Breaking News

Tojikistondagi xurujda "Islomiy davlat" ayblanmoqda


Tojikistondagi hujumni "Islomiy davlat" bo'yniga oldi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:00:37 0:00

Ichki ishlar vazirligiga ko'ra, hujumni amalga oshirganlik gumoni bilan bir necha kishi qo’lga olingan, yana to’rt nafari qo’lga olinish jarayonida qarshilik ko’rsatgani uchun o’ldirilgan.

Tojikistonda sayyohlarga qarshi uyushtirilgan xuruj “Islomiy davlat” nomidan Markaziy Osiyoda amalga oshirilgan dastlabki terrorchilik xuruji bo'lishi mumkin. AQSh, Shveysariya, Niderlandiya fuqarolaridan iborat to’rt kishini o'ldirgan hujumchilar “Islomiy davlat”ga qasamyod keltirgan jangarilar ekani aytilmoqda.

IShIDga yaqin onlayn nashr terror ijrochilari sifatida ko’rilayotgan tojikistonliklarning guruh rahbariga qasamyod keltirayotgani aks etgan videoni tarqatgan (yuqorida). Sharhlovchilar “Islomiy davlat” nomidan Markaziy Osiyodagi dastlabki terakt Tojikistonda dindorlarga nisbatan repressiya jiddiy kuchayishi ortidan kuzatilganiga diqqat qaratmoqda.

Markaziy Osiyoda IShID
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:24 0:00

Besh nafar tojikistonlik “Islomiy davlat” guruhi rahbari nomiga qasamyod keltirayotgan videoda hibsga olish amaliyoti chog’ida maxsus xizmatlar tomonidan yo’q qilingan tojikistonliklarni ham ko’rish mumkin.

Terror xuruji 29-iyul kuni Tojikistonning Dang'ara tumanida yuz bergan edi. Velosipedda harakatlanayotgan sayyohlarga avtomobil vositasida qilingan hujum oqibatida AQSh, Shveysariya va Niderlandiya fuqarolaridan iborat 4 kishi halok bo’lgan. Bu xuruj ortidan Tojikiston xavfsizlik xizmatlari maxsus amaliyot boshlab, terror ijrochisi deb ko‘rilgan to’rt nafar tojikistonlik yo’q qilinganini ma’lum qildi.

“Islomiy davlat” guruhi tarkibida mintaqaliklar, jumladan, O’zbekiston va Tojikiston fuqarolari kam emas. Aksariyati, asosan, xorijga chiqib ketgan fuqarolar. Ular ishtirokidagi hujumlar ham mintaqadan tashqarida, Rossiya, Turkiya, AQSh va Shvetsiya kabi davlatlarda kuzatilgan.

29-iyul kuni Tojikiston janubidagi tog’li yo’lda g’arblik velosipedchilar mashinada bosib ketilgan va pichoqlangan
29-iyul kuni Tojikiston janubidagi tog’li yo’lda g’arblik velosipedchilar mashinada bosib ketilgan va pichoqlangan

Dang'aradagi terakt “Islomiy davlat” guruhi nomidan bevosita Markaziy Osiyoning o’zida amalga oshirilgan dastlabki terror xuruji sifatida qayd qilinmoqda. Shuningdek, bu xurujlar “Islomiy davlat” guruhi o’z qudratidan ajralayotgani, zaiflashgani haqidagi ma’lumotlar barobarida yuz bermoqda.

Mulohazalarga ko’ra, tojikistonliklarning “Islomiy davlat” tuzog’iga tushishi guruhning Afg’onistondagi faoliyati bilan bog’liq.

Siyosiy muhojirlikda yashayotgan diniy faollardan biri Muhammadsolih Abutov nazarida qudrati parchalangan jangari guruh Tojikistonda diniy repressiyalar mavjudligidan unumli foydalanmoqda.

“IShID bugun asosiy qudratidan ajralgan, parchalangan, talvasada, ko’p joylarini boy berdi. Tojikistonliklarga ta’sir ko’proq Afg’onistondagi IShID bilan bog’liq. Chunki til, jug’rofiy jihatdan yaqinlik bor. Ularning o’zlari ham yaxshi ahvolda emas. Hukumat ham, toliblar ham ularga qarshi urishmoqda. Lekin shunga qaramasdan, ularda o’zlariga hamfikrlar yig’ish imkoniyati bor. Qolaversa, mentalitetning yaqinligini hisobga olsak, mintaqaga Iroqdagi IShIDdan ko’ra afg’onistondagilarning ta’siri kuchli. Ammo bu yerda aynan Tojikistondagi vaziyatning o’zi, xususan, Emomali Rahmon tomonidan bir qism musulmonlarga nisbatan yuritilayotgan repressiv siyosat ham ahamiyat kasb etadi. Xuddi shunday siyosat Karimov davrida O’zbekistonda hukmron edi”, - deydi Abutov.

Tojikistondagi terrorchilik hujumi ortidan dastlab mamlakatda “Islomiy davlat”ga aloqador guruhlar borligi shubha ostida ko’rildi. Ayrim ekspertlar mintaqada bu guruh tarafdorlarining mudroq holatdagi uyushmalari mavjudligi haqida ham gapira boshladi. “Islomiy davlat” terror xuruji o’z askarlari tomonidan amalga oshirilganini e’lon qilar ekan, mamlakat ichkarisida bu to’daning tarafdorlari borligiga shubha qoldirmadi.

Muhammadsolih Abutovning aytishicha, mintaqa ichkarisida “Islomiy davlat” tarafdorlari topilayotgani, avvalo, Tojikistondagi siyosiy vaziyatga bog’liq; bugun bu vaziyat Markaziy Osiyo davlatlari orasida ajralib turadi.

Emomali Rahmon hukumati aholining dod-voyiga quloq solayotgani yo’q. Ularni terrorchilar, ekstremistlar deb qamashda davom etyapti. Bunday vaziyatda chorasiz qolgan aholining har qanday guruhlarga qo’shilish ehtimoli ortadi.

“Masalan, O’zbekistondagi bugungi vaziyat o’zgargan. Karimov davrida diniy siyosatdan norozi bo’lib yurgan ko’pchilik bugun yangi hokimiyatning siyosatini qo’llab-quvvatlamoqda. Mayli, diniy sohadagi o’zgarishlar nisbatan sekin kechayotgan bo’lsa ham. Tojikistondagi vaziyat esa mutlaqo boshqacha, bizda Karimov davrida qanday bo’lsa, ularda hozir xuddi shunday, ularning karimovi hali o’lgani yoq. Emomali Rahmon hukumati aholining dod-voyiga quloq solayotgani yo’q. Ularni terrorchilar, ekstremistlar deb qamashda davom etyapti. Bunday vaziyatda chorasiz qolgan aholining har qanday guruhlarga qo’shilish ehtimoli ortadi. Shuning uchun ham mintaqada ISHIDning mudroq holdagi yacheykalari bor degan fikrlarga qo’shilmayman, ammo siyosatdan norozi qatlam bor. Bu qatlamga tashqaridan ta’sir qilish esa oson. Ayniqsa, hozirgi holatda, turli videolar orqali tashviqot qilinadi, kofirlarni o’ldirsang savob bo’ladi, deyiladi. Siquvda chorasiz, tanlovsiz qolganlar uchun boshqa yo’l yo’qdek. Hozirgi holat Tojikistondagi shu repressiyalarning natijasi. O’zbekistonda o’zgarishlar davom etar ekan, bunday xavfning yuzaga kelishi ham yo’qqa chiqib bormoqda”, - deydi Abutov.

Tojikistondagi diniy erkinlikka doir vaziyat so’nggi yillarda jiddiy keskinlashdi, bungacha Tojikiston parlamentida muxolifatdagi islomiy partiyadan vakillarga ega bo’lgan mintaqadagi yagona davlat bo’lib kelayotgan edi.

Tojikiston Islom uyg’onish partiyasi davlat to’ntarishiga urinishda ayblanishi ortidan ekstremistik tashkilot deb topildi, bir qancha a’zolari qamoqqa tashlandi, yetakchisi Muhammad Kabiriy mamlakatni tark etishga majbur bo’ldi.

Tojikiston hukumati Dang'aradagi terror xurujida “Isomiy davlat” guruhidan tashqari Islom uyg’onish partiyasini ham ayblab chiqdi. Bu ayblovni rad etgan muxolif partiya vakillari terror xuruji yuzasidan xalqaro tergov o’tkazishga chaqirmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG