So’xda shu yilning may oyi oxirida kuzatilgan to’qnashuvlarga doir yaqinda ro’y bergan hibslar jamoatchilik diqqatini yana So’xdagi vaziyatga qaratdi.
Avvalroq hokimiyat vakiliga nisbatan kuch ishlatish aybi bilan bir guruh so’xliklar hibsga olingani, ayrimlariga jinoyat ishi ochilgani ma’lum qilingan edi.
Keyinroq hibsga olinganlar safida So’xda O’zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov bilan o’tgan uchrashuvda so’zga chiqib, viloyat hokimi Shuhrat G’aniyevni lavozimidan ozod qilish taklifini bergan bloger Haydarjon Bobohaydarov borligi aniqlandi.
Jamoatchilikda blogerning hibsga olinishi uning aynan shu chiqishi bilan bog’liq ekanligi haqidagi mulohazalar kuchayar ekan, bloger 2-sentabr kuni ozodlikka chiqarildi.
Prokuraturaning xabarida jinoyat ishiga gumondor sifatida jalb qilingan bloger Bobohaydarov ushlab turish yetarli asos bo’lmagani sababli ozodlikka chiqarilgani qayd etiladi. Bobohaydarov bilan birga yana bir so’xlik Dilmurod Mahbubov ham ozod qilingan.
Ayni paytda So’xdagi to’qnashuvlar paytida Farg’ona viloyati hokimi Shuhrat Ga’niyevga nisbatan kuch ishlatishda ayblanib, 6 nafar so’xlikka nisbatan jinoyat ishi ochilgani rasman tasdiqlangan. To’qnashuv yuzasidan qancha odam hibsda ekanligi borasida aniq ma’lumotlar yo’q.
O’zbekistonning anklav hududi hisoblangan So’x muammosi azaldan mavjud. Kirib-chiqish cheklangan bu tumandagi vaziyat hamisha og’ir bo’lgan.
So’xdagi vaziyat bilan bevosita tanish bo’lgan farg’onalik bloger Dima Qayum bilan mamlakatda navbatdagi blogerning hibsga olinishi sabablari, umuman, hukumat So’xdagi vaziyat barqarorlashishi uchun nimalar qilishi lozimligi yuzasidan suhbatlashdik.
Facebook Forum