Breaking News

O'zbekistonda majburiy mehnatga qarshi kurash qanday kechmoqda?


O'zbekiston va Xalqaro Mehnat Tashkiloti muloqotda, Toshkent, 14-dekabr, 2018
O'zbekiston va Xalqaro Mehnat Tashkiloti muloqotda, Toshkent, 14-dekabr, 2018

Bu hafta Vashingtonda O'zbekiston rasmiylari, Xalqaro Mehnat Tashkiloti (XMT) vakillari va "Paxta kampaniyasi" muloqotda. 4-fevraldagi uchrashuv yopiq eshiklar ortida faqat "Paxta kampaniyasi" va O'zbekiston hukumati orasida kechdi. Toshkentdan Bosh vazir o'rinbosari Tanzila Norboyeva hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev kelgan. Respublikaning AQShdagi elchisi Javlon Vahobov ham qatnashdi. Ularning ta'kidlashicha, mamlakatda majburiy mehnatga qarshi real kurash kechmoqda. XMT buni tasdiqlab, so'nggi xulosalarini ulashmoqda. "Paxta kampaniyasi", 11 yil oldin tuzilgan koalitsiya, O'zbekiston paxtasi boshdan oyoq majburiy mehnat mahsuli deya uni boykot qilgan kompaniyalar va bu muammoga qarshi kurashib kelayotgan nohukumat tashkilotlarni birlashtirgan harakat nazarida esa bu kurashda g'alaba qozonildi deyishga hali erta. "Paxta kampaniyasi" hukumat va XMT orasidagi hamkorlikdan mamnun, lekin koalitsiyaga ko'ra, har ikki taraf majburiy mehnatning har qanday ko'rinishiga qarshi dadil qadamlar tashlanayotganini amalda ko'rsatishi kerak.

O'zbekiston hukumati bilan o'tgan ikki yil ichida hamkorlikni kuchaytirgan XMT 2018-yildagi vaziyatni tahlil qilar ekan, qator yutuq va kamchiliklarga e'tibor qaratadi.

O'zbekiston, "Paxta kampaniyasi" va Xalqaro Mehnat Tashkiloti: majburiy mehnatga qarshi kurash
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:11 0:00

Qanday yutuqlar?

Jenevada asoslangan va yaqinda rahbari Gay Rayder Toshkentga tashrif buyurib, Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashgan tashkilot tahlilicha, respublika bo'ylab majburiy mehnatga qarshi siyosiy va ijtimoiy iroda kuchaydi. Hukumatda va jamoatchilikda odamlarni zo'rlab ishlatish qonunga xilof ekani va bunday harakatlarga chek qo'yish lozimligi ochiq muhokamada. Prezident Mirziyoyev deydiki, mamlakat bu muammodan butkul qutula oladi.

Huquqni himoya qilishda kasaba uyushmalari faol bo'lishi kerak. Hozirga kelib, deydi XMT ekspertlari, paxta terimi davrida majburiy mehnatga jalb etilish haqida oldingiga qaraganda nisbatan oshkoralik kuzatiladi. Bu masala siyosiy va nohukumat doiralarda muhokama qilinayotgani haqida ma'lumot tarqatiladi.

XMTga ko'ra, endilikda O'zbekistonda talabalar, o'qituvchi va tibbiy xodimlar zo'rlab terimga olib chiqilmayapti. Yana bir xulosa shuki, bolalar mehnati muammosi barham topgan. Ayrim mustaqil kuzatuvchilar bunday xulosalardan yiroq. Ular o'z monitoringlarida talabalar, maktab va kasalxona xizmatchilari ham ekspluatatsiya qilinganini aniqlagan.

Paxta terimi uchun sistematik haq to'lana boshlagan. Kilosi uchun to'lov oshgan va vaqtida berilgan. Kuniga 6-8 soat paxta terganlar oyiga 2 million so'mgacha maosh olgan. Mavsumiy mehnat uchun O'zbekiston sharoitida qoniqarli haq, deydi mutaxassislar. Lekin haqini vaqtida ololmay sarson bo'lganlar ham bor.

Jarayonni nohukumat tashkilotlar va individual faollar bemalol kuzata olgan. Hukumat ularning shikoyatlarini eshitgan va ko'plab hollarda chora ko'rilgan, deyiladi Xalqaro Mehnat Tashkiloti hisobotida.

Majburiy mehnatga qarshi kurashga Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi boshchilik qilmoqda. Mahalla qo'mitalari, ommaviy axborot vositalari, mutaxassislar va faollar orasida hamkorlik vujudga kelmoqda. Jurnalistlardan paxta terimidagi muammolarni yoritish so'ralgani, xalq dardini ko'tarib chiqqanlarga maxsus tanlovlar asosida mukofotlar berilgani jamiyatda bu masala yechimi tomon dadil harakat ketayotganidan dalolat, deya hisobot bermoqda XMT.

O'zbekiston va Xalqaro Mehnat Tashkiloti muloqotda, Toshkent, 14-dekabr, 2018
O'zbekiston va Xalqaro Mehnat Tashkiloti muloqotda, Toshkent, 14-dekabr, 2018

Qanday kamchiliklar?

Mahalliy hokimiyatlar bilan ishlash kerak. Majburiy mehnatga qarshi kurash mana shu darajada kuchayishi zarur. Paxta mavsumida terimchilar yetishmaydi. Ko'plab korxonalarda terim uchun majburlash hollari kuzatiladi. Odamlar tergani uchun haq to'lansa-da, terishni xohlamasa, ularni majburlamaslik va turli shartlar asosida dalaga haydamaslik kerak.

Terimchilar uchun sharoitni yaxshilash kerak. Sanitariya va boshqa talablar uchun ko'proq sarmoya qilib, dori-darmon, transport va oziq-ovqat ta'minoti bo'yicha aniq strategiya ishlab chiqish zarur.

Fuqaro jamiyati O'zbekistonda hali juda kichik, tajriba oz va mablag' ham shunchalik kam. Mavjud imkoniyatlarni ko'ra bilish, ularni ishga solish, homiy va hamkorlar izlab topish borasida qilinadigan ishlar talay. Xalqaro hamjamiyat bu borada ko'maklashishi kerak.

Huquqi buzilganlar va adolat talab qilib murojaat qilganlarning arzlarini sistematik tarzda va o'z vaqtida ko'rib chiqib, qonun ustuvorligini ta'minlash zarur.

O'zbekiston va Xalqaro Mehnat Tashkiloti muloqotda, Toshkent, 14-dekabr, 2018
O'zbekiston va Xalqaro Mehnat Tashkiloti muloqotda, Toshkent, 14-dekabr, 2018

Qanday tavsiyalar?

O'zbekistonda hech kim majburlab ishlatilmasligi shart. Bu qonunni, inson huquqlari va xalqaro me'yorlarni targ'ib qilish zarur. Mehnat inspektorlarini ko'paytirish, ta'lim olish va malaka oshirish jarayonini takomillashtirish kerak.

Minimal maoshni oshirib borish kerak. Mehnat uchun munosib haq to'lashga urg'u berish lozim.

Matbuotda, jamoatchilik bilan ishlashda, siyosiy murojaat va xalq bilan muloqotda nafaqat davlat sektorida balki nohukumat va xususiy sektorda ham majbjuriy mehnatga toqat qilinmasligi lozim, degan yondashuvni targ'ib qilish lozim. Mehnat huquqlari va xalqaro normalar haqida ma'lumotlar berilsin, kengroq tarqatilsin va talablar joriy etilsin.

Nima darhol to'xtatilishi kerak?

Biror korxona yoki organ paxta terimi yoki majburiy mehnatning boshqa ko'rinishi uchun uchun hech kimdan pul yig'masligi, shartlar qo'ymasligi yoki jarima talab qilmasligi kerak. XMT O'zbekistonda 2018-yilda ham shunday hollarning ko'pini aniqlagan va hukumatdan ularga qarshi chora ko'rishni so'ragan. Boshqa kuzatuvchilar va matbuot ham aynan shunday muammolar haqida xabar bergan.

O'zbekiston Bandlik va mehnat masalalari vaziri Sherzod Kudbiyev
O'zbekiston Bandlik va mehnat masalalari vaziri Sherzod Kudbiyev

Vaqt talab qiladigan lekin zarur qadamlar

Paxta sanoatida hukumatning rolini ozaytirish zarur. Prezident Mirziyoyev allaqachon bu borada farmonlar bergan, hukumat qarorlari chiqqan, lekin hokimiyatlar va davlat idoralarining aybi bilan O'zbekistonning ko'plab hududlarida majburiy mehnat hamon kuchda ekani ma'lum. Harbiylarni bu jarayonga jalb etishga chek qo'yib, xalqaro talablarga rioya qilish lozim.

Qishloq xo'jaligiga ko'proq sarmoya kerak va eng muhimi, bu sohani isloh qilmoq zarur. Diversifikatsiya qishloq xo'jaligida nihoyatda muhim, deyiladi XMT tavsiyanomasida. O'zbekiston hukumatiga ko'ra, mamlakatda paxta bilan bog'liq butun jarayon bir tizimda bo'ladi, ya'ni klaster sistemasi ishga solinmoqda. Sanoat xususiy sektorga o'tadi, deydi rasmiylar. Lekin qonun ustuvorligi va mas'uliyatni ta'minlash har qanday sohada birdek ahamiyat kasb etadi.

Paxta yetishtirish, hosilni yig'ib olish, mexanizatsiya, mahsulotni qayta ishlash, eksport qilish, daromadni sarhisob qilish - har bir tizim jiddiy islohot talab qiladi.

Majburiy mehnatga chek qo'yish uchun O'zbekistonga har sohada kuchli mutaxassislar kerak: qishloq xo'jaligidan tortib, huquq-tartibotgacha; iqtisodning har bir jabhasidan tortib, xalqaro hamjamiyat bilan ishlaydigan kadrlargacha.

O'zbekistonda odamlar azaldan dalalarda zo'rlab ishlatilishi 2017-yildan beri ochiq tan olinmoqda. Bu tub muammoga qarshi kurash boshlangani - respublikadagi eng muhim o'zgarishlardan biri, deya qayd etadi XMT, lekin kurash endi eng qizg'in pallaga kirmoqda.

"Paxta kampaniyasi": O'zbekistonda majburiy mehnat qachon yo'q bo'ladi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:53 0:00

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG