Breaking News

O'zbekiston: Sobiq siyosiy mahbuslar dardi qachon tinglanadi?


Prezident Mirziyoyev inson huquqlari borasida yanayam shaxdamroq qadamlar tashlasin, deya undamoqda xalqaro tashkilotlar
Prezident Mirziyoyev inson huquqlari borasida yanayam shaxdamroq qadamlar tashlasin, deya undamoqda xalqaro tashkilotlar

Inson huquqlari bilan bog'liq vaziyatni yaxshilash O'zbekiston hukumati uchun ustuvor maqsadlardan biri ekan, undan dadilroq va shaxdamroq qadamlar kutiladi, deya eslatmoqda xalqaro tashkilotlar. Mamlakatdagi vaziyatni 2009-yildan beri tahlil qilib kelayotgan huquqshunos Stiv Sverdlov bu borada qator takliflarini bayon etib, Prezident Shavkat Mirziyoyevni sobiq siyosiy mahbuslar bilan bog'liq masalalarni kun tartibiga qo'yishga chaqirmoqda. Reabilitatsiya boshlash, deydi ekspert, O'zbekiston haqiqatan ham taraqqiy etayotganini ko'rsatadi. Adolat ta'minoti tomon tarixiy burilish bo'ladi. Shu bois ham, ma'muriyat va jamiyat uchun qanchalik og'ir bo'lmasin, bu ish chetga surilmasligi kerak.

O'tish davridamiz deyish bilan davlat keyingi pallaga kirib qolmaydi. O'tish davrini real qadamlar belgilaydi, xususan huquq va adolat bobidagi konkret o'zgarishlar. 2016-yildan beri O'zbekistonda o'nlab siyosiy mahbuslarning ozod etilgani Prezident Mirziyoyevga nisbatan xalqaro hamjamiyat ishonchi shakllanishida muhim rol o'ynagan. U rostan ham islohotlar boshlamoqda, deya jiddiy e'tiborga tushgan. Lekin adolat ta'minlanshi uchun sobiq mahbuslarning dardi tinglanishi kerak.

Sverdlov va unga hamfikr mutaxassislar deydiki, O'zbekistonni Islom Karimov boshqargan paytdagi adolatsizliklar fosh etilib, jabrlanganlarning arzi ko'rib chiqilib, jamoatchilik bu masalalarni ochiq va erkin muhokama qilsagina respublika yangi davrga kirgan bo'ladi. O'zbekistonda aslida mana shunday adolat - azaliy orzu.

Sobiq siyosiy mahbuslar shukur qilsin; erkinligi uchun prezidentga rahmat aytib, boshqalar singari kunini ko'rsin, degan yondashuv islohot emas, deydi Sverdlov. Bu insonlar o'z hayotining bebaho yillarini soxta ayblar bilan, erkin fikri va tanqidi uchungina panjara ortida o'tkazgan. Sudlar ularning arzlarini tinglamasa, demak, O'zbekistonda huquq va qonun borasida o'zgarish yuzaki, deydi ekspert.

Rahbar yangilanishi zulm tugadi, degani emas. Jamiyat repressiyadan chiqayaptimi? Islohotlar va o'zgarishlar va'da qilib, fuqaroni o'ziga ergashtirishga urinadigan siyosatchilarni dunyo ko'p ko'rgan.

Toshkentda, deya so'raydi Sverdlov, quyidagi qadamlarni tashlash uchun bugun qanchalik iroda bor?

  1. Karimov davridagi adolatsizliklarni tergov qilib, javobgarlarni sudlash;
  2. Adolatni ta'minlash va haqiqatni yuzaga chiqarish uchun maxsus komissiya tuzish, masalan 2005-yilning may oyida Andijonda nima bo'lganini taftish qilish;
  3. Siyosiy motivlar bilan qamalganlar va qiynoqqa solinganlarning arzini tinglash;
  4. Davlat xavfsizlik xizmatini tubdan isloh qilish;
  5. Karimov siyosati qurbonlari va u paytda tortilgan jabrni tan olib, bu mavzular jamoatchilik tomonidan erkin muhokama qilinishi uchun yo'l berish.
Inson huquqlari bo'yicha ekspert Stiv Sverdlov sobiq siyosiy mahbus Yusuf Ro'zimurod bilan
Inson huquqlari bo'yicha ekspert Stiv Sverdlov sobiq siyosiy mahbus Yusuf Ro'zimurod bilan

Uzoq yillar "Human Rights Watch" xalqaro tashkilotining Markaziy Osiyodagi bosh mutaxassisi bo'lib ishlagan Sverdlov yuqoridagi savollarni oldin ham o'rtaga tashlagan. O'zbekiston rasmiylari uchun bularni eshitish qanchalik qiyin va noqulay bo'lmasin, bu masalalar unutilmaydi, deydi ekspert.

BMT huquq organlaridan tortib boshqa tashkilotlargacha, Mirziyoyev ma'muriyatiga reabilitatsiya zaruratini eslatib turibdi. Ular o'z tavsiyalarini bergan va zarur qarorlar qabul qilinishni kutmoqda.

BMTning Inson huquqlari kengashiga a'zolikka intilayotgan O'zbekiston zimmasidagi majburiyatlarga qiynoqlarga qarshi kurash, xususan qiynoqqa solinganlarni tinglab, ular chekkan azobni tan olib, adolatni ta'minlash ham kiradi. Bu insonlarning huquqlarini tiklash; munosib topilsa, kompensatsiya to'lash; qamoqdan keyingi hayotida yordamlashish va eng muhimi, bu jinoyatlar takrorlanmasligini ta'minlash, toki boshqalar bu kunga tushmasin.

Qiynoqlarni boshdan kechirganlarning istagi, ko'p hollarda, moliyaviy kompensatsiya emas. Ular o'z sha'ni uchun kurashadi, nomi oqlanishini xohlaydi. Davlat bu insonlar psixologik madad olishi, tibbiy muolajalardan o'tishi va yuridik xizmatlardan foydalana olishi uchun sharoit yaratishi kerak.

BMTning Qiynoqlarga qarshi qo'mitasi O'zbekiston hukumatiga bu yo'nalishda tavsiya va maslahatlar bergan. BMTga ko'ra, sobiq siyosiy mahbuslar arzini ko'rib chiqish, kompensatsiya va reabilitatsiya masalalari bilan shug'ullanish uchun O'zbekistonga mustaqil organ kerak.

Sobiq siyosiy mahbuslar Cho'yan Mamatqulov and Isroiljon Xoldorov
Sobiq siyosiy mahbuslar Cho'yan Mamatqulov and Isroiljon Xoldorov

Bunday komissiyaga, deydi Sverdlov, huquq himoyachilari, fuqaro jamiyati a'zolari, shuningdek, qonunchilar hamda Ombudsman idorasi, huquq-tartibot organlari, Adliya vazirligi va xalqaro tizimlardan vakillar kirishi kerak. Ularning bir yoqadan bosh chiqarishi oson kechmaydi, ammo ko'plab davlatlarda buning uddasidan chiqilgan. Maqsad adolat ta'minoti bo'lsa, murosa yo'li topiladi, deydi ekspert.

Qiynoqlarga qarshi kurash, huquq va adolat targ'iboti bilan shug'ullanishni maqsad qilgan guruhlarni tashkilot sifatida ro'yxatdan o'tkazish hukumat islohotlar olib borayotganini anglatadi. Hozirgacha bu jarayon qiyin kechmoqda. AQSh singari hamkorlar Toshkentni ildamroq harakat qilishga undamoqda.

Sverdlov tavsiya qilishicha, O'zbekiston Jinoiy kodeksining 157, 159, 216, 244 va 244-moddalariga o'zgartirishlar kiritib, josuslik va ekstremizm bilan bog'liq ayblar qo'yishda xalqaro me'yor va majburiyatlarni hisobga olish lozim.

Mirziyoyev ma'muriyati, deydi mutaxassis, mamlakat qamoqxonalari va hibsxonalarini mustaqil monitoring qilish uchun ham sharoit yaratishi kerak. Bu borada ishlar boshlangan, endi sistematik tus olishi lozim.

Qizil Xoch Xalqaro Qo'mitasi 2013-yildan beri O'zbekiston turmalariga kirmay qo'ygan. Xolisligi bilan tanilgan bu tashkilot bilan yaqindan ishlashni yo'lga qo'ymas ekan, respublika yangi davrda emas, deydi Sverdlov.

Prezident Mirziyoyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasida inson huquqlari, adliya va fuqaro jamiyati bo'yicha qo'mita raisi Akmal Saidov bilan Toshkent metrosida, 29-auvgust
Prezident Mirziyoyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasida inson huquqlari, adliya va fuqaro jamiyati bo'yicha qo'mita raisi Akmal Saidov bilan Toshkent metrosida, 29-auvgust

O'zbekiston hukumatining yuqorida qayd etilgan masalalarga umumiy javobi: 2017-yilda boshlangan islohotlar astalik bilan adolat va qonun ustuvorligi tomon yo'lni kengroq ochaveradi, orqaga qaytish yo'q. Davlat xavfsizlik xizmati, ichki ishlar, prokuratura, sud, shuningdek, jazoni o'tash tizimi allaqachon isloh qilina boshlagan.

Lekin yaqin o'tmish qoralanmaydi, deydi rasmiylar. Har qanday adolatsizlik yuzasidan arz alohida ko'rib chiqiladi. Yoppasiga qoralash yoki oqlash siyosati olib borilmaydi. Andijon ishi ham allaqachon yopilgan, ya'ni tuzum uni qayta ochishni istamaydi. Ko'p yangraydigan rasmiy qaydlardan biri: davlat ertangi kun qayg'usida, kechagi kun emas.

Sverdlov esa bunga shunday javob beradi: Kechagi kundagi xatolar tan olinib, jinoyatlar tergov qiilnib, javobgarlar jazosini olmas ekan, bugun va ertangi kunga ochiq ko'z bilan qarash va vijdonan yondashish mumkinmi?

Rahbariyat xalqaro ekspert va tashkilotlarning o'tish davridagi adolat talablari bo'yicha tavsiyalariga jiddiy qaraydi, deydi rasmiylar. Parlament a'zolari ham ularni inobatga olishini aytadi. Tegishli vazirliklar va organlarga ko'rsatmalar beriladi.

"Amerika Ovozi" Toshkentdagi anjuman va muloqotlarda ham bu masalalar yuzasidan deputatlar, vazirlar va tahlilchilardan eshitgan.

Sverdlov va BMT agentliklari bilan ishlaydigan boshqa ekspertlarga ko'ra, tizim nimaiki qilayotgan bo'lsa ham bu sohada real o'zgarish sezilmayapti.

Qariyb 30 yil mobaynida chekilgan azob, toptalgan huquqlar, qiynoqqa solingan shaxslar, ozod etilgani uchun prezidentdan minnatdor sobiq mahbuslar adolat tomon yangi qadamlarni kutmoqda.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG