Breaking News

Tolibon shimoliy Afg’onistondagi harbiy bazani egallab oldi


Tolibon shimoliy Afg’onistondagi harbiy bazaga hujum qilib, o’nlab xavfsizlik kuchlarini o’ldirgan va asirga olgan. Harbiy qarorgoh ayni paytda isyonchi guruh nazoratida.

“Chenaya” harbiy bazasi Ikki kunlik to’qnashuvlar natijasida taslim bo’lgan. Rasmiylarning ma’lum qilishicha, hukumat askarlariga qo’shimcha kuchlar va havodan yordam yetkazilmagani va o’q-dorilar zaxirasi yetishmagani sababli Afg’oniston Milliy armiyasi bazasi Tolibonga boy berilgan.

Viloyat harbiylari va hukumat rasmiylarining “Amerika ovozi”ga ma’lum qilishicha, bazada joylashgan 70 askardan 40 tasi Tolibonga taslim bo’lgan, qolganlari o’lgan yoki yaqin tog’ hududlariga qochib ketgan.

Faryobdagi bazaning boy berilishi Afg’oniston armiyasi AQSh havo kuchlari yordamida G’azni shahrini bir necha kunlik qaqshatqich janglar natijasida Tolibondan tortib olishi ortidan ro’y bermoqda.

G’aznidagi janglarda 100 afg’on askari, politsiyachilar hamda 30 nafar tinch aholi vakili halok bo’lgan. Toliblardan esa 200 ga yaqin odam o’ldirilgan.

Bu orada Tolibon Haqqoniy harakati a’zosi va qamoqda ushlab turilgan bir qator jangarilarni ozod etish evaziga ikki yil avval asirga olingan amerikalik professor va uning avstraliyalik hamkasbini qaytarishni taklif etmoqda.

Kobulda joylashgan Amerika universitetida dars bergan 60 yoshli Kevin King va 48 yoshli avstraliyalik Timoti Viks 2016-yilning avgust oyida qurolli jangarilar tomonidan universitet hududi yaqinida o’g’irlab ketgan edi.

“Biz ularni Haqqoniy harakati garovga olgan deb hisoblaymiz. Sabab shundaki, ana shu voqeadan keyin jangarilar Afg’oniston hukumati tomonidan qamoqda ushlab turilgan Haqqoniy a’zosini ozod etishni talab qilgan”, - deydi Amerika universiteti prezidenti Kennet Xolland.

Xolland Haqqoniy harakati asoschisi Jaloliddin Haqqoniyning o’limga hukm etilgan kenja o’g’li Annas Haqqoniyni nazarda tutgan bo’lishi mumkun. AQSh bu tarmoqni global terrorchi harakat deb e’lon qilgan.

Xolland Kobulda King va Viks garovga olinganiga 2 yil to’lgani munosabati bilan tashkil etilgan uchrashuvda jurnalistlar bilan suhbatlashgan. U jangarilardan ikki xorijlikni ozod etishni yana bir bor talab qilgan.

Xollandning ma’lum qilishicha, Amerika universiteti Afg’oniston, AQSh va Avstraliya hukumatlari bilan King va Viksning ozod etilishiga erishish borasida yaqindan hamkorlik qilmoqda. Uning izoh berishicha, jangarilar tarafidan hech qanday pul talab qilinmagan, universitet esa Afg’oniston hukumatiga mahbuslar almashinuviga kelishish borasida ta’sir o’tkaza olmaydi.

AQSh Kingni xavfsiz ozod etishga doir har qanday axborot uchun 1 million dollar miqdorida mukofot e’lon qilgan.

Professorlar garovga olingan kundan bir necha hafta o’tib, qurolli jangarilar universitetga hujum uyushtirgan. Natijada talabalar, professorlar va xavfsizlik xodimlaridan iborat 15 kishi halok bo’lgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG