Breaking News

Bayden Xitoyga tariflarni uch karra oshirmoqchi


Bayden Pitsburg shahrida po'lat ishlab chiqaruvchi kompaniyalar ishchilari oldida so'zlamoqda, 17-aprel, 2024-yil
Bayden Pitsburg shahrida po'lat ishlab chiqaruvchi kompaniyalar ishchilari oldida so'zlamoqda, 17-aprel, 2024-yil

AQSh Prezidenti Jo Bayden Xitoy po’lat importiga tariflarni uch baravar oshirish ustida o’ylanmoqda. Unga ko’ra, Xitoyning arzon mahsulotlari AQSh ishchilariga putur yetkazmoqda. Bayden bu haqda 17-aprel kun sanoatlashgan shtat hisoblangan Pensilvaniyaga tashrifi chog’ida so’zladi.

Xalqaro hayot - 22-aprel, 2024-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:39 0:00


Pensilvaniya prezidentlik saylov kampaniyasida muhim shtatlardan hisoblanadi.

Bayden mahalliy ishchilarni Xitoyning arzon importlaridan himoya qilishga va’da berdi.

“Narxlar adolatsiz ravishda past, chunki Xitoydagi po’lat ishlab chiqaruvchi kompaniyalar daromad haqida qayg’urmaydi, axir Xitoy hukumati ularni subsidiyalar bilan qattiq ta’minlab keladi. Ularda raqobatga hojat yo’q, muttahamlik qilishadi. Buning esa Amerikaga zararini ko’ryapman”, - dedi Bayden.

Amerika rahbari Xitoyning adolatsiz raqobatiga qarshi kurashishga va’da berdi, Pekinni ksenofobiyada aybladi.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so’zovchisi uning ksenofobiya haqidagi gaplarini ikkiyuzlamachilik deb atab, Amerikani Xitoyga qarshi proteksionist choralarni bekor qilishga chaqirdi.

“Xitoy bu haqdagi xabarlarni kuzatmoqda. Ammo gap Xitoy haqida ketyaptimi yoki Amerika haqida, tushunolmay qoldik”, - deydi rasmiy vakil Lin Jian.

Baydendan oldin Xitoy po’lat sanoatiga sobiq prezident Donald Tramp ham sanksiyalar qo’ygan - tariflarni 25 foizga oshirgan.

Trampning saylov shtabiga ko’ra, Bayden uning Xitoyga joriy etgan tariflarini tanqid qilish bilan birga o’zi ham o’xshash tarif qo’llashni rejalamoqda.

“Bayden atrofidagilari yo munofiq yo nima qilayotganini bilmaydigan odamlar”, - deydi shtab vakillari.

“Yangi Amerika xavfsizligi markazi” tahlilchisi Reychel Zimba ikki prezidentning bu masalada yondashuvida farq borligini aytadi.

“Ular tariflardan masalaning savdoga doir tarafini tiklash uchun vosita sifatida foydalanmoqda. Bayden tariflarni Xitoyni nishonga olish uchun qo’llabgina qolmay, AQShda ishlab chiqarishni kuchaytirish uchun, xorijiy va Amerika kompaniyalarini AQShga sarmoya qilishga rag’batlantirish uchun sanoat siyosati va boshqa imtiyozlarni ishga solmoqda”, - deydi mutaxassis.

Tramp esa tariflardan yangi savdo kelishuvlariga erishish uchun foydalangani aytiladi.

Pensilvaniya noyabr saylovida hal qiluvchi ovozga ega bo’lishi mumkin.

“Oq uyda hozir Amerika tarixida bu mamlakat foydasini eng ko’p ko’zlaydigan rahbar o’tiribdi. Donald Tramp esa faqat bir kishini o’ylaydi – Donald Trampni”, deyiladi Baydenning saylov reklamasida.

O’tgan yili avtomobilsozlarning ish tashlashi paytida Tramp kasaba uyushmalar orasida tashviqot ishlarini olib bordi, Bayden ma’muriyatining qoidalarini ish o’rinlariga hujum deb atadi.

“Avtomobil sanoatimizni yo’q qilishyapti. Qancha maosh olishingiz hozir muhim emas. Keyingi ikki, uch yoki besh haftada necha pul topishingiz ahamiyatsiz, chunki korxonalarimizni yopishmoqchi, avtomobillarni esa Xitoy va boshqa mamlakatlarda ishlab chiqarishmoqchi”, - degan edi Tramp.

Yil boshida o’tkazilgan ommaviy so’rov natijalaridan ma’lum bo’lishicha, kasaba uyushmalarga a’zo saylovchilar Baydenni Trampdan ustun ko’rmoqda, biroq 2020-yilga qaraganda bu farq ancha qisqargan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG