O'zbekiston-Rossiya aloqalarida burilish kutilmoqda


Mustaqillik bayrami nishonlanar ekan, Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putin Toshkentga tashrif buyurgan.

Ikki kun davomida Rossiya va O`zbekiston o`rtasidagi siyosiy- iqtisodiy aloqalar muhokama qilinadi.

O’zbekiston hukumati muzokaralarda Kavkazdagi harbiy harakatlarga nisbatan o’z rasmiy munosabatini bildirishi mumkin.

Putinning bu tashrifi, deydi sharhlovchilar, ikki davlat orasida aloqalarning yangi sahifasini ochishi mumkin, ya’ni yangi yo’nalishga turtki beradi.

Putinning O`zbekistonga tashrifi bir tomondan Rossiya- Gruziya urushi tufayli MDHdagi vaziyat ancha ziddiylashgan, ikkinchi tomondan esa O`zbekistonning G`arb bilan aloqalari bir qadar tiklana boshlagan paytga to'g'ri kelmoqda.

Yevropa Ittifoqi Rossiyaga nisbatan sanksiyalar joriy etish masalasini ko`rib chiqmoqda. MDHning aksariyat a`zolari Rossiya harbiy harakatlarini yoqlamagan. Jumladan O`zbekiston ham hozirgacha shunday pozitsiyada edi. Tashrifdan keyin bu pozitsiya qanday bo`lishi hozircha noma'lum.

G'arb bilan aloqalarni tiklayotgan rasmiy Toshkentni Kreml ta`sir doirasida saqlab qolish Putinni O'zbekistonga olib kelgan maqsadlardan biri sifatida ta'kidlanadi.

Biroz avval AQSh Markaziy Qo`mondonligi rahbari general-leytenent Martin Dempsi Toshkentda bo`lgan va O`zbekiston mudofaa vaziri bilan harbiy hamkorlik yuzasidan muzokaralar o`tkazgan edi.

Rossiyalik va o'zbekistonlik tahlilchilar nazarida Vladimir Putin Karimov baribir Kremlning Kavkazdagi siyosatini, jumladan Janubiy Osetiya va Abxaziya mustaqilligi tan olinishini qo`llab quvvatlaydi degan umidda.

Lekin separatist hududlarni tan olishga kelganda, siyosiy hamkorlik ancha nozik masala.

"Rossiyaning o`zi hozirgacha bir qancha separastik hujumlarni boshdan kechirib keldi. Atrofdagi davlatlar, jahon hamjamiyati bu muammoni to`g`ri tushund. Hech kim Rossiyadagi bunday ayirmachi guruhlarni tan olgani yo`q. Shunday muammolarni boshdan kechirgan Rossiyaning o`zi mana, afsuski, separatizmni qo`llab -quvvatlayapti. Hozir Gruziyaning yaxlitligi buzilayapti. MDHdan nima qoladi bilmadim, chunki bunday xavf uning tarqalib ketish ehtimolini kuchaytirayapti ", - deydi siyosiy sharhlovchi Farxod Tolipov.

Iqtisodiy aloqalar haqida gap ketarkan, Rossiya O`zbekiston gazini uzoq muddatli shartnomalarga ko`ra sotib olishni istaydi. Shuningdek Rossiya tomon yangi gaz quvurlarini yotqizish, bu sohada O`zbekistonda ishlayotgan Rossiya kompaniyalari loyihalarini jadallashtirish muhokama qilinmoqda.

Muzokaralarda Rossiyaga sotilyotgan gaz bahosi belgilanadi. Mintaqa davlatlari 2009 yildan boshlab gazni Yevropa narxlarida sotishga kelishib olgan.

Siyosiy faol Abdurahmon Tashanov fikricha Putin o'z tashrifidan maksimal foyda ko'zlamoqda.

"Nazarimda Putin muzokaralarda yetarli natijaga erishadi. Olayotgan gaz miqdorini ko'paytirishi, narxini nisbatan arzonlashtirishi mumkin", - deydi Tashanov, Putinni uddaburo strateg-siyosatchi sifatida tasvirlar ekan.

O'zbekiston G'arb va Rossiya bilan o'zaro manfaatlarga asoslangan, muvozanatli aloqa yurita oladimi?

O'tgan 17 yil sarhisob qilinganda, Islom Karimov hamisha bir tomonga ko'proq og'ishi ko'zga tashlanadi.

XS
SM
MD
LG