Qozog'iston Markaziy Osiyo Davlatlari Ittifoqini tuzishni taklif qilmoqda


Qozog`iston Markaziy Osiyo Davlatlari Iittifoqini tuzishni taklif qilmoqda. Rasmiy Ostona nazarida mintaqa taraqqiyoti uchun Yevrosiyo Hamjamiyatiga a’zolikning o’zi yetmaydi.

Avval Markaziy Osiyo davlatlari ishtirokidagi iqtisodiy tashkilot mavjud bo`lib, keyinchalik bu tashkilotga Rossiya ham a`zo bo`lib kirgan. Ikki yil avval tashkilot faoliyatini to`xtatib, barcha e’tibor Yevroosiyo Iqtisodiy Hamjamiyatiga qaratilgan.

O`sha paytda mintaqa rasmiylari bu harakatni har ikki tashkilotga ketadigan xarajatlarni umumlashtirish va tashkilotlar oldidagi maqsadlar o’xshahshligi bilan izohlashgan edi.

Yevrosiyo Iqtisodiy Hamjamiyatida uzoq muhokama qilinayotgan va xamon ma’qullanmagan hujjat – bojxona kelishuvlarini muvofiqlashtirish haqida.

Yevrosiyo Iqtisodiy Hamjamiyatiga mintaqa davlatlaridan tashqari, Rossiya va Belarus a`zo.

Qozog`iston prezidenti Nursulton Nazarboyev bu tashabbusga qaytar ekan, nima sababdan shu paytgacha mintaqa davlatlari tuzulmasiga asos solinmaganidan taajubda.

Kuzatuvchilar nazarida buning turli sabablari bor. Davlat rahbarlarining ambitsiyalari, yetakchilik uchun raqobat, geosiyosiy kurash ta’siri, mintaqada mustaqil davlatchilik siyosati yuritilayotgani, O`zbekistonda siyosiy tuzumning bunga qarshilik qilayotgani va hokazo.

Qozog`iston prezidenti mintaqa davlatlari ittifoqini tuzish haqidagi tashabbusini 9 aprel kuni e’lon qilgan. Hozirgacha mintaqa davalatlarida bunga nisbatan biror munosabat bildirilmagan.

Siyosatshunos Farhod Tolipov fikricha, ayni paytda faqat Qir`giziston integratsiyaga tayyor.

“O`zbekiston esa hozirgacha o`zini tortib turdi, garchi bundan hammadan ham ko`proq manfaatdor bo’lsa ham. Bu mamlakat ichkarisidagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat va O`zbekistonning geosiyosiy kurashda noqulay ahvolga tushib qolgani bilan bog`liq. Tojikistonda mintaqaning birlashuvi – bu faqat turkiylarning o`zini ishi degan qarash ham bor. Turkmanistondagi vaziyat esa hozircha noma’lum bo`lib qolmoqda”, - deydi Farhod Tolipov.

Uning ta’biricha, tashabbus hayotga tadbiq qilinishi uchun Qozo`giston faol harakat qilishi kerak.

“Quruq shiorlardan amaliy kun tartibiga o`tadigan bo`lsa, Qozog`istonning mas`ul yetakchiligi isbotlanadi, menimcha buni kutish mumkin, chunki Qozog`iston prezidenti bir necha marotaba shunday tashabbus bilan chiqqan”, - deydi u.

Muxolifatdagi “Ozod dehqonlar” partiyasi raisi Nigora Hidoyatova fikriga ko`ra, O`zbekistondagi iqtisodiy muhut ittifoqqa birlashsish uchun imkoniyat bermaydi.

“Shunday maqol bor – maqsadga erishishni istagan odam uning yo’llarini qidiradi, xohlamagan odam esa bahonalarni. Ayni paytda mintaqa davlatlarida birlashish uchun biror harakat qilinayotganini ko`rmayapman, har biri o`z muammolariga o`ralashib qolgan”, - deydi u.

Adabiyotshunos olim Baxtiyor Isabek mintaqa aholisi azaldan birlashishga tayyor, muammo faqat siyosiy rahbariyatda deb hisoblaydi.

“Mintaqada konfederatsiya vujudga keladimi yoki Yevropa Ittifoqi darajasidagi ittifoqmi, buning uchun hamma sharoit bor. Agar aholidan so`ralsa, bunga yuz ellik foiz aholi ovoz beradi. Ayniqsa, O`zbekistonning katta bir qismi Qozog`istonga borib tirikchilik qilyotgan paytda. Qozog`istonda ham o`zini bilgan aholining katta qismi bunga qarshi emas. Faqat boqimandalar bizga nimaga kerak degan kichik bir qismi bo`lishi mumkin, bundaylar hamisha bo`ladi”, - deydi u.

Baxtiyor Isabek Markaziy Osiyo mintaqasi tarixan yaxlit siyosiy-iqtisodiy hudud sifatida ma`lum, mintaqa tarixiy fojeasi, qashsoqlashishi sababi aynan uning tarqoqligida deydi. Bugun mintaqa yaxlitligi uchun shunday imkoniyat yaratilmoqda, undan foydalana olish rahbariyat kayfiyatiga taqalib qolmoqda.

XS
SM
MD
LG