinlarni sekin-asta olib chiqayapmiz, Osama bin Ladenni yo’q qilib, al-Qoida ildiziga bolta urdik, deya yutuqlarini sarhisob qilmoqda.

Masachusets shtati sobiq gubernatori Romni nazarida demokrat raqibining Yaqin Sharqdagi siyosati “chatoq”.

Uning tanbehi shuki, Liviyaning Bing’ozi shahrida Amerika vakolatxonasi puxta mudofaa qilinmagan, Eron yadroviy tadqiqotlar yo’lidan qaytarilmadi va ittifoqchi davlat Isroilga yetarli e’tibor qaratilmayapti.

Lekin, deydi ayrim tahlilchilar, Romnining tashqi siyosati Obamaning yondashuvidan nimasi bilan farq qilishi hamon noaniq.

Vashingtondagi Jons Xopkins Universiteti olimi Daniel Server:

“Romni Oq uyni Iroq, Afg’oniston va Eron masalasida tanqid qila turib o’zi doim ham konkret takliflar bera olmayapti. Chunki bu muammolarni hal qilishning boshqa yo’llarini topish mushkul”.

AQShdagi Brukings tahlil instituti olimi Shadi Hamid arab bahoridan keyingi dunyo va Yaqin Sharqda Amerikaning roli haqida to’xtaldi.

“Islomiy kuchlar haqida keskin tanqidlar yangramoqda, holbuki, ular kimlar, nimani xohlashi va nimaga ishonishini hamma tushunmaydi. Diniy guruhlar o’rtasidagi farqni bilmaydi. Bu detallar hali ochiq va atroflicha muhokama qilinmayapti”, - deydi olim.

“CNN” telekanali so’roviga qaraganda, tashqi siyosat bobida Obamani 49 foiz, Romnini 47 foiz fuqarolar qo’llab-quvvatlamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG