O'zbekiston qamoqxonalaridagi ahvol BMT muhokamasida


BMTning Jenevada o'tayotgan 39-sessiyasida qiynoqlarga qarshi kurash mavzusi muhokamada.

Sessiya davomida Latviya, O’zbekiston, Estoniya, Norvegiya, Portugaliya va Benindagi ahvolga doir hisobotlar tinglanmoqda. Mutaxassislar bu davlatlarda qiynoqlar bas qilinishiga doir maslahat va tavsiyalar ijrosini ko’rib chiqadi.

O’zbekistondagi ahvol muhokamasi 9-12 noyabr kunlariga belgilangan ekan, BMTning qiynoqlar bo'yicha maxsus vakili Manfred Novak O'zbekiston hukumatini uni mamlakatga taklif qilishga chaqirgan. Inson huquqlari ahvoliga xolis baho berish uchun tashrif muhim, deydi Novak.

Manfred Novakning O'zbekistonda qiynoqlar hamon qo'llanilayotgani haqidagi bayonotlarini rasmiy Toshkent rad etib keladi. 2002 yilda O`zbekistonga tashrif buyurgan BMT vakili Teo Van Boven qiynoqlar tugatilishi yuzasidan hukumatga tavsiyalar bergan edi.

Inson huquqlari bo'yicha Human Rights Watch tashkilotiga ko'ra ahvol o'zgargani yo'q. Tashkilot chiqargan yangi tahlilnomada yozilishicha, O`zbekistonda qiynoqlar keng qo`llaniladi, inson huquqlari muntazam ravishda poymol etiladi. O`zbekiston hukumati bu xildagi ayblovlarni rad etib keladi.

Tanqidchi shoir Yusuf Jumaning aytishicha, uning turmush o`rtog`i, Qorako`l tumanida namoyish o`tkazgan Gulnora Oltiyevaga qarshi jinoiy ish qo’zg’atilgan.

“159-moddaga muvofiq (O`zbekiston kontitutsiyasiga tajovuz qilish) jinoiy ish ochilgan. Saylov oldidan tartibni buzmasin deb qilayotgan bo`lishlari mumkin”, - deydi Yusuf Juma.

O`zbekiston huquq himoyachilari alyansi vakili Yelena Urlayeva unga chiqish vizasi berilmagani uchun Dublinda o`tishi kutilayotgan Inson huquqlari xalqaro konferensiyasida qatnasha olmasligi haqida bayonot tarqatgan edi. Alyans vakili Abdulla Tojiboy og`lining aytishicha, Urlayevaga yaqinda chiqish vizasi berilgan.

Huquq himoyachisi Surat Ikromov fikriga ko`ra, qiynoqlar tegov-surishtiruv ishlarining asosiy vositasi bo`lib qolmoqda. Ikromovning aytishicha, diniy e’tiqodga doir ayblar bilan qamalgan mahbuslarning jazo muddati bitgandan so`ng ularga yangi ayblovlar belgilanmoqda.

XS
SM
MD
LG