Afg'onistondagi portlashda viloyat hokimi halok bo'lgan


Afg'oniston sharqida yuz bergan portlash Logar viloyati hokimi Abdulla Vardak va yana 3 kishining hayotiga zomin bo'lgan. Tolibon hujumni uyushtirganini tan olmoqda.

Politsiya ma'lumotlariga ko'ra voqea Kobuldan 20 kilometr uzoqlikdagi Pag'mon shahrida ro'y bergan. Rasmiylarning aytishicha sobiq vazir va hokim Abdulla Vardak haydovchisi va ikki tan soqchisi bilan uyidan chiqayotganda bomba portlagan. Hech kim omon qolmagan.

Bu 2001 yildan beri Afg'onistonda ikki viloyat hokimi o'ldirilgan. Jangarilar ikki oy oldin ham Abdulla Vardak joniga qasd qilgan. Uning idorasiga o'rnatilgan bomba xalqaro koalitsiya kuchlari yordamida olib tashlangan edi. 50 yolshli Vardak bir yilcha oldin Logar hokimi etib tayinlangan edi.

Afg'onistonning Pokiston bilan chegaradosh hududlaridagi ahvol bugun barchani tashvishga solib keladi. 14 avgust kuni Logar viloyatida 3 xorij fuqarosi va ularning haydovchisi otib ketilgan edi.

Rasmiy Kobul xalqaro koalitsiyani havo hujumlarida oddiy fuqarolar halok bo'layotganida ayblab keladi. BMT tergovchilari yaqinda Hirot viloyatining Azizobod qishlog'ida 90 kishi o'lganini aytadi, aksariyati yosh bolalar. AQSh harbiylari voqea yuzasidan qayta tergov boshlashga so'z bergan.
XS
SM
MD
LG