Breaking News

Namoyishlar Qirg'iziston boshqaruviga xavf solmoqda


Qirg’iziston bosh prokurori Qambarali Kongantiev, prezident Qurmanbek Bakievdan hukumat rahbarini iste’foga ketkazish talabi bilan o’tkazilayotgan namoyishlarga nisbatan cheklovlar kiritishni talab qilgan.

Bosh prokuror, kecha Xavfsizlik Kengashi yig’ilishida, prezident va vazirlar mahkamasini, terroristlar hamda diniy ekstremistlar doxil jinoiy guruhlar hamkorligida o’tkazilayotgan namoyishlar natijasida davlat boshqaruv tizimi boy berilishi xavfi haqida ogohlantirgan.

Qambarali Kongantievga ko’ra, Asqar Aqaev hokimiyatni tark etgan mart oyidan buyon Qirg’izistonda hukumatga qarshi ruxsat berilmagan va qaroqchilik hamda zo’ravonlik bilan omihta 2 ming namoyish o’tkazilgan.

Bosh prokuror namoyishlar tashkilotchilarining jazolanmayotgani, huquq-tartibot idoralarining loqaydligi mamlakatda hukumat boshqaruv tizimlarining qo’ldan chiqishiga sabab bo’lishi mumkinligi to’g’risida gapirarkan, jinoiy guruhlar parlament deputatlariga bosim o’tkazayotganini ta’kidlagan.

Qambarali Kongantiev, shuningdek, ayrim davlat yetakchilarining jinoiy guruhlarga aloqador ekanini ma’lum qilgan, ammo muayyan ism-shariflarni dalil tariqasida keltirmagan.

Qirg’iziston parlamentining deputati Inom Abdurasulov bosh prokurorning deputatlar sha’niga aytgan so’zlarini rad qiladi.

Prezident Qurmanbek Bakiev mamlakat huquq-tartibot tizimlarining jinoiy guruhlar qarshisida ojiz ekanini tan olgan.

Qurmanbek Bakiev tartibsizliklarni uyushtirayotgan shaxslar qattiq jazolanishini ma’lum qilgan bo’lsa-da, mamlakat bo’ylab namoyishlar davom etmoqda.

Oktyabr’ oyi oxirida Qirg’iziston turmalarida mahbuslar isyon ko’targan, natijada deputat Tinich Aqmatboev o’ldirilib, uning tarafdorlari namoyishlar o’tkazgan, kuz boshida o’ldirilgan deputat Bayaman Erkinbaevning akasi o’ziga o’t qo’ygan, Qumtor oltin koniga boradigan yo’l to’silgan, poytaxt Bishkekda yerni bosib olish holatlari kuzatilgan edi.

Bosh prokuror Qambarali Kongantievga ko’ra, mamlakatda ahvol juda tashvishlanarli, uyushgan jinoyatchilik aholining yoppasiga islomga o’tishini va Farg’ona vodiysida xalifat o’rnatilishini talab qilayotgan terroristlar hamda diniy ekstremistlar bilan chatishib bormoqda. Bosh prokuror mamlakat rahbariyatidan shoshilinch ravishda siyosiy vaziyatni barqarorlashtirish uchun kerakli choralar ko’rishni talab qilgan.

XS
SM
MD
LG