Ilk bor O’zbekiston Senatining yalpi majlisi jamoatchilik tomonidan e’tirof etilmoqda. Senatning yangi rahbari Tanzila Norboyeva raisligidagi yalpi majlisda qator muhim bayonotlar yangragan.
Norboyeva senatorlarni mujmal qonunlarni ma'qullamaslikka chaqirgan bo’lsa, rais o’rinbosari Sodiq Safoyev uzoq yillar milliy iftixor sifatida talqin qilingan taraqqiyotning o’zbekcha modelini inkor qilgan. Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov esa O’zbekistonning Afg’onistonga doir manfaatlari haqida so'zlagan.
23-24 avgust kunlari o’tgan O’zbekiston Oliy Majlisi Senatining navbatdagi yalpi majlisi dastlabki ish kunidayoq uning jonli namoyish etilishi bilan jamoatchilik diqqatini tortdi. Yalpi majlisning efirga jonli uzatilishi hali mustaqil O’zbekiston tarixida kuzatilmagan voqelik sifatida baholanmoqda.
15 ta qonun ma'qullangan, Ichki va Tashqi ishlar vazirliklari, Turizmni rivojlantirish davlat qo’mitasi hisoboti ham tinglangan majlis nafaqat qonunlar muhokamasi, balki hisobot davomidagi bayonotlar bilan diqqatli ko’rinadi.
Hukumat idoralarining bir qadar ochiqlik kasb etgan bu bayonotlari, uzoq yillar o’zbek amaldorlarining Senatdagi chiqishlari shunchaki rasmiyatchilik uchun qilinishi urfga aylangani inobatga olinsa, mamlakat parlamenti jonlanishga tayyordek taassurot uyg’otadi.
Tanzila Norboyeva o’z raisligidagi dastlabki yalpi majlisni jurnalistlar va blogerlar bilan ochiq suhbat tashkil etishdan boshlagani, majlis ishini jonli efirga uzatish tashabbusi ortida ham uning o’zi turgani nazarda tutilsa, jamoatchilikdagi bu taassurotlar asossiz emasdek ko’rinadi.
Norboyevaning senatorlarni bajarilish mexanizmi tayin bo’lmagan qonunlarni ma’qullamaslikka chaqirishi ham yangi rais mas’uliyatni jiddiy his etayotganidan darakdek.
Senat majlisi nafaqat yangi rais, balki uning birinchi o’rinbosari Sodiq Safoyevning iqtisodiy siyosat va investitsion muhitga doir chiqishi, jumladan sobiq tuzum davrida milliy iftixorga aylangan rivojlanishning “o’zbek modeli”ni inkor etishi bilan ham diqqatlidir.
O’zbekiston iqtisodiyotiga investitsiyalarni jalb qilish mavzusida so'zlagan Safoyevga ko’ra, taraqqiyotning o’zbek modeli mamlakat iqtisodini inqiroz yoqasiga olib kelgan edi, Prezident Mirziyoyev bu borada islohotlar boshladi, sobiq tuzum davrida qo’llangan o’zbek modeli noto’g’ri siyosat bo’lgan.
Safoyev mamlakatda asosiy ish o’rinlari qishloq xo’jaligi sohasiga to’g’ri kelayotganini qoloqlikning birinchi ko’rsatkichi sifatida qayd etgan. Senator millionlab aholining ish izlab tashqariga chiqib ketishi sabablarini ham uzoq yillar iqtisodiy islohotlar o’tkazilmagani bilan bog’lagan.
Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Afg’oniston masalasida, xususan bu mamlakat hukumati va toliblar bilan tobora yaqinlashib borayotgan aloqalar, O’zbekistonning Afg’onistonga doir loyihalarini izohlagan.
Unga ko’ra, ko’pchilikni hayratda qoldirayotgan Afg’onistonga doir loyihalar va aloqalar kelajakni o’ylab amalga oshirilmoqda. Komilov deydiki, Toshkent afg’on hukumati va Tolibon bilan muloqot o’rnatgan, bu mamlakatda baribir tinchlik o’rnatiladi, Afg’oniston bozori esa O’zbekiston uchun o’ta muhim, shu jumladan O’zbekiston bilan ishlashga tayyor afg’on investorlarini jalb etish ham.
Senat yig'ilishida 15 qonun ma'qullangan, ular orasida gender tenglik, xotin-qizlarni zo’ravonlikdan himoyalashga doir qonunlar ham bor.
Yangi tartibga ko’ra qizlarning nikoh yoshi 17 dan 18 yoshga ko’tarilgan, bu raqam ayollar va erkaklar uchun tenglashtirilgan.
Shuningdek, senatorlar tomonidan ma'qullangan xavfsizlikka doir yangi qonunga ko’ra, prezidentni qo’riqlash DXX vakolatidan 2018-yilda tashkil qilingan Prezident xavfsizlik xizmati vakolatiga o’tkazilgan.
Majlis tashkiliy masalalarni ham ko’rib chiqqan, yaqinlashayotgan parlament saylovlari munosabati bilan Markaziy saylov komissiyasi tarkibiga yangi a’zolar qabul qilingan.
Facebook Forum