Breaking News

Qozog'iston AQShga global jumboqlarni yechishda yordamlashmoqchi


Tramp-Nazarboyev: Bir-birimizni tushunamiz
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:00 0:00

Tramp-Nazarboyev: Bir-birimizni tushunamiz

Qozog'iston rahbari Nursulton Nazarboyev Vashingtonda Prezident Donald Tramp va boshqa rasmiylar bilan uchrashar ekan, uning davlati qator geosiyosiy masalalarni yechishda katta hissa qo'sha olishini qayd etdi. U Amerika bilan iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish uning uchun dolzarb vazifa ekanini aytdi. Bugun AQShning 20 kompaniyasi bilan 7,5 milliard dollarga teng shartnoma imzolangan.

"Shu bilan birga xalqaro maydondagi chigalliklarga barham berishda ham ko'makka hozirmiz", - dedi Nazarboyev.

"Qozog'iston bir paytlar dunyodagi to'rtinchi eng yirik yadroviy arsenalga ega edi. Lekin biz undan ko'ngilli ravishda voz kechganmiz. Shunday ekan, Qozog'istonning yadroviy maqsadga ega davlatlarga maslahat berishga haqqi bor. Eron bilan gaplashayapmiz. Shimoliy Koreya bilan ham gaplashamiz", - dedi respublikaning qariyb 30 yillik rahbari.

Tramp fikricha ham Qozog'iston Pxenyan bilan mojaroli vaziyatdan chiqishda madad ko'rsata oladi. Ayni damda bu davlat BMT Xavfsizlik Kengashi a'zosi va uning raisi. 18-yanvar kuni Nyu-Yorkda katta yig'in kutilmoqda.

Tramp va Nazarboyev yaqindan ishlashga kelishib oldi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:23:06 0:00

Qozog'iston prezidenti Oq uyda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:00 0:00

Atlantika kengashidan Deyvid Merkel deydiki, Oq uy Markaziy Osiyoning geografik joylashuvi bilan bog'liq faktlarni unutmasligi kerak. Qozog'iston, ayniqsa, deydi u, Rossiya va Xitoy bilan tutashgani, Afg'oniston, Pokiston va Eronga yaqin ekani bilan ajralib turadi. Hududiy jihatdan bahaybat mamlakat.

“Afg'oniston Markaziy Osiyo bilan mahkamroq bog'lansin desak, Qozog'iston bilan ishlash kerak", - deydi Merkel.

Pokiston bilan rishtalar sovuqlashar ekan, Afg'onistonga Markaziy Osiyo orqali ham kirish mumkinligini Vashington yaxshi biladi. Bu degani mintaqa bilan yaxshiroq til topishish kerak.

Mustaqillik yillarida, deydi Merkel, Qozog'iston regionda strategik jihatdan eng baquvvat davlatga aylandi. Neftga boyligi bois iqtisodini mustahkamladi. Yoshlariga sifatli bilim berib, ularni ish bilan ta'minladi, deydi mutaxassis.

Lekin hamma ham bu fikrda emas. Qozog'iston diktatura; saylovlar erkin va adolatli emas; siyosiy huquqlar toptaladi; Nazarboyev nima desa, shu bajo keltiriladigan tuzum, deya eslatadi "Ozodlik uyi" (Freedom House), Vashingtonda asoslangan nohukumat tashkilot.

"Human Rights Watch", huquq himoyasi bilan mashg'ul yana bir organga ko'ra esa Qozog'istonda diniy erkinlik, matbuot erkinligi va uyushish erkinligi doimiy ravishda bo'g'iladi. Mustaqil jurnalistlar, siyosiy faollar va blogerlar tazyiq ostida.

Merkel Nazarboyev yakkahokim ekanini tan oladi, lekin u boshqacha yo'l tutish mumkin emas, deya uni himoya qiladi.

“Nazarboyevga xalq ishonadi, unga tayanadi. Uning rahbariyati strategik ish tutib kelayotganini tan olmay iloj yo'q. Mamlakatini oldinga yetaklasa yetakladiki, orqaga ketmadi", - deydi uzoq yillardan beri Ostona bilan apoq-chapoq amerikalik siyosatdon.

Bugungi uchrashuv Trampning Markaziy Osiyo prezidentlari bilan qilgan birinchi yuzma-yuz muloqoti bo'ldi. Nazarboyev bilan u 2017-yilning may oyida Saudiya Arabistonida ko'rishgan edi. Telefonda gaplashgan. O'shanda tanishgan yana bir prezident, O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev ham Vashingtonga kelish niyatida. U ham bu yil safar qilishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG