AQSh Prezidenti Donald Tramp Suriyadan qo’shinlarni chiqarishi mumkinligiga ishora qilganidan so’ng ba’zi rasmiylar va tahlilchilar bunga hali erta, demoqda. Amerika qo’shinlari kurd jangchilari yordamida “Islomiy davlat” jangari to’dasini ko’p hududlardan siqib chiqargan, Turkiya esa Suriya shimolida kurdlarni nishonga olmoqda. Anqara kurd jangchilarini mustaqil Kurdistonni yaratish uchun kurashayotgan Kurdiston ischilar partiyasiga aloqador deb biladi. Turkiya, AQSh va Yevropa davlatlari guruhni terrorchilar ro’yxatiga qo’shgan. Oq uyning bildirishicha, “Islomiy davlat” tahdidi bartaraf etilishi bilan hokimiyat mahalliy kuchlarga topshiriladi, biroq buning qachon bo’lishi hozircha noma’lum.
Ayni damda Suriyada AQShning salkam 2000 askari bor. Aksariyati shimoldagi Manbij shahri atrofida to’plangan. Hudud “Islomiy davlat” tomonidan tortib olingan edi. Prezident Tramp amerikalik askarlarni vataniga qaytarish vaqti keldi deb yaqinda aytgan edi, ammo AQSh va mahalliy qo’mondonlar bunga hali erta, deydi.
“Yerlarimizni Daishdan ozod qildik. Ozod etilgan hududlarda yashovchi aholi bilan ittifoqchi va do’st bo’ldik. AQSh Davlat departamenti, Pentagon, shu yerdagi askarlar, qo’mondonlar Manbijda qolamiz, deyishyapti”, - deydi Manbij harbiy kengashi a’zosi Muhammad Abu Odil.
Yaqinda AQShning Manbijdagi qo’shinlari turk askarlari tarafida jang qilayotgan kuchlar va AQSh qo’llab-quvvatlayotgan qismlarni ajratib turuvchi front chizig’iga yaqin strategik tepalikda harbiy post o’rnatgan.
“Yaqingacha bu yerda faqat patrul bo’lardi. Hozir post o’rnatilib, yaxshi bo’ldi. Bu Turkiya yoki hududdagi yollanma kuchlar hujumlaridan himoyalanish uchun muhimdir”, - deydi manbijlik qo’mondonlardan biri Ali Manbij.
Oq uy qo’shinlarni Suriyadan chiqaramiz, dedi, ammo matbuot kotibi buning uchun kun belgilanmaganini aytdi.
“Hokimiyat va xavfsizlikni mahalliy kucharga topshirmoqchimiz, biroq buning uchun “Islomiy davlat” qayta paydo bo’lmasligini, erishilgan yutuqlar boy berilmasligini ta’minlash lozim”, - deydi Sara Xakkabi Sanders.
Ayrim tahlilchilarning aytishicha, Daish bir paytlar nazorat etgan hududlarni boy bergan bo’lsa-da, Suriyani butunlay tark etgani yo’q hali.
“Trampning oldingi va hozirgi maslahatchilari qo’shinlarni Suriyadan hozir chiqarish AQSh manfaatlariga zarar qilishini aytib kelgan. Chunki shunda Rossiya va Eron Damashqdagi rejimni yanada kuchaytiradi. Turkiya ham Afrin, Tal Rifaat va boshqa hududlarga intervensiyasini davom ettiradi”, - deydi Vashingtondagi Vilson tahlil markazi eksperti Eymi Ostin Xolms.
Kurdlar AQSh tomonidan ittifoqchi, Turkiya tomonidan dushman sifatida qabul qilinarkan, bu hol NATOga a’zo ikki ittifoqdosh mamlakat o’rtasidagi aloqalarning taranglashishiga sabab bo’ldi.
Facebook Forum