Breaking News

Dunyo bo'ylab qochqinlar soni 71 millionga yetgan


BMT Qochqinlar agentligiga ko’ra, dunyo bo’ylab 71 million odam urush va mojarolar sabab uy-joyini tashlab ketgan. Bu oxirgi 70 yilda eng katta ko’rsatkich.

Oy boshidan buyon Kongo Demokratik Respublikasidan 300 ming odam etnik tahqirlardan qochishga majbur bo’lgan. BMT rasmiylariga ko’ra, o’tgan hafta bu davlatdagi to’qnashuvlarda 160 odam o’lgan.

“Odamlar katta sonda mamlakatni tark etib, Ugandaga qochib o’tmoqda”, - deydi BMT Qochqinlar agentligidan Babar Baloch.

Uyini tashlab ketganlar, hatto qochqinlar lagerida uzoq qolib ketganlar ham hamon vataniga qaytish umidini uzgani yo’q.

“Inson tug’ilib o’sgan joyidan qanday qilib voz kichadi? Avlodlarimiz ham taslim bo’lmaydi. Biz o’lsak, boshqalar borku?”, - deydi falastinlik Muhammad Diab.

Biroq uyiga qaytayotganlar sanoqli. Yangi mojarolar, ta’qib, jinoyat, inson huquqlarining toptalishi qochqinlarning yangi to’lqiniga sabab bo’lmoqda. Ayni damda dunyo bo’ylab qochqinlar soni Fransiya aholisiga teng. Ular asosan Afg’oniston, Suriya, Janubiy Sudan, Myanma va Somalidan.

“Oxirgi 40 yilda, xususan, Afg’oniston va Somali aholisi qayta-qayta darbadar bo’lganini ko’rdik”, - deydi Ninet Kelli.

U BMT Qochqinlar agentligining Nyu-Yorkdagi qarorgohida ishlaydi. Kellining kuzatuvlariga ko’ra, Efiopiya va Kamerunda ahvol biroz yaxshilangan.

“2015-yildan beri Venesuelani to’rt million odam tark etgan. Ularning 1,3 millioni Kolumbiyada, 800 mingi Peruda yashamoqda. Turkiya, Livan va Iyordaniyada esa katta sonda suriyaliklar qo’nim topgan”, - deydi u.

Ba’zan xorijdan kelayotgan qochoqlarni qabul qilayotgan davlatda ham mahalliy aholi ko’chishni boshlaydi.

Kellining aytishicha, odamlar hayoti xafv ostida qolganda, ilojsizlikdan uyini tashlab ketadi. AQSh-Meksika chegarasidagi markaziy amerikaliklar bunga misol.

“Jinoiy to’dalar qo’lga olgan shunday mahallalar borki, o’g’il bolalar ulg’ayishi bilan o’sha to’dalarga qo’shilib qotilga aylanadi, yoki qotillik qurboni bo’ladi. Xotin-qizlar esa odam savdosi yoki jinsiy tajovuz ostida qoladi. Bunday joylarda boshqacha hayotning o’zi yo’q”, - deydi BMT xodimi.

Xalqaro tashkilot dunyo hamjamiyatini qochqinlar soni ortib borayotgan davlatlarga moliyaviy yordam berishga undamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG