Sharhlovchilar: O'zbekiston integratsion jarayonlardan chetda qolyapti


Dushanbeda Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi sammitida erishilgan kelishuvlardan qat’iy nazar, deydi tahlilchilar, O`zbekistonning mintaqa integratsiyasiga nisbatan siyosati o’zgarmaydi.

O’zbekiston Tojikiston, Turkmaniston Qozog`iston va Qirg`iziston bilan umumiy chegaraga ega. Mintaqa davlatlarini bir-biriga tutashtiruvchi asosiy yo`llar O`zbekiston orqali o`tadi.

Hozirda O`zbekiston Turkmaniston va Tojikistonga nisbatan viza tartibini saqlab qolmoqda. Qirg`iziston va O`zbekiston o`rtasida viza tartibini bekor qilishga ikki mamlakat prezidentlarining Toshkentda o`tgan uchrashuvida kelishilgan edi.

O`zbekiston hukumatining chegara va bojxona bo`yicha tutgan keskin siyosati iqtisodiy aloqalardagi to`siqlardan biri sifatida ko`rsatib kelinadi. Dushanbeda o`tgan sammitdan oldin, Tojikiston va O`zbekiston o`rtasidagi viza rejimi bekor qilinishi mumkinligi haqida xabar tarqalgan edi, biroq bu ma`lumot tasdig`ini topganicha yo’q.

Sharhlovchi Toshpo’lat Yo’ldoshev fikricha Dushanbe sammitida ishtirokni ramziy ma`noda tushunish kerak - O`zbekiston pozitsiyasi ko`proq kutishdangina iborat.

“Qo`shni davlatlar bilan aloqalar keskinligining asosiy sababi iqtisodiy ahvoldir. Chunki chegaralar ochilishi, odamlar, transport qatnashi, baribir iqtisodiy aloqalarni rivojlanishiga olib keladi. Bu esa O`zbekistondagi ishlab chiqarishga zarar bo’ladi. Shularga to`siq yaratish uchun O`zbekiston hukumati turli siyosiy bahonalar ko`rsatib, aloqalarni rivojlanishiga yo`l qo`ymayapti”, - deydi Yo'ldoshev.

Mintaqadagi to`rt davlat, shuningdek Rossiya va Belarus a`zo bo`lgan Yevrosiyo Iqtisodiy Hamjamiyatining bosh maqsadi yagona erkin iqtisodiy hudud yaratish ekanligi qayd etiladi.

Siyosiy sharhlovchi Abduvali Soyibnazarovning aytishicha, Yevrosiyo iqtisodiy integratsiyasida siljishlar kuzatiladi, jumladan a`zo mamlakatlar o`rtasida savdo aloqalarining o`sishi qayd etilgan.

“O`zbekistonning qo`shni davlatlar bilan munosabati ham rivojlanib bormoqda, masalan Turkmaniston bilan aloqalar avval ancha sovuqlashgan edi, biroq Turkmanistonda yangi prezident hukumatga kelgandan keyin munosabatlar ancha iliqlashdi. Rossiya, Qozog`iston, Turkmaniston prezidentlari va O`zbekiston o`rtasida, garchi O`zbekiston tomoni ishtirok etmagan bo`lsada, Kaspiy neft quvurlari bo`yicha shartnoma imzolanishi, mintaqa davlatlari bilan aloqalarning rivojlanib borayotganligini ko`rsatmoqda”, - deydi Soyibnazarov.

Tojikiston Turkmanistondan O`zbekiston elektr tarmoqlaridan foydalangan holda energiya sotib olishni ko'zlamoqda.

Mintaqa davlatlaridagi eng og`ir muammo suv tanqisligi, undan samarali foydalanish ekanligi qayd etiladi. Ayniqsa O`zbekiston uchun bu dolzarb muammolardan biri. O`zbekiston tashqi ishlar vazirining BMT yig`ilishida so`zlagan nutqi ham asosan shu muammoga qaratildi.

Toshpo’lat Yo’ldoshev nazarida suv masalasining yechimi ko`proq O`zbekistonga bog’liq.

“Agar qishda elektr energiyasi va gaz yetkazib berilsa, Tojikiston tomoni avvalgi tartibda suv yetkazib beradi. Tabiiyki bu borada aniq kelishuv kerak”, - deydi ekspert.

XS
SM
MD
LG