Breaking News

Fors ko'rfazi davlatlari kelajagi qanchalik barqaror?


Fors ko'rfazi davlatlari yig'inidan, Doxa, Qatar, 9-dekabr, 2014-yil.
Fors ko'rfazi davlatlari yig'inidan, Doxa, Qatar, 9-dekabr, 2014-yil.

2011-yil Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika davlatlari arab bahoridan larzaga kelgan bo'lsa, Fors ko'rfazi mamlakatlarida bu o'zgarishlarning ta'siri uncha sezilmadi. Ammo mintaqa podshohliklari uchun ogohlantiruvchi belgilar yuzaga chiqmoqda. Neft narxining keskin pasayishi hamda davlat va yoshlar o'rtasidagi aloqalarning tobora uzilib borayotgani iqtisodiy jihatdan baquvvat bu yurtlarda ham ijtimoiy silkinishlarni keltirib chiqarishi mumkin, deydi tahlilchilar.

Fors ko'rfazi kelajagi, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:47 0:00

Saudiya Arabistonining Jidda shahrida bir guruh yoshlar kuppa-kunduzi devorlarga graffiti suratlarini chizmoqda. Bu Saudiya Arabistonidek davlat uchun g'ayri odatiy hol.

Politsiya bir necha oy bu yosh shovvozlarni qidirdi. Nihoyat, yanvar oyida rasmiylar muammoga yechim topgandek bo'ldi: graffiti uchun maxsus belgilangan alohida devorlar ajratiladigan bo'ldi.

Suratlarda isyonkorlik ruhi yo'q. Asosan, yangi Qirol Salmonga itoat qilishga chaqiruvchi tasvirlar. Rassom Abdulloh Hasanning umidlari katta.

"Bu ishlarimiz odamlarning va qirolning e'tiboriga tushadi, deb umid qilyapmiz. Alloh uni himoya qilsin. Kelib ishlarimizni ko'radi, degan umiddamiz", - deydi yosh rassom.

Fors ko'rfazida podshohlarga hurmat baland, deydi Qatar universiteti professori Abdulloh Babud.

"Ularni haqiqatan hurmat qilishadi, sevishadi. Lekin qirollik oilalari kutilgan darajada o'zgarmasa yoki islohohotlarga yo'l ochmasa, qiyin muammolarga yuz tutishi aniq", - deydi tadqiqotchi.

Masalan, Bahraynda inson huquqlariga oid ahvoldan norozilik mazhablararo ziddiyatga qo'shilib, ko'cha to'polonlarini keltirib chiqardi. Xavfsizlik kuchlari bu namoyishlarni zo'rlik bilan bostirgan bo'lsa-da, mintaqa davlatlarida yoshlar an'anaviy siyosatga tobora ko'proq shubha bilan qaramoqda, deydi "Chatam uyi" tadqiqot guruhi mutaxassisi Jeyn Kinninmont.

"Demokratiya va dinning roli masalasida qarashlar farqli bo'lsa-da, siyosatda va ijtimoiy hayotda ular faolroq ishtirok etishni xohlamoqda", - deydi u.

Fors ko'rfazi aholisining 60 foizi 30 yoshdan oshmaganlar. Keksa monarxiyalar hamda "Twitter avlodi" o'rtasida uzilish katta, deydi dubaylik jurnalist Abbos Allavatiy.

"Internet bizga ilgari misli ko'rilmagan so'z erkinligidan foydalanish uslubini berdi. Ko'plab mintaqa mamlakatlari yangi voqelik bilan qanday ishlashni bilmayapti", - deydi u.

"Chatam uyi" hisobiga ko'ra, Fors ko'rfazining olti mamlakatidan uchtasi o'z byudjet talablarini bajara olishi uchun bir barrel neft narxi 100 dollardan tushmasligi kerak. So'nggi paytda bu narx qariyb yarmiga kamaygan. Saudiya Arabistonida aholi sonining o'sib borayotgani ham daromad kamayishidan dalolat, deydi tahlilchi Jeyn Kinninmont.

"Yangi qirol hokimiyatga kelishi bilan qo'l urgan ishlardan biri jamoatchilik sektori uchun 32 milliard dollarlik loyihani amalga oshirish bo'ldi. Bu yalpi ichki mahsulotning 5 foiziga teng. Qisqa muddatni ko'zlaydigan iqtisodiy siyosat bu. Hukumat siyosiy muammolarni iqtisodiy siyosat orqali yechishga urinyapti", - deydi u.

Aholi esa ko'proq erkinlik talab qilmoqda. Ayollar avtomobil haydash huquqi uchun kurashayotgan bo'lsa, Raif Badaviy kabi bloggerlar ko'proq siyosiy huquqlar berilishini istayapti.

"Ko'rfaz odamlari inqilob istayotgani yo'q. Ayniqsa, boshqa arab davlatlarida inqiloblar muvaffaqiyatsiz tugagan bir paytda. Ular sekin-asta rivojlanib boradigan va samarali ishlaydigan hukumat tarafdori", - deydi Badaviy.

Kuzatuvchilarga ko'ra, hukumatlar mintaqadagi demografik va iqtisodiy o'zgarishlarga munosib tarzda islohotlar o'tkazmasa, ijtimoiy vaziyat beqarorlashishda davom etadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG