Breaking News

HRW: O'zbekiston nega Inson huquqlari kengashiga intilmoqda?


Inson huquqlari kengashi - BMTning Jenevada asoslangan organlaridan biri. Shu paytgacha kengashga Markaziy Osiyodan Qozog'iston va Qirg'iziston a'zo bo'lgan.

O'zbekiston hukumatiga ko'ra, uning BMTning Inson huquqlari kengashiga a'zolikka intilishdan maqsadi erkinlik va qonun ustuvorligini ta'minlashda naqadar jiddiy ekanini ko'rsatishdir. Inson huquqlari bo'yicha "Human Rights Watch" (HRW) xalqaro tashkilotiga ko'ra esa Toshkent oldin o'z xalqaro majburiyatlarini bajarishi kerak. Mirziyoyev ma'muriyati bu organga nufuz uchun emas, avvalo mamlakatdagi vaziyatni yaxshilagan holda intilishi lozim, deydi HRWning Yevropa va Markaziy Osiyo bo'yicha direktori Hyu Uilyamson.

BMTning yillik sessiyalari bu safar pandemiya sabab virtual tarzda o'tmoqda. Inson huquqlari kengashi - Jenevada asoslangan organ. Unga 47 davlat a'zo. A'zolik muddati uch yil va mamlakatlar mintaqama-mintaqa tanlanadi.

2006-yilgacha BMT Inson huquqlari komissyasi bo'lgan tashkillot o'tgan 14 yil mobaynida kengash sifatida isloh qilindi. Uning asosiy vazifasi - insonning uzviy huquqlari buzilmasligi uchun kurashish, jumladan uyushish va birlashish, so'z va fikr erkinligi, e'tiqod erkinligi hamda jinsiy, irqiy, diniy va etnik tenglikni himoya qilish.

O'zbekistonda fundamental huquqlar bilan bog'liq vaziyat og'ir ekan, respublika qanday qilib ularni xalqaro sahnada himoya qila oladi? HRW shu savolni o'rtaga tashlamoqda.

Tashkilot tahlilicha, o'tgan to'rt yil mobaynida mamlakatda huquq borasida ijobiy qadamlar tashlangan. O'zbekiston dunyoga ochila boshladi; azaliy muammolarni ochiq muhokama qilib, ularni tan olib, xalqaro hamjamiyat bilan muloqotni yo'lga qo'ydi, deydi Uilyamson.

O'zbekistonning BMTdagi vakolatxonasi bayon qilishicha, Inson huquqlari kengashiga kirib, davlat inson huquqlari va qadriyatlarini mamlakatda, mintaqaviy va global darajada ta'minlash uchun hissa qo'shmoqchi.

O'zbekiston tashkilotga Osiyo-Tinch okeani mintaqasidan kirmoqchi. Boshqa nomzodlar: Xitoy, Saudiya Arabistoni, Nepal va Pokiston. Inson huquqlari muntazam va sistematik tarzda buziladigan davlatlar sifatida ular ham keskin tanqid ostida.

O'zbekistonni 2016-yildan beri boshqarib kelayotgan Shavkat Mirziyoyev siyosiy mahbuslarni ozod etib, majburiy mehnatga qarshi chora ko'rib, matbuot erkinligi uchun yo'l ochishga va'da berib, G'arb davlatlari, jumladan AQSh quvvatlovini olgan. BMT qoshidagi qator organlar, xususan Xalqaro mehnat tashkiloti Mirziyoyev ma'muriyati bilan til topishganini, tub masalalarni yengishda unga yordam berishga bel bog'laganini qayd etib kelmoqda.

BMTning O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Helena Freyzer yaqinda "Amerika Ovozi" bilan gaplashganida, O'zbekistonni ijtimoiy tengsizlikni yengish, fuqaro jamiyatini quvvatlash, huquq e'zozlanishi uchun sharoit yaratishdek murakkab, ammo zarur yo'ldan qaytmaslikka undagan edi.

"Islohotlar dasturi buyuk maqsadlarni ko'zlaydi. Ularga erishish uchun mentalitet va yondashuv o'zgarishi lozim. Bu uzoq muddatli birlamchi talab", - deydi Freyzer.

Hyu Uilyamson "Human Rights Watch" xalqaro huquq tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo bo'yicha direktori
Hyu Uilyamson "Human Rights Watch" xalqaro huquq tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo bo'yicha direktori

Toshkent global sahnada huquq uchun kurashmoqchi bo'lsa, oldin o'zida qiynoqlarga chek qo'ysin; so'z erkinligi hamda uyushish va e'tiqod erkinligi uchun sharoitni kengaytirsin, deydi Uilyamson. O'zbekistonda siyosiy plyuralizm yo'q, deydi HRW vakili, xavfsizlik organlari fuqaroni qattiq nazorat qiladi.

Inson huquqlari kengashiga a'zolik uchun Bosh Assambleyada 13-oktabrda ovoz berilishi kutilmoqda. HRW davlatlarni O'zbekiston nomzodligiga jiddiy e'tibor qaratib, mamlakatdagi vaziyatni izchil o'rganishga undamoqda.

2019-yilda BMTning Qiynoqlarga qarshi qo'mitasi O'zbekistonda qiynoqlar hamon tinmagan, deya xavotir bildirgan. Unga ko'ra, shu kungacha ko'rilgan choralar yetarli emas.

BMT Inson huquqlari qo'mitasi esa O'zbekistonga vijdon va e'tiqod erkinligi, so'z erkinligi, birlashish va uyushish erkinligi borasida dadilroq harakat qilishni tavsiya etgan.

Toshkent metrosi, 29-avgust, 2020
Toshkent metrosi, 29-avgust, 2020

Mamlakatda fuqaro jamiyati juda sust rivojlanayotgani ham hisobga olinsa, deydi Uilyamson, O'zbekiston hukumati zimmasida ulkan vazifalar turibdi. HRW vakili deydiki, tuzum sobiq siyosiy mahbuslar reabilitatsiyasi uchun ham yanayam salmoqli ishlar qilishi lozim.

Hukumat shug'ullanishni aslo istamagan yana bir masala - gomoseksual insonlar manfaatlarini himoya qilish, deya kuzatadi huquq tashkiloti. Vaholanki, bu ham BMT uchun dolzarb yo'nalish va Inson huquqlari kengashi tez-tez muhokama qilib kelayotgan mavzu. Gomoseksualizm qo'shni Turkmanistonda bo'lgani kabi O'zbekistonda ham jinoyat hisoblanadi.

Uilyamson "The Diplomat" jurnaliga yozgan maqolasida yana bir omilga to'xtaladi. BMT organlariga, xususan, Inson huquqlar kengashiga a'zo bo'lish davlatlar uchun huquq ta'minlangan mamlakat sifatida tanilishning bir yo'li, unga hukumatlar "mukofot" sifatida qaraydi. Aslida aksincha bo'lishi kerak, deydi ekspert, ya'ni kengashga bu borada eng namunali davlatlar saylanishi kerak, ular dunyo bo'ylab huquqbuzarlik hollarini tekshirib, hukumatlarni savolga tuta olishi lozim.

Respublika kengashga a'zolikka saylangan taqdirda bu Prezident Mirziyoyev va uning ma'muriyati uchun ulkan sinov bo'ladi, deydi Uilyamson. O'tgan yillarda O'zbekistonda erishilgan progress buyog'iga yanayam kattaroq o'zgarishlarga yetaklaydimi yoki respublika "e'tirof etilish" uchungina Inson huquqlari kengashiga intilayaptimi?

Shu paytgacha kengashga Rossiya, Qozog'iston va Qirg'iziston ham a'zo bo'lgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG