Breaking News

Tojikistonda ikki kunlik avtomarafon


Tojikistondagi taniqli jurnalistlar Zafar Abdulloyev va Gulnora Amirshoyevalar tashabbusi bilan respublika poytaxti Dushanbedan shimoldagi Xo'jand shahriga “Birdamlik yo’li” nomi bilan avtomarafon tashkil etildi. Unda turli regionlardan 130 kishi o'zlarining 30 yengil mashinalarida ishtirok etdi.

Marafonni targ'ib qilishda "Facebook" qo'l keldi. Bu tarmoq bayrog’i va logotipi Tojikiston yoshlari orasida birdamlik va do’stlik aloqasining timsoli sifatida namoyon bo'ldi, deydi tashkilotchilar.

Avtomarafonni “Vecherka” gazetasi, Xalq demokatik partiyasi, “Arjang” madaniyat markazi va “Sozandagoni Vatan” jamoatchilik tashkiloti quvvatladi.

Respublikadagi eng yirik mobil aloqa tarmog’i "Tcell" asosiy homiy, “Faroz” kompaniyasi esa rasmiy sponsor sifatida avtomarafon ishtirokchilariga yonilg’i-moylash materiallari, texnik yordam bilan ko’mak ko’rsatdi.

Tojikistonning shimoliy So’g’d viloyati raisi Qohir Rasulzoda deydiki, marafon ishtirokchilari uchun Xo'jandda barcha sharoit yaratib berildi.

Dushanbedan Xo'jandga baland tog’ dovonlari osha Eron va Xitoy yo’lsozlari qurgan tunellar orqali o’tadigan yagona magistral pullik bo’lib, manzilga yetguncha har bir yengil mashina egasi “IRS Ltd” xususiy kompaniyasi plazalarida 2 somondan jami 12 somon (1 somon tojik puli 21 sent atrofida) pul to’lashlari kerak.

Xususiy kompaniya yosh avtomarafonchilarni o’z plazalaridan tekinga o’tkazdi. Yo’lovchilar orasida pullik yo’l sabab noxush kayfiyat qoldirib kelayotgan kompaniya xodimlari kezi kelganda avtomarafonchilarga baland tog’ dovonlarida buzilib qolgan yengil mashinalar ta’mirini o’z hisoblaridan qilishgani ishtirokchilarda samimiy taassurot qoldirdi.

Mamlakat janubi va shimolini bog’lovchi 300 kilometrga yaqin “Shohrohi Vahdat” (o’zbekcha “Birdamlik shohyo’li”) deb ataluvchu yagona yo’l bir necha yil muqaddam xususiylashtirilib, pullik qilingan. Jumhuriyatdagi taniqli huquqshunoslarga ko’ra, noqonuniy xususiylashtirilgan yo’ldagi soliqlar mamlakat aholisining noroziligiga sabab bo’lib kelmoqda.

Avtomarafonning ba’zi ishtirokchilariga ko’ra, xitoylik mutaxassislar qurgan “Shariston” tunneli eronliklar chala bitirgan “Anzob” tunnelidan birmuncha yaxshi.

Tunnel ichidagi mashinalarning zaharli dudlari va suv bosgan chuqurliklar haydovchi va yo’lovchilar salomatligiga zarar yetkazishi mumkin.

Marafonchilar qiyinchiliklarga qaramay, butun yo’l davomida quvnoq kayfiyatda bo’lishdi. Baland tog’ yo’llarida o’ziga xos sayohat.

Milliy o'zlik va g'ururi baland ba'zi ishtirokchilarning aytishlaricha, avtomarafon uchun reklama ham rus emas, tojik tilida bo'lgani maqsadga muvofiq bo'lardi.

Tashkilotchi jurnalist Zafar Abdulloyev tahlilicha, marafondan maqsad - viloyatlar ahlini bir-biriga yaqinlashtirish, yosh avlodni rag'batlantirish va ular orasida vatanparvarlik ruhini yuksaltirish.
XS
SM
MD
LG