Breaking News

O'zbekistonda Rossiya telekanalini ochish rejasi xavotir uyg'otmoqda


Rossiya va O’zbekiston hamkorligida yangi telekenal ochilishi ehtimoli rus televideniyesi tashviqotidan charchagan o’zbekistonliklarni xavotirga solmoqda. Aksariyatning dunyoqarashi shundoq ham Rossiya televideniyesi, axborot vositalari orqali shakllanayotgan bir paytda hamkorlikdagi yangi loyiha o’zbekistonliklarni Rossiya tashviqoti domiga batamom cho’ktirishi mumkin, deydi ular.

O'zbekistonda Rossiya telekanallari
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:10 0:00

Qo’shma telekanal ochilishi Rossiya Aloqa vazirligi delegatsiyasining O’zbekistonda o’tkazgan muzokaralari davomida muhokama qilingan. Rossiya Aloqa va ommaviy kommunikatsiyalar vaziri o’rinbosari Aleksey Volin boshliq delegatsiya O’zbekistondagi hamkasblari bilan ommaviy axborot vositalari faoliyati bo’yicha hamkorlikni muhokama qilgan.

O’zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Azim Ahmadxo’jayev bilan o’tgan muzokaralarda OAVni rivojlantirish, internet tarmoqlarini tartibga solish, AKT sohasida kadrlar tayyorlash bo’yicha hamkorlik muhokama qilingan.

Tarkibida Rossiyaning bir qator yetakchi telekanallari vakillari bo’lgan delegatsiyaning O’zbekistondagi muzokaralari davomida Rossiyaning “Birinchi kanali” bilan hamkorlikda qo’shma telekanal tashkil etish masalasi ham ko’rilgan.

Rossiya televideniyesi bilan rejalanayotgan qo’shma loyiha haqida batafsil ma’lumotlar yo’q, ammo bu xabarning matbuotda paydo bo’lishini o’ziyoq jamoatchilik tomonidan bir qadar munozara bilan kutib olingani kuzatiladi.

Gazeta.uz nashrining Rossiya bilan hamkorlikda yangi telekanal tashkil etilayotgani haqidagi xabari o’quvchilarning faol munozarasiga sabab bo’lgan, aksariyat O’zbekistonda Rossiya televideniyesi tashviqoti yanada kengayishidan xavotir izhor etgan.

Rossiya bilan yangi telekanal ochilishi ehtimoli ijtimoiy tarmoqlardagi munozaralarni ham chetlab o’tmagan, o’zbekistonlik ayrim bloggerlar bu yangilikni axborot maydoniga tajovuz sifatida baholagan.

Bloger Abbos Asad Rossiya bilan hamkorlikda yangi telekanal ochilishini xavotir bilan kutib olgan faollardan biri.

Unga ko’ra, aksariyat aholining dunyoqarashi shundoq ham Rossiya axborot vositalari orqali shakllanmoqda, hatto xalqaro maydondagi voqealarni muhokama qilayotgan ziyolilar ham aynan Rossiya televideniyesidagi tashviqotlardan kelib chiqib mulohaza yuritadi.

“Odamlarning ijtimoiy ongi Rossiya pozitsiyasidan kelib chiqib shakllanib qolmoqda. Televideniye zohiran axborot berishga ixtisoslashgan, ammo botindan ijtimoiy ongga ta’sir qiladi. Bu narsa, ayniqsa, Rossiya televideniyesi tashviqotida kuchli. Bu yerda maqsad O’zbekistonda rossiyaparastlikni shakllantirish, beshinchi koloniyaga o’xshash kuchni yuzaga keltirish. Shu ma’noda Rossiya televideniyesining O’zbekistonda kengayib borayotganini tajovuzga qiyoslash mumkin, buning oqibatlari nafaqat achinarli, balki dahshatli bo`lishi mumkin”, - deydi Abbos Asad.

Rossiya telekanallari O’zbekistonda, asosan, kabel kanallari orqali namoyish qilinadi, bu kanallarning asosiy tomoshabinlari nafaqat rus tilli aholi, balki yangiliklardan, dunyo voqealaridan xabardor bo’lish niyatidagi ziyolilar ham ekanligi ta’kidlanmoqda.

“Taassuf bilan qayd etish joiz, Rossiya televideniyesining qamrovi keng, ayniqsa, o’zini ziyoli deb ataydigan, dunyo voqealaridan xabardor bo’lib turishni istaydigan odamlar, asosan, Rossiya televideniyesiga ulanishadi. Masalan, mening do’stlarim orasida bundaylar 90 foizgacha borishi mumkin. Hammasida kabel televideniye bor, qayerdadir biror muhokama bo’lib qolsa, Rossiya televideniyesidagi mavzular haqida, Putin haqida gaplashiladi. Rossiya kanallaridan olingan yangiliklar muhokama qilinadi. Albatta, bunday vaziyat yuzaga kelishida O’zbekiston televideniyesining ham aybi bor. Mahalliy televideniye raqobatbardosh bo’lishi kerak, yangiliklarni yetkazishda, xalqaro voqealar tahlilida o‘zgarishlar qilishi, xalqaro standartlarga mos ravishda ko’rsatuvlar qilish darajasiga chiqishi kerak”, - deydi Abbos Asad.

O’zbekiston televideniyesining sobiq jurnalisti Malohat Eshonqulovaning aytishicha, Rossiya televideniyesi azaldan o’zbek televideniyesi uchun asosiy hamkor bo’lib kelgan. Mamlakatda hokimiyat almashar ekan, bu hamkorlik yanada kengayayotgani kuzatiladi.

“Bilasizmi, Rossiya yoki boshqa hamdo’stlik davlatlari televideniyesini ko’rish imkoniyatlari kengayishi baribir aholi dunyoqarashi kengayishiga xizmat qiladi. Mayli, bu ko’rsatuvlar Rossiya televideniyesidagi shovinistik ruhda bo’lgan taqdirda ham. Hammaning o’z aqli, o’z xulosalari bor. Qolaversa, xalqimizda bir yomonni ko’rmasdan, yaxshi qadriga yetmaysan, degan gaplar ham bor. Mening o’ylashimcha, bu ko’rsatuv yomon, buni yaxshi deb ajratish kerak emas, faqat xulosa yaratish huquqi tomoshabinning o`zida qoldirilishi kerak”, - degan fikrda Eshonqulova.

“O’zbekiston 24” kanalining xabar berishicha, Rossiya delegatsiyasi Milliy televideniye rahbariyati bilan muzokara o’tkazgan va tomonlar o’zaro hamkorlikning yo’l xaritasini tuzishgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG