Breaking News

Nega AQSh Isroilga harbiy yordamni shartsiz beradi?


AQSh Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu hukumatiga bosimni oshirib, G’azo Sektoriga ko’proq gumanitar yordam olib kirish uchun yo’l ochishni, Rafah shahriga qo’shin kiritmaslikni talab qilib kelmoqda.

Vashington yaqinda BMT Xavfsizlik Kengashida G’azoda o’t ochishni to’xtatish to’g’risidagi rezolyutsiya qabul qilinishiga ham imkon berdi, bu hujjatga veto qo’ymadi.

Biroq Prezident Jo Bayden hozirgacha Isroilga berilayotgan yordamga shart qo’yish kabi eng kuchli vositadan foydalangani yo’q. AQSh yahudiy davlatga har yili qariyb 4 milliard dollarlik yordam ajratadi, buning katta qismi harbiy ko’mak shaklida.

Rasmiylarning tasdiqlashicha, shu kunlarda Oq uy lsroilga qurol-aslahaning navbatdagi partiyasini jo’natishga ruxsat bergan. Milliardlab dollarga teng yangi yordam paketi 1800 ta 900 kilogrammli “MK84” bombalari, 500 ta 226 kilogrammli “MK82” bombalari va 25 ta F-35 qiruvchi samolyotlarini o’z ichiga oladi.

Baydenning o’z partiyadoshlari bu holatdan norozi. Senat va Vakillar palatasidagi demokratlar prezidentdan tashqi yordam to’g’risidagi qonunga rioya qilishni, agar Isroil G’azoga yordam olib kirish yo’llarini to’sishda davom etsa, unga harbiy aslaha uzatishni to’xtatishni talab qilmoqda.

Saylovchilar ham o’z noroziligini bildiryapti. Avvalgi saylovlarda Baydenga ovoz bergan yuzlab ming fuqaro bu gal ichki saylovda unga ovoz bermadi. So’nggi so’rovlarga ko’ra, AQShda demokratlarning 75 foizi Isroil urushni qanday olib borayotganini yoqlamaydi.

Respondentlarning 56 foiziga ko’ra, agar Isroilga yordam davom etsa, bu ularning prezidentlik saylovida demokrat nomzodga ovoz berishi ehtimolini kamaytiradi.

Shunga qaramasdan, Bayden Isroilni qo’llab-quvvatlashda davom etmoqda. Tahlilchilar fikricha, buning ortida ikki omil bo’lishi mumkin: G’azodagi urush yanada kengayishi yuzasidan xavotirlar hamda Baydenning Isroil xavfsizligi bo’yicha shaxsiy qarashlari.

O’zini sionist deb e’lon qilgan prezident

1948-yilda Isroil tashkil topganidan bir necha daqiqa o’tib, uni tan olgan Garri Trumandan boshlab, barcha AQSh prezidentlari Isroilni quvvatlab keladi.

“Ular orasida Bayden Isroilga, uning xalqiga, bu mamlakat xavfsizligiga sodiqligi bilan alohida ajralib turadi”, - deydi tahlilchi va sobiq rasmiy Aron Deyvid Miller.

Ota-bobolari irlandiyalik katoliklar bo’lgan Bayden o’zini sionist deb ham ta’riflaydi.

“U tashqaridagi dushman emas, balki ichkaridagi do’st sifatida Isroilning xatti-harakatlarini mo’tadillashtira olishiga ishonadi”, - deydi yana bir siyosatshunos Lora Blumenfeld.

Bayden va Netanyaxu o’nlab yillik shaxsiy munosabatlarga ega. 2010-yilda AQSh rahbari Netanyaxuni 33 yildan beri tanishini, u “yaqin do’sti” ekanini aytgan edi. Ammo ayrimlar Baydenning Isroil bosh vaziri bilan munosabatlari urushni tugatishga qanchalik yordam berayapti, degan savolni o’rtaga tashlamoqda.

Bayden va Netanyaxu borgan sari bir-biridan uzoqlashmoqda, deydi Aron Deyvid Miller. Bayden hatto senator Chak Shumerning Isroilga qaratilgan tanqidlarini ham yoqlab chiqdi.

Demokratlarning Senatdagi sardori Shumer Kongressdagi nutqida Netanyaxuni tinchlik yo’lidagi to’siq deb ta’riflagan, Isroilda erta saylovlar o’tkazishga undagan.

Ammo Millerning aytishicha, G’azoda sulhga erishish va AQSh “ikki alohida davlat” formulasiga asoslangan tinchlik rejasini amalga oshirishi uchun Netanyaxuning yordami kerak.

Jo Bayden deydiki, Saudiya Arabistoni bunday kelishuv evaziga Isroilni to’liq tan olishga tayyor.

Urush kuchayishi xavfi

Olti oydan beri davom etayotgan Isroil-XAMAS urushi Yaqin Sharqning boshqa hududlariga ham tarqalishi xavfi mavjud, ayniqsa agar Livan bilan chegarada Hizbulloh guruhi bilan to’qnashuvlar kuchaysa.

Bunday sharoida “Isroilga yordamni shartlar bilan berish Hizbulloh, Eron va Eron quvvatlaydigan boshqa guruhlarga dalda berish bilan barobar”, deydi Lora Blumenfeld.

Qo’shma Shtatlar Isroilni o’zini himoya qilishi va urushda ishlatishi uchun qurol-aslaha bilan ta’minlaydi. Masalan, “Temir gumbaz” kabi mudofaa tizimlarini shart bilan berish jiddiy oqibatlarga olib keladi, deydi tahlilchi Set Jouns.

“Hizbulloh 200 mingtagacha raketalarga ega. Ular bilan Isroilni nishonga olishi, uning mudofaasini yorib o'tishi mumkin”, - deydi u.

Biroq uning fikricha, AQSh kichik va katta diametrli bombalar va aniq boshqariladigan boshqa turdagi o’q-dori qanday ishlatilishiga shart qo’yishi mumkin.

Demokrat qonunchilarning bosimi ostida, Oq uy “xorijiy hukumatlardan AQSh qurollari xalqaro va gumanitar qonunlarga muvofiq qo’llanilayotgani to’g’risida” yozma kafolatlar olmoqda.

Shu qatorda Isroil ham o’z kafolatini bergan. Endi AQSh Davlat departamenti may oyigacha o’z tekshiruvini o’tkazib, Kongressga hisobot berishi zarur. Agar Isroil bergan kafolat ishonchsiz deb topilsa, Bayden bu davlatga qurol-yarog’ uzatishni to’xtatish haqida ko’rsatma berishi mumkin.

Shartli yordam kuchga kirishi Isroil G’azoning Rafah shahriga qo’shin kiritishi yoki kiritmasligi bilan ham bog’liq. Sektor janubidagi bu shaharda Isroil operatsiyalari tufayli ko’chib kelgan 1,4 million falastinlik yashaydi. Isroil Amerikaning “qizil chiziqlarini” kesib o’tmasa, ko’makka shart qo’yilishi ehtimoli past, deydi Yaqin Sharq instituti eksperti Nimrod Goren.

Benyamin Netanyaxuning ta’kidlashicha, Rafahga kirmasdan XAMASga qarshi to’liq g’alabaga erishib bo’lmaydi. Isroil rasmiylariga ko’ra, Rafahda XAMASning minglab jangchilardan iborat to’rt batalyoni joylashgan. Vashington esa ittifoqchisidan muqobil yo’l topishni so’ramoqda.

Isroil va Amerika rasmiylari Rafahga oid rejalarni muhokama qilish uchun uchrashuv rejalamoqda. Avvalroq BMTda sulh to’g’risidagi rezolyutsiyaning ma’qullanishi ketidan, Isroil norozilik belgisi sifatida o'z delegatsiyasining Vashingtonga safarini bekor qilgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG