Breaking News

Qrim-tatarlari yetakchisi: Amerika Ukrainani qo'llamasa, keyin o'zi zarar ko'radi


Qrim tatarlari Ukrainaning yaxlit bo’lishi tarafdori. Qo’shma Shtatlar bugun Ukrainani lozim tarzda qo’llamas ekan, ertaga bundan o’zi zarar ko’radi, deydi Qrim-tatarlari yetakchisi Mustafo Jemilov.

Qrim Rossiya harbiylari nazoratida ekan, tatarlar qurolli to’qnashuv ehtimolidan xavotirda. Yarimorolda Rossiyaga moyil kuchlar harbiy garnizonlar, davlat idoralarini ishg’ol qilmoqda. Kiyev inqirozni bartaraf etishda xalqaro hamjamiyat yordamidan umidvor.

Qrim-tatar jamoasi yetakchilaridan Mustafo Jemilov bilan suhbat/Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:20 0:00
Yuklab oling

Mustafo Jemilovning aytishicha, Qrimdagi vaziyat qaltisligicha qolmoqda. Ruslarga xayrixoh kuchlar muxtor o’lkada davlat idoralarini egallab olib, rus askarlari ko’magida turli obyektlar ishg'ol qilinmoqda. To’qnashuv ehtimolidan vahimada yurgan qrim tatarlari hozircha aralashayotgani yo’q. Ammo ular region Ukraina tarkibida qolishi kerak deya, bu maqsadda tadbirlarni rejalayapti.

Ukraina deputati, qrim-tatarlari yetakchisi Mustafo Jemilov bugungi inqirozdan xulosa qilib, Ukraina faqat NATOga a’zo bo’lgan taqdirda hududiy yaxlitiligini saqlab qolishi mumkin, deydi.

“Nazarimda, mohiyat shundaki, Ukraina NATO safiga qo’shilmasligi uchun ham Rossiya Qrimni ishg’ol qilmoqda. Hozir rus askarlari Ukraina tuprog’ida, mamlakatning bir qismi bo’lgan Qrimni garovda ushlab turishibdi. Ammo istiqbolda Ukraina NATO a’zoligiga qabul qilinmasa, mamlakat yaxlitligi kafolatlanmaydi”, - deydi Jemilov.

NATO Ukraina bo’yicha bayonotida davlat yaxlitligini himoya qilib, Qrimdan zudlik bilan Rossiya qo'shinlari olib chiqilsin, dedi. AQSh Rossiyani Ukrainaga nisbatan harbiy bosqin oqibatlari haqida ogohlantirdi. Yevropa Ittifoqi ham Kremlning Ukrainaga bosqinidan norozi va sanksiyalar qo’llash lozimligini muhokama qilmoqda.

Katta Sakkizlikka kiruvchi davlatlar Rossiyaga norozilik sifatida iyun oyida Rostovda rejalangan sammitda qatnashmoqchi emas.

“Hozirgacha xalqaro miqyosda Rossiyaning Ukrainaga bosqini qoralangan juda ko’p fikrlar aytildi. Ammo gap aniq sanksiyalarga, amaliy qadamlargacha yetib bormadi. Albatta, bu yaqin kunlarda kuzatiladi, deb umid qilamiz. Ukraina bugun xalqaro ko’makka har qachongidan ko’ra ko’proq muhtoj. Mamlakat iqtisodi o’nglanishi uchun, qurolli kuchlar, mudofaa tizimini yaxshilash uchun jahonning ko’magi zarur. Bugun Amerika, Yevropa Ukrainani lozim tarzda qo'llab-quvvatlamasa, Rossiya rejalari amalga oshadigan bo’lsa, bunda nafaqat Ukraina balki, ular ham yutqizadi”, - deydi Qrim-tatarlari yetakchisi Mustafo Jemilov.

Rossiya Qrimdagi ruslarni himoya qilish bahonasida Ukrainaga harbiylarni kiritishi xalqaro miqyosda tortishuv va e'tirozga sabab bo’layapti.

Qo'shma Shtatlar va Yevropa Ittifoqi Moskvaga rasman norozilik bildirib ulgurdi. Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, O'zbekistonda bu borada hozircha sukunat. So’nggi ma’lumotlarga ko’ra,Qozog’iston Tashqi ishlar vazirligi Qrimdagi vaziyatni hal etishda kuch ishlatmaslik zaruratini eslatgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG