Ommaviy axborot vositalariga doir qonun yangi tahrirda


O`zbekistonda “Ommaviy axborot vositalari faoliyati to’g’risida”gi qonunga o’zgartirish kiritildi. 16 yanvardan e’tiboran kuchga kirgan yangi tahrirdagi qonun O`zbekistonda senzurani man etadi. Ayrim mutaxassislar fikricha, matbuot erkinligi qonunga emas, hukumatga bog`liq.

O`zbekiston jurnalistlar uyushmasi raisi Sherzod G`ulomov fikriga ko`ra, ommaviy axborot vositalariga doir yangi tahrirdagi qonun loyihasi ustida davlat va jamoatchilik vakillaridan iborat ekspertlar guruhi ishlagan. Qonun 16 yanvar kuni matbuotda e`lon qilingan kundan boshlab kuchga kirgan.

O`zbekiston jurnalistlar uyushmasi raisi Sherzod G`ulomovning aytishicha, yangi qonun puxtaligi, har bir modda batafsil aniqlashtirilgani bilan avvalgisidan farq qiladi.

“Bundan tashqari, yangi qonun davriy nashrlarning elektron shakllarini tarqatish, davriy nashrlarning ilovalari bilan bog’liq holatlarni ham belgilaydi. Bundan tashqari, muassis huquqlari va majburiyatlarining to`xtatilishi degan 11-modda ham bor. Homiylarning ommaviy axborot vositalarida ishtirok etishi haqidagi avvalgi qonundagi 20-modda yoq”, - deydi yangi qonundagi o`zgarishlar haqida Sherzod G`ulomov.

Uning ta’biricha, yangi qonun qabul qilish ehtiyoji o`zgarayotgan davr bilan bo`gliq va ommaviy axborot vositalari faoliyati uchun qulay.

Mahalliy jurnalist Toshpo`lat Yo`ldoshevning fikricha, yangi qonunga ehtiyoj ko’proq davlat nazoratini kuchaytirish bilan bog`liq.

“Qonunlar odatda taxminiy xalqaro me`yorlarga yaqinroq tarzda yoziladi. Lekin qonundan ham kuchliroq qonunosti aktlar bor. Shular orqali jurnalistlar, ommaviy axborot vositalari nazoratga olinadi”, - deydi u.

Yo`ldoshev qonunda atayin aniqlik kiritilmagan va turlicha talqin qilish mumkin bo`lgan joylar ko`p deb hisoblaydi.

“Davlat sirlarini ochish taqiqlanadi deyilgan. Lekin davlat sirlari nima ekani keltirilmaydi. Buni davlat idoralari o`zlaricha talqin qilib, o`zlaricha hukm chiqarishlari mumkin”, - deydi Yo`ldoshev.

Ommaviy axborot vositalari faoliyatiga oid yangi tahrirdagi qonunda O`zbekistonda senzuraga yo`l qo`yilmasligi, har kim oz fikri va e`tiqodini ommaviy axborot vositalarida ochiqch bayon etish huquqiga ega ekanligi ta’kidlab o`tiladi.

Yangi qonun qabul qilinishi bilan matbuotda biror o`zgarish, jonlanish kuzatilishi mumkinmi?

O`z tanqidiy maqolalari uchun qamoqqa olingan va yaqinda amnistiya tufayli ozodlikka chiqqan huquq himoyachisi va jurnalist Yodgor Turlibekovning so’zlariga qaraganda, qonunlarda tsenzura taqiqlanagani bilan amalda unday emas.

“Ommaviy axborot vositalarida maosh olib ishlaydigan biror jurnalist ana shu senzura chegarasidan chiqadigan bo`lsa, maqolasi chiqmasidan avval o`zi ishdan ketishi turgan gap”, - deydi Turlibekov.

Mutaxassilar o`zbek matbuoti haqida gapirar ekan, uning keskin nazorat ostida ekanligi, mustaqil jurnalistlar tazyiqda ekanligini ta’kidlashar ekan, buni mavjud hukumatning mustaqil matbuotdan, so`z erkinligidan qo`rqishi bilan tushuntirishadi.

Ular nazarida matbuot nazorati hukumat tomonidan bevosita ko`rsatmalar, bosh muharrirlar va muassislar orqali boshqariladi. Ijtimoiy-siyosiy gazetalarda hukumat tasdig`idan o`tgan nomzodgina bosh muharrir bo`lishi mumkin.

Jurnalistlar uyushmasi raisi Sherzod G`ulomov bu tanqidlarni o`rinsiz hisoblaydi va mamlakatda mingga yaqin nashrlar chop etilayotgani, ular nima yozish-yozmalsikni o`zlari hal etishini aytadi.

Mustaqil jurnalistlardan birining aytishicha, tuli-tuman markaziy gazetalarning adadi o`rta hisobda 2-3 ming nusxani tashkil etadi. Ayrim gazetalar qayta ro`yxatdan o`tish uchun Matbuot agentligi talab qilayotgan haqni to’lashga qurbi yetmaydi. Bu gazetalar soxta xilma-xillikni ta`minalsh uchungina saqlab qolinayapti, deydi jurnalist.

XS
SM
MD
LG