Breaking News

Toqayevning Toshkentga tashrifi: o'zbek-qozoq aloqalarida o'zgarish bo'ladimi?


O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev (o'ngda) Qozog'iston rahbari Qosim-Jo'mart Toqayev bilan Toshkentda, 2019-yil, 15-aprel
O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev (o'ngda) Qozog'iston rahbari Qosim-Jo'mart Toqayev bilan Toshkentda, 2019-yil, 15-aprel

O’zbek-qozoq munosabatlari Rossiya faktori qarshisida o’ta zaif, aloqalar hamkorlikdagi yirik loyihalarga muhtoj, deydi Qozog'iston Prezidenti Qosim-Jo’mart Toqayevning O’zbekistonga qilgan davlat tashrifi haqida qozog’istonlik siyosatshunos Ermek Narimbay. Yangi prezident xorijga ilk davlat tashrifini amalga oshirgani uning sobiq rahbar Nursulton Nazarboyevga siyosiy vorisligi ehtimolini ham oshirgan. Qozog’istonda kutilayotgan prezidentlik saylovlariga bir oydan oshiq vaqt qolganda amalga oshirilgan bu tashrif, saylov natijasi qanday bo'lishidan qat’i nazar, qo’shni munosabatlar o’zgarishsiz qolishidan darak o’laroq qabul qilinmoqda.

Qosim-Jo'mart Toqayevning O'zbekistonga tashrifi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:42 0:00

Nursulton Nazarboyev iste’fosi ortidan hokimiyatga kelgan Qosim-Jo’mart Toqayev yangi lavozimda xizmat safari bilan Moskvada, davlat tashrifi bilan esa O’zbekistonda bo’lishga ulgurdi.

Toqayev Toshkentda davlat tashrifiga mos tantanalar bilan kutib olindi, Mirziyoyev bilan tor va kengaytirilgan tartibda muzokaralar o’tdi, o’zaro hamkorlikka oid bir necha bitimlar imzolandi, prezidentlar O’zbekistonda Qozog’iston madaniyati yili ochilishiga doir marosimda qatnashdi.

Qosim-Jo’mart Toqayevning O’zbekistonga davlat tashrifi Qozog’istonda belgilangan prezidentlik saylovlariga bir yarim oy fursat qolgan bir paytda o’tmoqda. Toqayev bu saylovda o’z nomzodini qo’yadimi, yo’qmi aniq emas, bu aprel oyi oxirlarida Nazarboyev yetakchiligidagi “Nur-Otan” partiyasi qurultoyida hal etilishi kutilmoqda.

Mart oyi oxirida kutilmaganda Nursulton Nazarboyev iste’foga chiqish haqida qaror berishidan so’ng uning vorisi kim bo’lishi mumkinligi haqida munozaralar qizidi. Qonunchilikka muvofiq prezidentlik vakolatlarini qabul qilib olgan Toqayev siyosiy vorislar qatorida tilga olinmayotgan edi.

Ammo Qozog’iston prezidenti lavozimida Moskvada Putin, Toshkentda esa Mirziyoyev bilan muzokaralar o’tkazishga ulgurgan Toqayevning Nazarboyevga siyosiy voris bo’lishi ehtimoli ancha ortgan ko’rinadi.

Qozog'istonlik ekspert: qozoq-o'zbek aloqalari Rossiya soyasida qolmoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:01:08 0:00

Qozog’istonlik siyosatshunos, sobiq diplomat Ermek Narimbayga ko’ra, yangi prezident davlat tashrifini amalga oshirgani va Darig’a Nazarboyeva saylovda o’z nomzodini qo’ymasligi haqida ma’lumotlar tarqashi Toqayevni prezidentlik saylovlaridagi asosiy nomzod sifatida taqdim etmoqda.

“Albatta, Nazarboyevning siyosiy vorisi kim bo’lishi haqidagi hal qiluvchi qaror “Nur-Otan” qurultoyida aytiladi. Toqayev hozirgacha Moskvada, Toshkentda uchrashuvlar o’tkazishga ulgurganini inobatga olsak, bu Nazarboyev tanlagan nomzod bilan oliy darajadagi tanishuvlar bo’lib o’tayotganidan darakdek. Ammo shuni ta’kidlash kerakki, Toqayevning Rossiyaga qilgan ilk tashrifi, Moskvada departament rahbari darajasida kutib olinishi qozog’istonliklar hafsalasini pir qildi. Keyinchalik tashrif shunchaki xizmat safari edi, degan bayonot qilindi, ammo bu jamoatchilikni qanoatlantirgani yo’q. Toqayev nomzodi esa tabiiyki, Nazarboyevning qaroriga bog’liq, chunki u hech qayoqqa ketgani yo’q. Agar siyosiy voris sifatida uning nomzodiga to’xtasa, demak, keyingi besh yilda Toqayev prezident bo’ladi. Chunki Qozog’istonda demokratik saylovlar o’tishi kutilmaydi”, - deydi Ermak Narimbay.

Toqayev Toshkentdagi muzokaralarida O’zbekiston-Qozog’iston munosabatlari rivojlanishida elboshi Nazarboyev tutgan o’rinni alohida ta’kidladi, hamkorlik shu yo‘nalishda davom etishini bildirdi.

Toshkentdagi uchrashuv yakunida tomonlar o’rtasida mehnat huquqlarini himoyalash haqidagi bitim, “Markaziy Osiyo” savdo-iqtisodiy hamkorligini tashkil etishga doir memorandum imzolandi.

Markaziy Osiyoning ikki yirik davlati O’zbekiston va Qozog’iston prezidentlari muzokarasi mintaqaviy hamkorlik miqyosida biror yangilik qilgani yo’q, mintaqa liderlarining Toshkentda kutilayotgan norasmiy sammiti yuzasidan ham hozircha aniq bir ma’lumot yo’q.

Ermek Narimbay fikricha, mintaqaning yirik davlatlari o’zaro hamkorlikda Rossiya faktorini yengib o’tishi kerak.

“Afsuski, mintaqaviy aloqalar rivojlanishida balandparvoz gaplardan boshqa biror faollik kuzatilmayapti. Mintaqada hech bo’lmaganda ramziy biror tashkilotga asos solinishi kerak edi. O’zbekiston bilan munosabat Qozog’istonning Rossiya bilan aloqalari soyasida o’ta zaif ko’rinadi, hatto Rossiya bilan yagona pul birligini tashkil qilish haqidagi taxminlar ham mavjud. O’zbekiston va Qozog’iston bu borada jiddiy loyihalarni amalga oshirishi lozim bo’ladi, deylik, hech bo’lmaganda, o’zaro ramiziy tinchlikparvar batalyon tashkil qilish yoki ikki mamlakat yoshlari, siyosiy doiralar munosabatga kirishuvchi boshqa bir loyihalar ishlab chiqish zarur. Hozirgi vaziyatda Qozog’istonda O’zbekiston haqida tasavvurlar qanchalik zaif bo’lsa, O’zbekistonda Qozog’iston haqidagi tasavvurlar ham shu darajada”, - deydi Narimbay.

Ta’kidlash joiz, prezident Mirziyoyevning o’tgan yil Qozog’istonga amalga oshirgan tashrifi davomida Qozog’istonda O’zbekiston yili e’lon qilingan edi, Toqayevning Toshkentga tashrifi davomida esa O’zbekistonda Qozog’iston yili e’lon qilindi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG