Urush va g'alaba xotirasi: Ikkinchi jahon urushi faxriylari


Ikkinchi jahon urushi tugaganiga 60 yil bo’ldi. Ammo bu urush faxriysi 81 yoshli Lamar Viklning aytishicha, o’sha qonli kunlar dahshati unga hali ham tinchlik bermaydi.

"Balki, omadim bordir, balki Xudo meni asradi, ammo nega u meni asradi deb, sorayman... boshqalar esa o’lim domiga ketdi... bilmayman,"-deya o'ylanadi nuroniy.

Ikkinchi jahon urushida 16 yarim million nafar amerikalik xizmat qilgan. Bugun ularning uch million 700 mingigina hayot. Ma’lumotlarga ko’ra, kuniga bu faxriylarning uzog’i bilan bir yarim mingi olamdan o’tadi.

General mayor Lloyd Ramsi G'alaba Kuni oldidan Vashingtonda yangi ochilgan Ikkinchi jahon urushi yodgorligini ziyorat qildi. General urush paytida Yevropada xizmat qilgan va keyingi 34 yil davomida AQSh armiyasida faoliyat ko’rsatgan. Uning fikricha, hozirgi yoshlar ongida urush tushunchasi juda tor ma’noga ega. "Bu tashvishli hol,"- deydi u. " Ikkinchi jahon urushi haqida bilmaydigan yoshlar shu yodgorlikni tomosha qilib, bu urush xususida o’rganishlari, uni tushunishlari mumkin."

1930 yillar so’nggiga kelib, Germaniyada Adolf Gitler boshchiligidagi nasizm va fashizm hamda Yaponiyaning imperialistik bosqinchilik siyosati jahon ahliga ulkan talofat keltirdi. 1939-45 yillardagi urush yer yuzida 50 milliondan ziyod kishining yostig’ini quritdi.

"Urushda g’alaba qozonmaganimizda, erkinligimizni boy bergan bo'lardik,"-deydi General Ramsi. Shuningdek, uning nazarida, Ikkinchi jahon urushi davrida Amerika federal davlat sifatida yanada mustahkamlandi.

"Amerika xalqi aql bovar qilmaydigan darajada bir tan, bir jon bo’lib, mamlakat armiyasini, uning harbiy harakatini quvvatladi,"-deya eslaydi u.

"Bundan o’zga chora ham yo’q edi-da,"-deya javob qiladi Lamar Vikl.

Ikkinchi jahon urushi dunyoda millionlab kishilar hayotini tubdan o’zgartirdi. Urush AQSh armiyasining yosh zobitlari ko’zini ochdi. O’sha paytgacha ular qit’adan chetga qadam qo’yishmagan, qolaversa umrlarida bu kabi yirik jangga safarbar etilmagan edilar.

"Rafiqamning aytishicha, urush meni o’zga insonga aylantirdi. Urushda ko’rgan, qilganlaringizdan keyin normal hayotga qaytish oson kechmadi,"-deydi General Ramsi.

"Urush dahshatli narsa,"-deydi Lamar Vikl. "O’lim bilan yuzlashish naqadar qo’rqinchli..."

General Ramsi nazarida, xotira – eng bebaho boylik. Virjiniya shtatidagi Arlington umummamlakat qabristoni urushda jon bergan askarlarning abadiy makoni ekanini qayd etarkan, "Menga “jonini bergan,” degan ibora yoqmaydi,"-deydi u, "Chunki askarlarimiz hayot uchun, yashash uchun, mamlakat tinchligini asrash uchun kurashgan va shu yo’lda qurbon bo’lganlar."



XS
SM
MD
LG