Breaking News

AQSh Adliya vazirligi 13 rossiyalikka qarshi ayblov e'lon qildi


AQSh Adliya vazirligi 2016-yilgi prezidentlik saylovlariga aralashganlik yuzasidan Rossiyaning 13 fuqarosi va va uch kompaniyasiga qarshi ayblov e'lon qildi. Ruslar saylov natijasi Donald Tramp foydasiga hal bo'lishi uchun keng qamrovli kampaniya olib borgan.

Maxsus prokuror Robert Myuller bu masala yuzasidan tergov olib bormoqda. Ana shu tekshiruvning ilk xulosalari e'lon qilindi.

Ayblovga ko'ra, Internet Tadqiqot Agentligi deb nomlangan, Sankt-Peterburgda joylashgan tashkilot 2014-yildayoq AQSh siyosiy tizimiga qarshi operatsiyalar boshlagan. Ayblanuvchilar AQSh fuqarosi qiyofasida ish yuritgani, ijtimoiy tarmoqlarda yuzlab soxta akkauntlar va gruppalar yaratgani, Amerika jamoatchiligi orasida nifoq qo'zg'ash uchun qalbaki ma'lumotlar tarqatgani ma'lum.

Tashkilotning ikki xodimi 2014-yilda AQShga sayohat qilib, Nevada, Kaliforniya, Nyu Meksiko, Kolorado, Illinoys, Michigan, Luiziana, Texas va Nyu-Yorkda "razvedka ma'lumotlari" to'plagan. Hatto ayrim shtatlarda mahalliy faollar bilan til topishib, namoyishlar uyushtirgan.

Internet Tadqiqot Agentligining strategik maqsadi AQSh siyosiy tizimini ostin-ustun qilish, boshqaruv sistemasi va saylovga nisbatan ishonchni yemirish bo'lgan, deyiladi aybnomada.

Ayblanuvchilar bu ish Rossiyadan olib borilayotganini yashirish uchun AQShdagi kompyuter tizimlaridan foydalangan. Twitter, Facebook va Instragram tarmoqlarida Donald Trampni qollab-quvvatlaydigan, Hillari Klintonni yerga uradigan siyosiy reklamalar yaratilgan.

Masalan, reklamalardan birida shunday deyilgan: "Klinton - shayton, uning jinoyat va yolg'onlari uning yovuzligini isbotlab turibdi".

Tergovchilarga ko'ra, yuqorida tilga olingan tashkilot internetdagi postlar Amerika auditoriyasiga qanchalik ta'sir ko'rsatayotganini sistematik ravishda kuzatib, strategiyani charxlab borgan.

Matbuot anjumanida AQSh Adliya vaziri muovini Rossiyaning xatti-harakatlarini Amerikaga qarshi "informatsion urush" deb ta'rifladi. Lekin, deydi u, bu kampaniya 2016-yilgi saylov natijasini o'zgartirmagan.

Maxsus prokuror Robert Myuller olib borayotgan tergov davom etmoqda. Prezident Tramp saylov kampaniyasi davrida Rossiya bilan aloqada bo'lmaganini, tergov behuda ekanini aytib kelmoqda.

AQShga qarshi fitnada ayblanayotgan Rossiya fuqarolari:

  • Yevgeniy Viktorovich Prigojin
  • Mixail Ivanovich Bystrov
  • Mixail Leonidovich Burchik
  • Aleksandra Yuryevna Krylova
  • Anna Vladislavovna Bogacheva
  • Sergey Pavlovich Polozov
  • Maria Anatolyevna Bovda (Maria Anatolyevna Belyaeva)
  • Robert Sergeyevich Bovda
  • Jayxun Nasimi O'g'li Aslanov
  • Vadim Vladimirovich Podkopayev
  • Gleb Igorevich Vasilchenko
  • Irina Viktorovna Kaverzina
  • Vladimir Venkov

Fitnada ayblanayotgan Rossiya kompaniyalari:

  • Internet Tadqiqot Agentligi (boshqa nomlari: Mediasintez, Glavset, Miksinfo Azimut va Novinfo)
  • Konkond Menejment va Konsalting
  • Konkord Keytering
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG