AQShda shu kunlarda qo'nim topgan suriyalik hayotidan mamnun

  • Amerika Ovozi

Suriyalik qochqinlar

Suriyalik qochqinlar

AQShda federal sudlar Prezident Donald Trampning immigratsion cheklovlari amalda qo’llanishini man etgan. Shu kunlarda bir necha qochqin Amerikaga kelib joylashdi. Kaliforniya shtatidan qo'nim topgan suriyalik bilan suhbatda bo'ldik.

Nail Zayno o’g’li Aram uchun jonini berishga tayyor. Ota, axir. Bolasi bilan ko’p vaqt o’tkazmagan.

“Birinchi marta ko’rganimda yig’layotgan edi. Menga qaramadi ham. Qo’limga olay desam, ko’nmadi. Balki meni tanimadi, balki meni o’zicha jazolamoqchi bo’di”.

Nail Iroqda neft zavodida ishlar edi. Oilasidan uzoqda edi. Rafiqasi ham o’zi singari ismoiliylar jamoasidan. Shia musulmonlar. Suriyada ularga “Islomiy davlat” kun bermay keladi. Kofir deb biladi ularni.

“Terrorchilar qishlog’imga hamla qilish arafasida. Istagan paytida kelib odamlarni o’ldiradi”.

Rafiqasi 2015-yilda Amerikaga kelganida boshpana so’rashga qaror qildi. Iltimos qabul qilindi. Keyin erini chaqirdi. Prezident Tramp Suriya va yana olti davlatdan hech kim kiritilmasin deya farmon berganida uning uchun eshik yopildi. Keyin esa baribir kiritishdi.

“Juda qiyin. Umidim qolmagan edi. Bir o’zim edim, bolam bilan. Turmush o’rtog’im yonimda bo’lmasa, tirikchilik qila olmaymiz”, - deydi Lin ismli bu ayol.

“Zulmatda edim. Nima qilishni bilmaysiz. Qayga borishni bilmaysiz. Hammayoq ko’zingizga qorong’i”, - deydi Nail.

Kaliforniya shtatidan yangi demokrat senator Kamola Harris unga yordam berdi. Federal sudlar Prezident Tramp farmonini vaqtincha chetga uloqtirgani qo’l keldi.

“Immigratsiya xodimi pasportimga tamg’a urib, “Oilangning oldiga bor. Bolangni bag’ringga olib, yangi hayot boshla”, dedi. Bu menga kuch berdi. “Bu Amerika. Biz Amerika xalqimiz. Seni quvvatlaymiz”, dedi" ,- deya hikoya qiladi Nail.

Qo’rqinch va xavotirdagi qochqin uchun bu so’zlar naqadar shirin ekanini tasavvur qiling, Oq uy u singari odamlar tahdid manbai bo’lishi mumkin, deb turgan paytda. Trampning ikkinchi farmonida ham Suriya bor.

Nail fikricha amerikaliklar bag’oyat bag’rikeng xalq. Oilasiga har tomonlama madad ko’rsatishayapti.

“O’zimiz uchun emas, farzandlarimiz uchun yashaymiz. Bolamning hayoti menikidan yaxshiroq bo’lsin. Niyat shu”.

O’g’li unga ozgina bo’lsa ham o’rganib qoldi. Ismi Aram. Nail uchun har bir daqiqa bebaho.

“Kecha men bilan o’ynagisi kelmayotgan edi. Bugun esa quvnoq. Ertalabdan atrofimda parvona. Kecha bir o’pay desam, xo’mrayib turgan edi. Bugun jon deb kelayapti”, - deydi Nail.

Qochqinlikdan normal turmushga o’tish oson emas. Amerikadagi yosh hayot.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Fikringiz

XS
SM
MD
LG