Breaking News

AQShda abort yuzasidan siyosiy bahslar kuchaymoqda


Abort - AQShda siyosiy mavzu
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:03 0:00

Bir qator AQSh shtatlarida abortga yangi cheklovlarning qo'yilgani ayollarga homilani oldirish huquqini beruvchi 1973-yilgi Oliy sud qarorini o'zgartirish harakatlarini jonlantirdi. Ayni paytda abort huquqi tarafdorlari ham faollashgan. Masala 2020-yilgi prezidentlik saylovida bahs mavzularidan biriga aylanishi mumkin.

Jorjiyadan tortib Missuri va Alabamagacha abortni cheklovchi qonunlar qabul qilindi.

Alabamada abortga deyarli to'liq taqiq qo'yildi. Zo'rlash va yaqin qarindoshlar aloqasidan homilador bo'lganlar ham bundan mustasno emas.

Missurida esa sakkiz haftadan oshgan homilani olish man qilindi. Qonunchi Nik Shroer bu chorani yoqlagan respublikachilardan.

"Ota-onasiga noqulaylik tug'dirgani yoki istalmagani uchun o'ldirilishi kerakmi? Albatta, yo'q", - deydi u.

Cheklovlarga qarshi namoyishlar boshlanib ketdi. Huquq faoli Kirsten Fordga ko'ra, ayollarning fundamental huquqi poymol qilinmoqda.

"Tanlovga qarshi bo'lganlar va respublikachi siyosatchilarning maqsadi Oliy sud qarorini bekor qilish, abortni jinoyatga tenglashitrish va ayollarni jazolash ekani ma'lum", - deydi u.

1973-yilgi Oliy sud qarorida abort qilish ayollarning konstitutsiyaviy huquqi ekani belgilangan.

Bir necha shtat qaroridan ruhlangan faollar Oliy sud qarorini bekor qilish harakatida. Bu ishda ular Prezident Tramp tayinlagan konservativ sudyalar - Neyl Gorsich va Bret Kavano ovozini olishdan umidvor.

"Ilgari Oliy sudda bu qarorni butunlay bekor qilish xohishi bo'lmagan bo'lsa ham, kichik miqdorda o'zgartirishga urinishlar bo'lgan. Hozirgi harakatlar qarorni zaiflashtirishga yoki butunlay bekor qilishga qaratilgan", - deydi Amerika universiteti tadqiqotchisi Jessika Uoters.

Mavzu bo'yicha bahslar uzoq tarixga ega. So'nggi jonlanish bu kurashning yangi bosqichi, deydi Stanford universiteti tahlilchisi Morris Fiorina.

"Hayot tarafdori bo'lgan odamlar tug'ilmagan bolaning hayotini hamma narsadan ustun qo'ymoqda. Tanlov tarafdori bo'lganlar esa onaning huquqini hamma narsadan afzal ko'ryapti. Jamoatchilikning katta qismi esa o'rtada. Ular ixtilofli tomonlar o'rtasida muvozanat topish tarafdori", - deydi u.

Prezidentlikka nomzod ba'zi demokratlar saylov kampaniyasida mavzuni respublikachilarga qarshi qo'llamoqda.

"Agar abort tarafdorlari Oliy sud qarori xavf ostida deb hisoblasa, saylovga chiqishi ehtimoli yuqori. Shu ma'noda respublikachilarning masalani bu qadar keskin ko'tarishi ularga zarar yetkazishi mumkin", - deydi Jessika Uoters.

Abort masalasi azaldan Amerika jamiyatini ikkiga bo'luvchi siyosiy mavzu sanaladi.

Ommaviy so'rovlarga ko'ra, amerikaliklarning 60 foizdan ziyodi abort qilish huquqini beruvchi Oliy sud qarorining kuchda qolishi tarafdori. Faqat 30 foizi uning bekor qilinishini istaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG