Breaking News

Bayden: Matbuotni ezuvchilarga nisbatan sanksiya qo'llaymiz


3-may Jahon matbuot erkinligi kuni munosabati bilan AQSh rahbari Jo Bayden qamoqdagi barcha jurnalistlarni ozod etishga chaqirmoqda, jumladan Rossiyada ushlab turilgan “The Wall Street Journal” gazetasi muxbiri Evan Gershkovich va “Ozodlik” radiosi muxbiri Alsu Kurmashevani.

“Jurnalistika dunyoning hech bir joyida jinoyat bo’lmasligi kerak. Dunyo bo’ylab jurnalistlar va OAV xodimlarining haqiqatni izlash yo’lidagi jasorati va fidoyiligini e’tirof etamiz”, - deyiladi Oq uy bayonotida.

Gershkovich 2023-yilning martida Yekaterinburgda josuslik ayblovi bilan ushlangan. U va “The Wall Street Journal” nashri ayblovni qat’iyan rad etadi. Gershkovich akkreditatsiyadan o’tgan muxbir sifatida ishini bajarayotgan edi, deydi gazeta.

AQSh va Rossiya fuqaroligiga ega Alsu Kurmasheva esa Rossiyaning “xorijiy agent” qonunini buzganlikda ayblanib, 2023-yilning oktabridan beri hibsda qolmoqda.

“Jahon matbuot erkinligi kunida Qo’shma Shtatlar shunchaki o’z ishini bajargani uchun panjara ortiga tashlangan barcha jurnalistlarni zudlik bilan va shartsiz ozod qilishga chaqiradi. Jurnalistlar har joyda, jumladan harbiy amaliyotlar paytida ham himoya qilinishi kerak”, - deydi Bayden, G’azodagi urushda ko’plab falastinlik muxbirlar halok bo’lganini tilga olar ekan.

“Jurnalistlarni kuzatish uchun qo’llanilayotgan tijoriy josuslik vositalari tarqalishi va suiiste’mol qilinishiga qarshi chora ko’rish uchun boshqa davlatlar bilan koalitsiya tuzdik. Jurnalistlarga qarshi jinoyatlarning oldini olish, mustaqil OAV xavfisligini kuchaytirish va surishtiruv olib boruvchi muxbirlarni huquqiy jihatdan qo’llab-quvvatlash bo’yicha choralar ko’ryapmiz”.

Matbuot erkinligi toptalishini AQSh xavfsizligiga tahdid deb e’lon qilamiz, deydi Bayden. AQSh dunyo bo’ylab jurnalistlarning nohaq qamalishi holatlariga javoban qator choralar ko’radi.

“Matbuot ovozini o’chirishga uringanlarga nisbatan, jumladan, sanksiyalar va viza taqiqlarini joriy etamiz”, - deydi AQSh rahbari.

Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi ma’lumotiga ko’ra, 2024-yilning o’zidayoq 19 jurnalist o’ldirilgan, 2023-yilda 320 nafari qamoqqa tashlangan.

Parijda asoslangan “Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti xulosa qilishicha, matbuot erkinligini himoya qilish uchun jahon bo’ylab siyosiy idora yetishmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG