Xitoy Tibetdagi to'polonlarda Dalay Lamani ayblamoqda

  • Stefani Xo

Xitoy hukumati Tibet rahnamosi Dalay Lamani separatizmda ayblamoqda. Rasmiy Pekin nazarida o’tgan hafta muxtoriyatda 13 kishining o’limiga sabab bo’lgan qonli namoyishlar ortida Dalay Lama turibdi. Diniy yetakchi esa vaziyat keskinlashar ekan, lavozimidan ketishga qaror qilgan.

Dalay Lama Tibet Xitoydan mustaqil bo’lmoqchi emas, faqat haqiqiy muxtoriyatga erishsin deb keladi. Xitoy hukumati nazarida esa Dalay Lama tinchlik shiori ostida Tibet ahlini rasmiy Pekinga qarshi qonli kurashga chorlamoqda.

"Tibetdagi zo’ravonliklar qanday va kim tomonidan rejalangani va amalga oshirilgani haqida dalillar ko’p. Bu Dalayning ishi”,- deydi Xitoy Bosh vaziri Ven Tsiabao.

Tibet Xitoy g’arbidagi tog’li va rivojlanmagan mintaqa. Hindistonda surgunda yashab kelayotgan Dalay Lama fikricha rasmiy Pekin bu xalq bilan qanday bog’lanishni, uni qanday idora etishni bilmaydi.

Uningcha Xitoy Tibet ahlini va uning madaniyatini yo’q qilishga bel bog’lagan. Dalay Lama rasmiy Pekinni tibetliklar huquqini tinimsiz poymol etayotganlikda, buddizm ildiziga bolta urayotganlikda ayblab keladi.

"Xitoy o’z repressiv siyosati tufayli vujudga kelgan halokatni tan olmayapti va Tibetning diniy rahnamosiga tuhmat qilmoqda", - deydi buddist faollar. Ularning hisobicha o’tgan hafta Tibetda namoyishlar kuch bilan bostirilganda 13 kishi emas, aslida 80 kishi o’lgan.

Tibetda buddizm uzoq tarixga ega va diniy yetakchilikka, ya’ni dalay lamalikka 1391 yilda asos solingan. O’tmishda diniy yetakchi bu xalqni boshqargan davrlar ham bo’lgan.

XS
SM
MD
LG