Breaking News

Afg'on afyunining 40 foizga oshgani - Markaziy Osiyo muammosi


Qoradori savdosi yengilmas sanoat. Unga qarshi kurash yo’lida qanchalik ko’p mablag’ ajratilmasin, afyun va boshqa narkotik moddalar yetishtirish va ularni boy davlatlardagi iste’molchilarga uzatish tobora taraqqiy etib bormoqda.

Afg'oniston dunyoda afyun chiqarishda birinchi o'rinda ketmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkiloti hisobicha, Afg'onistonda qoradori ishlab chiqarish bu yil 40 foizga oshgan va sanoat jami 2,7 milliard dollar daromad qilgan.

Markaziy Osiyo esa ana shu mahsulot olib o’tiladigan asosiy yo’l bo’lib qolmoqda. Mintaqa va Afg’oniston orasida bunga qarshi hamkorlik shu paytgacha ish bermayapti.

Kurash strategiyasini o’zgartirish lozim, deydi bir paytlar AQSh Davlat departamentida Pokiston va Afg’oniston bo’yicha razvedka ma’lumotlarini tahlil qilgan, afg’on hayoti bilan yaqindan tanish professor Marvin Vaynbaum (Marvin Weinbaum).

"Muammo shundaki, Afg’oniston hukumati zaif. Markaziy hukumatning qudrati oshmas ekan, qoradori sanoatini yengib bo’lmaydi. Xalq hayotini yaxshilash lozim, unga non topish uchun boshqa imkoniyatlar yaratish lozim. Qoradori savdosi juda jiddiy masala, ammo muammoni faqat uni yetishtirayotganlarga qarshi chora ko’rib, hal eta olmaysiz. Ehtiyotkorlik bilan, strategiya bilan chiqish kerak",- deydi Vaynbaum.

Hamid Karzay hukumati yaqinda qoradori yetishtirish va uni sotishga qarshi yangi yo’l topdik deb ma’lum qildi. Hukumat shu paytgacha ko’rilgan choralar pand berganini tan oldi. Rasmiy Kobul xalqaro hamjamiyatdan qo’shimcha yordam so’ramoqda.

"Siyosatning yangilanishi yaxshi, ammo siyosat haqida nima bilamiz?"- deydi Vaynbaum. "Aniq bir reja yo’q. Shu damgacha Afg’onistonda dehqonga tegma, u nima qilsin, bozor talab qilgandan keyin, yetishtiradi-da ko’knorni, deb kelganmiz. Kunini yana qanday ko’rishi mumkin, ko’knor uning oilasini, xo’jaligini boqyapti, deb kelganmiz. Mayli, dehqonga tegmayapmiz, ammo ko’knorni qoradoriga aylantirayotganlar kimlar? Ularni kim jahon bozoriga chiqaryapti? Nega shu paytgacha ularning hech biri qamoqqa olinmadi? Menimcha, muammo tizimda, hukumatda. Demak, qoradori savdosining ildizini yo’q qilish uchun korrupsiyaga qarshi kurashmoq kerak",- deydi tadqiqotchi.

Vaynbaum va boshqa mutaxassislar taklif qilayotgan strategiya mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirishni talab qiladi. Mintaqaviy hamkorlik esa ko’p hollarda faqat qog’ozda.

"Qoradori savdosi butun Markaziy Osiyo muammosi. Afg’oniston Eron, Turkmaniston, O’zbekiston va Tojikiston bilan ishlamasa bo’lmaydi. Narkotik mahsulotlar aynan shu davlatlar orqali jahon bozoriga chiqadi. Eng ko’pi, Eron va Tojikiston orqali. Qoradori tashuvchilar esa turli tizimlar va kishilar. To’g’ri, Markaziy Osiyodagi jangari kuchlar bunda xizmat ko’rsatadi. Biroq bunga yo’l berayotgan narsa avvalo mintaqada chuqur ildiz otgan korrupsiyadir, yuqori lavozimdagi rasmiylarning korrupsiyaga berilganidir. Rasman, Markaziy Osiyodagi barcha davlatlar qoradoriga qarshi kurashga bel bog’lagan, lekin bu sanoat shu darajada daromad keltiradiki, oz maoshli ishlardagi odamlar o’zlarini bu qora biznesdan tiya olmaydilar."

Turkmanistondan Afg’oniston orqali Pokiston tomon tabiiy gaz quvuri yotqizilmoqda. Tabiiyki, bu kabi katta loyihalar ish o’rinlari yaratadi. Ammo, deyishadi ba’zi siyosiy sharhlovchilar, gap katta loyihalarda emas, kichik bizneslar, kichik korxonalar va xalqning eng quyi qatlamlari hayotini yaxshilovchi dasturlar tanishtirishda, oddiy odamlarga imkoniyat yaratishda.

XS
SM
MD
LG