Qurolga egalik qilish huquqi Amerikada hamisha bahsli mavzu

  • Amerika Ovozi

Hillari Klinton, prezidentlikka nomzod

Hillari Klinton, prezidentlikka nomzod

Demokratlar partiyasidan prezidentlikka asosiy nomzod Hillari Klinton so’nggi otishmalar ketidan AQShda qurol-aslaha nazoratini kuchaytirishga da’vat etmoqda.

Nyu-Gempshir shtatida saylovchilar bilan uchrashar ekan, sobiq Davlat kotibi agar prezident etib saylansa, qurol sotib olayotganlarni obdon o’rganishni ko’zda tutadigan qonunni ilgari surajagini aytdi.

U, shuningdek, qurol-aslaha ishlab chiqaruvchi va sotuvchi kompaniyalar hamda dilerlarni himoya qiladigan qonunni bekor qilishni va’da qildi. Amaldagi qonun Oregon shtatidagi jamoat kollejida yuz bergan qatliom kabi hollarda qurol sotgan tarafni sudga berish imkonini ko'zda tutmaydi.

“Qurolga egalik qilmasligi kerak odamlar qurolga yetisha olmasligini ta’minlash yo’lida qo’limdan kelgancha harakat qilaman. Chora ko’rilgunicha, bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilgunimizcha qancha odam nobud bo’lishi kerak?” - dedi Klinton.

Uning qurol-aslahaga oid pozitsiyasi respublikachi nomzodlarnikidan keskin farq qiladi.

Respublikachilar Oregonda halok bo’lgan to’qqiz kishi oila a’zolariga taziya izhor etsa-da, qurollar nazoratini kuchaytirishga qarshi. Ular ruhiy kasallar zarur muolajani olishi uchun sharoitni yaxshilash, qatliom uyushtirishi mumkin bo'lgan odamlarni vaqtida aniqlash kerak, degan fikrda.

Qurolga egalik qilish huquqi AQSh Konstitutsiyasida belgilangan. Prezident Barak Obama maktab, cherkov va kinoteatrlardagi ommaviy otishmalarni qoralab, qonunlarni o’zgartirishga harakat qilsa-da, qurol-aslaha ishlab chiqaradigan kompaniyalar va ko’pgina qonunchilar o’zgarish istamaydi.

Klintonning partiyadosh raqibi, Vermont shtatidan senator Berni Sanders ham qonunlar yangilanishi kerak, deydi.

Ammo respublikachi nomzod, milliarder Donald Tramp agar Oregondagi kollejda qurollangan odamlar ko’proq bo’lganida kamroq odam o’lgan bo’lardi, deb hisoblaydi.

“Agar qurollar ko’proq bo’lganida, himoya ham kuchliroq bo’lardi, chunki kerakli odamlar qurollangan bo’lardi”, - deydi Tramp.

Uningcha, ruhiy kasallikka chalingan odamlar tekshiruvlardan o’ta olishi va hech kim tasavvur qilmagan ishlarni qilishi mumkin.

Konstitutsiyaga kiritilgan Ikkinchi o'zgartirishga binoan fuqarolar qurolga egalik qilish va olib yurish huquqiga ega. 200 yillik tarixga ega bu qonun atrofida bahslar tinmaydi.

Oliy Sud 2008-yilda masalani o’rganib chiqib, qurolni “odatda qonuniy maqsadlarda, masalan o’z uyida o’zini himoya qilish uchun” qo’llash mumkin dega hukm chiqargan.

Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod senator Marko Rubio odamlar o’zini himoya qilsin deydi.

"Jinoyatchilar qonunga qarab o’tirmaydi. Qurol nazorati haqidagi qonunga faqat qonunni hurmat qiladigan odamlar rioya qiladi. Qonunlar qattiqroq bo’lganida bu otishmalar bo’lmasdi, deyish uchun dalil yo’q,” – dedi u.

Yana bir nomzod, neyrojarroh Ben Karson “aqldan ozganlar qonunga baribir rioya qilmaydi”, deya mulohaza bildirgan.

Uning partiyadoshi va raqibi Karli Fiorina deydiki, yangi qonunlar qabul qilishdan oldin bor qonunlarni ishga solish kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG