AQSh hukumati ma'lumotiga ko'ra, Vashington shtatining Sietl shahrida 12 mingga yaqin uysiz odam bor. Ular orasida ingliz tilini bilmaydiganlar va muhojirlar oz emas. Musulmonlar guruhi bunday toifadagi insonlarga ham ingliz tilini o'rgatish, ham uy-joy topib berish xizmatlarini taklif qilmoqda.
Musulmon Uy-joy xizmatlari uysizlar soni bo'yicha AQShda uchinchi o'rinda turadigan shaharda faoliyat ko'rsatadi. Sietlda 20 yildan beri ishlab kelayotgan tashkilot bag'ri barcha e'tiqod vakillari uchun ochiq.
Guruhning maqsadi uysiz va daromadi kam odamlarni uy-joy bilan ta'minlash, ularni mustaqil hayot kechirishga o'rgatish.
"Bu ayol Efiopiyadan kelgan. Vatanida urush bo'layotgani bois shu mamlakatga kelgan. Urushdan qochgan", - deydi tashkilotdan yordam olgan ayolni tanishtirgan tarjimon.
Lekin ish topa olmagani uchun efiopiyalik bu qochqin ko'chada qolgan.
U bilan gaplashishda Afrikaning oromo tilini yaxshi biluvchi tashkilot tarjimoni Munira Gamada yordam berdi.
"U Sietlda yashashni yoqtiradi, shu bois bu yerga kelgan. Ijara qimmat bo'lgani va bunga qurbi yetmagani uchun o'z jamoasidan Musulmon Uy-joy xizmatlari tashkiloti haqida eshitgan. Ijaraga yordam so'rab shu yerga kelibdi", - deydi tarjimon.
Tashkilot vakillari bir qator Afrika tillarini, xususan, arab va urduchani biladi.
Direktor Rizvan Rizviga ko'ra, maqsad odamlarga nafaqat moddiy yordam berish, balki hayotga qaytishlariga ko'maklashish hamdir.
"Biror uy egasini topib, ijaraning bir qismini to'lashga yordamlashamiz. Agar umuman daromadlari bo'lmasa, to'liq to'laymiz. Uyga joylashgach, ko'pincha mebel va jihozlari bo'lmaydi, bularni ham topib beramiz. So'ng bolalarini maktabga joylaymiz. Maktabga joylashgach, o'zlarini eplab ketishlari uchun ota-onalariga ish topib berishga harakat qilamiz. Maqsadimiz ularni tashkilotimizga qaram qilib qo'yish emas, balki hayotga qaytishlariga ko'maklashishdir", - deydi Rizvi.
Efiopiyalik qochqin hozir ayollar uchun vaqtinchalik boshpanada yashayapti. Ish topish va boshqa malakalarni egallash bo'yicha ham yordam olyapti.
"Ba'zilar bir necha oy, ba'zilar ko'proq, boshqalar bir yildan ortiq yordamga muhtoj bo'ladi. Ba'zi holatlar esa murakkab, shu bois har bir mijoz ishi bo'yicha maxsus xodimlar biriktiriladi. Bu xodim ular bilan ishlaydi, uy topishiga, bolalari maktabga borishiga yordam beradi va ular o'zgarishlar haqida bu xodimga ma'lumot berib turadi", - deydi tashkilot rahbari.
2017-yil Musulmon Uy-joy xizmatlari 1000 dan ortiq odam va oilalarga uy va ish topishda yordam berdi.
Sietl ko'chalarida uysizlar soni 12 mingdan ortiq. Yordam miqdori ko'p emasdek ko'rinadi, lekin tashkilot ko'plab insonlarning joniga oro kirayotgani aniq.
Facebook Forum