Breaking News

Isroil xalqaro maydonda yakkalanib bormoqda


AQSh va Isroil yetakchilarining o'zaro muloqoti
AQSh va Isroil yetakchilarining o'zaro muloqoti

G'azodagi urush oltinchi oyga kirar ekan, Isroil dunyo bo’ylab tobora yakkalanib bormoqda. G’azodagi so’nggi havo hujumi natijasida bir guruh xorijlik yordam tashkiloti xodimlarining o'ldirilishi, ayniqsa, vaziyatni yanada og’irlashtirdi.

Dushanbaga o'tar kechasi Dunyo markaziy oshxonasi yordam guruhining yetti nafar xodimi, jumladan olti nafar xorijlik halok bo'lgan hujum hatto Isroilning eng yaqin ittifoqchilarini ham g'azablantirdi va urushni to'xtatish bo’yicha chaqiriqlar kuchaydi.

Isroil harbiylari zarba o‘z kuchlari sodir etgan xatolik oqibati ekanini tan oldi va yetti nafar “bexosdan” o‘ldirilganlar uchun uzr so‘radi. Halok bo’lganlar orasida Britaniya, Avstraliya Polsha hamda AQSh-Kanada fuqarolari bor.

Yordamni oshirish bo’yicha chaqiriqlar

AQSh Prezidenti Jo Bayden Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan telefon orqali muloqot qilib, falastinlik tinch aholini himoya qilish hamda mintaqaga ko'proq gumanitar yordam kirib borishi uchun yo'lni ochishga chaqirgan. U AQShning Isroilga muntazam yordami bundan keyin ham davom etishi shu masalada qanday choralar ko'rilishi bilan belgilanadi, deb aytgan.

Oq uyning ta'kidlashicha, Bayden qariyb olti oydan beri davom etayotgan mojaro yuzasidan "zudlik bilan o't ochishni to'xtatishni" ham talab qilgan.

Juma kuni Netanyaxu G‘azo shimolidagi Erez o‘tish joyini qayta ochishni va Isroil janubidagi Ashdod portidan vaqtincha foydalanishga ruxsat berishni hamda G‘azo janubidagi Kermen Shalom o‘tish joyi orqali Iordaniya yordamiga yo’l ochishni buyurdi.

G'azo vayron bo'lganligi sababli, 2,3 million aholining aksariyati o'z uylarini tashlab ketishga majbur bo'lgan va endi ularning tirik qolishi chetdan kiradigan yordamga bog'liq.

"Ramazon oldidan umidlarimiz bor edi, lekin bu umid ro'za oyi boshlangan kechada yo'qqqa chiqdi", - dedi hozirda besh kishilik oilasi bilan janubdagi Rafah shahrida chodirda yashayotgan 33 yoshli Um Nosir Dahman.

Karvonga hujumdan oldin ham Isroil diplomatik jihatdan yakkalanib borayotgan edi. BMT Bosh Assambleyasi qayta-qayta gumanitar otashkesimga chaqirgan va yordam guruhlari G'azoga ocharchilik yaqinlashayotgani haqida ogohlantirib, Isroilni chegarani ochishga chaqirayotgan edi.

Bosh vazir Benyamin Netanyaxu shu paytgacha yo‘nalishni o‘zgartirish bo‘yicha bosimlarga qarshilik qilib, barqaror tinchlikka qaytishdan oldin Xamas guruhi batamom yo‘q qilinishi kerakligini ta’kidlab keldi.

Tarix takrorlanmoqda

Isroilda Xamasni yo'q qilish va G'azoda garovga olingan 134 kishini uylariga qaytarish kabi urush maqsadlarini ko'p jihatdan qo'llab-quvvatlash davom etmoqda. Ammo Netanyaxuning o'zi o'sib borayotgan norozilik harakati va yangi saylovlar talablari bilan yuzlashmoqda. So'rovlarga ko’ra, u navbatdagi saylovda yutqazishi mumkin.

"Men Isroildan tashqarida turib, o't ochishni to'xtatishga chaqirayotganlarning hammasi bu yerdagi vaziyatni tushunmayotganini his qilyapman, - deydi yozuvchi va startap asoschisi 73 yoshli Vendi Kerol. - Biz juda ko'p bosqin va hujumlarni boshdan kechirdik va biz demokratik yahudiy mamlakati bo’lib qolamiz".

Shunga qaramay, u hozirgi Isroil hukumatidan nozori.

"Men bosh vazirga ishonmayman. U bu xalqni bo'luvchi kuch va ko'pchilik, har xil millatdagi odamlar shunday fikrda", - deydi u.

Tinchlik muzokaralari davom etar ekan, janglarni to'xtatish va garovga olinganlarni qaytarish imkonini beradigan kelishuvga erishish umidlari qayta-qayta yo’qqa chiqdi. Xamas yetakchilari esa jangni uzoqroq davom ettirishga tayyor ekanliklarini aytdi.

"Olti oy o'tdi va Al-Qassam brigadalari hali ham sionist bosqinchi armiyaga qarshi kurashni davom ettirishga qodir", - dedi Xamasning yuqori martabali rasmiysi Sami Abu Zuhriy.

G'azo sog'liqni saqlash idorasi ma’lumotiga ko'ra, urushda hozirgacha 33 mingdan ortiq falastinlik halok bo'ldi. O’lganlarning kamida uchdan biri bolalar ekani aytiladi.

Quruqlik orqali G’azo bosqini boshlanganidan beri esa 250 dan ortiq isroillik askar halok bo‘lgan. 7-oktabrdagi Xamas hujumida ham deyarli 350 nafar isroillik o’ldirilgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG