G'arb Eronga qo'ygan talablarini yumshatishga rozi


Eron uranni boyitish dasturini to’xtatmasdan turib xalqaro hamjamiyat bilan muzokara boshlashi mumkin. AQSh Davlat departamenti mazkur taklifni tasdiqlamoqda.

Eron o’tgan kunlar ichida uzoq va o’rta masofaga ucha oladigan raketalarini sinovdan o’tkazdi. AQSh bunga javoban mintaqadagi ittifoqchilarini himoya qilishga tayyor ekanini bildirgan.

Raketa sinovlari G’arb davlatlari va Eron orasidagi ziddiyatlarni yanada kuchaytirgan. Sal avval, BMT Xavfsizlik Kengashiga a’zo davlatlar hamda Germaniya Eronga iqtisodiy yordam va imtiyozlar taklif qilgan edi. Rasmiy Tehron bunga yakuniy javob berganicha yo’q.

Mamlakat rahbarlari yadroviy tadqiqotlar olib borishga haqlimiz deb oyoq tirar ekan, G’arb avval qo’yilgan shartlarni yumshatishga rozi ko’rinadi.

AQSh Davlat departamenti vakili Shon Makkormakning aytishicha, “Eron sentrifugalari sonini oshirmaslikka va’da bersa, yangi muzokaralarga yo’l ochiladi”. Maqsad esa hamon o’sha-o’sha – dasturni yopishga ko’ndirish.

“Til topisha olsak Eronga nisbatan yangi sanksiyalar muhokamasi ham keyinga qoldiriladi”, - deydi Makkormak.

Qattiqqo’l siyosatni olg’a surayotganlar nazarida esa G’arb shartlarni yumshatib, orqaga chekinmoqda.

Bu orada, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning ta’kidlashicha, “AQSh Yevropada o’rnatishni rejalayotgan mudofaa tizimiga hojat yo’q”. Chunki, deydi u, Eron raketalari ikki ming kilometr masofaga ucha oladi, xolos. Kreml tizimni o’z xavfsizligiga tahdid deb baholaydi.
XS
SM
MD
LG