"Balki bir kun kelib O'zbekistonning chet eldagi elchisi bo'larman"


Xorazm viloyatining Urganch shahrida tug’ilib, voyaga yetayotgan Liliya Kaneeva o’rta maktabni Amerikada, u ham mayliku-ya, amerikalik oilada yashab, katoliklar tomonidan yuritiladigan bilim maskanida bitiraman, deb hech ham hayoliga keltirmagan edi. Shu kunlarda Liliya Meriland shtatidagi Episkop Maknamara nomli xususiy maktabni tugallayapti.

"AQShda o’tkazgan bir yilim, hayotiy saboq bo’ldi, aslida kim ekanimni tushunib yetdim,"- deydi u.

- Oilada, maktabda, qolaversa har yerda ingliz tilida gaplashib, endi o’zbek va rus tillarida gapirishga qiynalyapman. Bir tildan ikkinchisiga o’tib ketish juda mushkul kechar ekan. Boshida ancha qiynaldim. Atrofingizda begona odamlar. Yangi tanishlar. Yangi oila. Birdaniga yangi dunyoga tushib qolgandek bo’ldim. Meni otaliqqa olgan oilada uch kishi bor- ona va uning egizak qizlari –Anna Mari va Richel. Mezbon onamning ismi Elizaveta Xangerford.

Liliya AQSh davlat departamentining FLEX degan dasturi orqali kelgan. Dasturda qatnashuvchi katolik maktabi uni homiylikka oldi. Boshida maktabning dindorlarga tegishli ekanidan cho’chidi, ammo darslar boshlangach, ularda diniy emas, dunyoviy bilim berilayotganini anglab yetdi.

-Ammo maktabimdagi muhit ancha diniy. Darsdan oldin ibodat qilinadi. Musulmon bo’lganim uchun, mendan fotiha qilishni so’rashadi. Hamma men qatori omin, deydi. Ular mening madaniyatimni o’rganishyapti, men esa ularning. Qizig’i shuki, buning hech qiyin joyi yo’q.

AQShda bilim olish qiyin ekan, deydi Liliya. O’quvchilarga keng mustaqillik beriladi va shuning evaziga sizdan ko’p narsa kutiladi ham.

- Amerikada o’qituvchilar o’zlarini xuddi bizning tengimizdek tutishadi. Darsda oddiy tilda gapirishadi. Farqi shuki, O’zbekistonda o’qituvchi ustoz, sizning o’rtog’ingiz emas. Ammo, muallimlar, menimcha, bu yerda ham birdek xurmat qilinadi.

AQShda nima dars o’qishni o’quvchining o’zi tanlaydi. Liliya asosan AQSh tarixi, adabiyoti kabi darslarni tanladi.

- Bular menga shu jamiyat haqida ko’proq bilim beradi. AQSh Osiyo adabiyotini ham o’qiyapman. Amerika kitoblarida bizni juda yuqori baholashadi. Amerikaliklar bizning madaniyatimizdan hayratlanadilar. Vatanim haqida o’zim ham ko’p narsa bilmas ekanman. Kishi nafaqat o’zga madaniyat, balki o’z madaniyatini ham chuqurroq tushuna boshlarkan.

Qaysi fan bo’lishiga qaramasdan, har bir darsda undan O’zbekiston haqida so’rashadi. Liliyaning vatani uning Amerikadagi tengqurlari uchun ochilmagan dunyo.

-Amerikaliklar juda bag’rikeng, ochiqko’ngil odamlar. Ular O’zbekistonga juda qiziqadi. Ularga qo’ldan kelgancha, xalqimiz haqida aytib beraman.

Liliya, Amerika yoshlari ko’pchilik o’ylagancha bebosh va behayo emas, deydi.

- Bu yer yoshlari o’yinqaroq, ammo javobgarlikni bo’yniga oladi. Bilmasdan hukm chiqara olmaysiz. Ularning o’z yo’li bor, xuddi mening o’z yo’lim bo’lganidek. Amerika yoshlari juda mustaqil ekan. Men bunday mustaqillikka o’rganishga qiynaldim. Bizda ota-ona mehribon, ammo qattiqqo’l. Ularning ruxsatisiz biror narsa qilmaymiz. Bu yerda ham ota-onalar juda g’amxo’r, ammo farzandlarga yetarlicha erkinlik beradi. Menimcha, bu insonni mustaqil hayotga yaxshiroq tayyorlaydi.

Liliya AQShdagi hayoti haqida to’lqinlanib gapiradi, ammo u ham boshqa ko’pchilik chet elliklar qatori madaniy shokni boshdan kechirdi va kechiryapti. Yangi muhit, o’zgacha fikrlovchi odamlar, ular orasidagi, Liliyaning fikricha, g’alati munosabatlar ...

- Amerikaliklarga og’ir botmasin-u, ammo biz ota-onani xurmat qilishga, ularni xudodek ko’rishga odatlanganmiz. Bu yerda yoshlarning ota-onasini haqoratlayotganiga, onasi ish buyursa, yo’q qilgim kelmayapti, o’zing qil, deganiga guvohman. Biz bunday qilolmaysiz, qilmaysiz ham. Ona bu ona.

Mezbon ona Liliyaga faqat bitta talab qo’ydi: o’qish va maktabda darsdan tashqari mashg’ulotlarda qatnashish.

- Mezbon onam menga Amerikaning ijobiy tomonlarini ko’rsatishga urinadi. Amerikaliklar odatda uyda kam ovqat qiladi, ko’p yeydi, semiz deb o’ylashadi. Mezbon onam deyarli har kuni ovqat qiladi. Sizda buni yoki uni qanday qilishadi, deb qiziqadi.

Madaniy elchilikning bir ko’rinishi bu milliy taomlarni ko’z-ko’z qilish. O’zbekistonda qizlar yoshligidanoq uy-ro’zg’or, oshxona ishlariga jalb etiladi.

- Har yakshanba somsa, palov qilaman. Amerikaliklar bizning taomlarni xush ko’rishadi. Men bu yerga faqat bu yer hayotini ko’rish uchun emas, o’z urf-odatlarimni namoyish etish uchun ham kelganman.

Liliyaning Amerikadagi singlisi bizga o’zbekistonlik opasi timsolida butun dunyoni ko’rganini, yer yuzida turli xalq, turli madaniyatlar borligini va hamma ham birdek fikr yuritavermasligini o’rganganini aytib o’tdi. Elizaveta Hangerford xonim, ya’ni Liliyaning Amerikadagi onasi esa o’zbekistonlik qizining egizak farzandlariga haqiqiy o’rnak bo’lganini ta’kidlaydi. Dunyoning u burchagidan bu burchagiga bir o’zi kelib, o’zga oilada, o’zga muhitda yashash va oldidan chiqqan ham bir mashaqqatni yenga olish mardlikdir, deydi Xangerford xonim.

Liliya esa shu yoz oliy o'quv yurtiga kirishni rejalamoqda. Xalqaro aloqalar va diplomatiya sohasini egallash niyatida.

- Dunyo bepoyon va imkoniyatlarga boy. U bizni, meni kutyapti. Balki bir kun kelib O’zbekistonning chet eldagi elchisi bo’larman.

XS
SM
MD
LG