Ukrainada hibsda saqlanayotgan jurnalist Narzullo Oxunjonov ustidan belgilangan apellyatsiya sudi qodiriligan. Salomatligi yomonlashgan jurnalistning o'zi esa hibsxonada tibbiy operatsiyaga muhtoj.
O'zbekiston hozircha Oxunjonovni mamlakatga topshirish arizasi bilan Ukrainaga murojaat qilmagan. Interpol qidiruviga berilgan jurnalist Kiyevda 20-sentabr kuni hibsga olingan edi. Oxunjonovning turmush o'rtog'i Shamsiya Xudoynazarova u bilan hibsxonada ko'rishib, erining zudlik bilan tibbiy operatsiyaga muhtojligini aytmoqda.
O'zbekiston tomonidan qidiruvga berilgani uchun Ukrainada ushlangan Narzullo Oxunjonov ishi yuzasidan 9-oktabrga belgilangan apellyatsiya mahkamasi sud jinoiy ish materiallari bilan tanishishga ulgurmagani sababli 19-oktabrga qoldirildi.
25-sentabr kungi mahkamada uni 40 kunlik hibsda ushlab turish haqida qaror qilingan edi.
Mahkamaning qoldirilishi jurnalistning ahvolini yanada og'irlashtirishi mumkin. Xotini uning salomatligi yuzasidan jiddiy tashvishda.
“Mana bugun beshta farzandim bilan kelib o'tiribmiz, apellyatsiya sudi bo'lishi kerak edi, sudni boshqa kunga qoldirishdi. Men juma kuni turmush o'rtog'im bilan uchrashdim, azaldan turmush o'rtog'im katarakta (ko'z qorachig'ining o'simta bilan qoplanishi) bilan og'rigan edi, hali biz vatandaligimizda uning operatsiyaga muhtojligi aytilgan edi. Ammo muhojiratdagi qiyinchiliklar bois operatsiya qildirishga imkon bo'lmadi. Shundoq ham turmush o'rtog'imning ko'rish qobiliyati kundan-kun qisqarib borayotgan edi. Ammo so'nggi voqealar bilan bog'liq stresslar unga keskin ta'sir qilgan. Uchraganimizda bir ko'zim ko'rishdan mutlaqo to'xtadi, ikkinchisi bilan esa juda xira ko'ryapman, dedi. Men turmush o'rtog'imning salomatligidan juda xavotirdaman, ko'rishi yomonlashib boryapti, uning ko'zi zudlik bilan operatsiya qilinishi kerak”, - deydi Shamsiya Xudoynazarova.
Advokat Aleksey Fedorovga ko'ra, O'zbekiston Narzullo Oxunjonovni ekstradisiya qilishni so'rab, Ukraina prokuraturasiga murojaat qilmagan. 23-oktabr kuni sud tomonidan belgilangan 40 kunlik hibs muhlati tugaydi. Agar shungacha O'zbekiston huquq-tartibot organlari Ukrainaga ariza jo'natmasa, Oxunjonov ozodlikka chiqarilishi kerak.
Bir nechta inson huquqlari tashkilotlari, jumladan Jurnalistlarni himoya qilish xalqaro qo'mitasi va Chegara bilmas muxbirlar uni O'zbekistonga topshirmaslik va ozodlikka chiqarish lozimligi haqida bayonot bilan chiqishdi.
Chegara bilmas muxbirlar tashkilotining bu boradagi murojaati Interpol xizmati rahbariyatiga ham qaratilgan. Unda siyosiy tazyiqqa tushgan jurnalistlarni, siyosiy faollarni qidiruv ro'yxatidan chiqarib tashlash talab qilinadi.
O'zbekiston teleradiokampaniyasining sobiq muharriri bo'lgan Narzullo Oxunjonov huquq-tartibot idoralari tomonidan 2009-yilda tovlamachilikda ayblangan. 2013-yilda jinoiy ish ochilgan, 2014 yilda esa u qidiruvga berilgan. Jurnalist 2017-yil 20-sentabr kuni besh farzandi bilan Turkiyadan Kiyevga uchib kelgan paytda qo'lga olindi.
Narzullo Oxunjonov O'zbekistonda unga nisbatan tazyiqlar boshlangandan so'ng Turkiyaga chiqib ketishga majbur bo'lgan edi. U yerdan O'zbekiston televideniyesi boshqaruviga doir bir qator tanqidiy maqolalarini e’lon qildi. O'zbekistonda u teleradiokampaniya rahbariyatiga qarshi norozilik uyushtirgan jurnalistlarni qo'llagani uchun ham ta’qibga olingan edi.
Oxunjonov besh farzandi va turmush o'rtog'i Shamsiya Xudoynazarova bilan Kiyevda qolmoqda. Ular boshpana berishni so'rab, Ukraina hukumatiga murojaat qilishgan.
Facebook Forum