Rossiya qimmatbaho qog'ozlar bozori sarosimada


Yevropa va Rossiya Janubiy Osetiyaga kuzatuvchi jo’natish masalasida kelisha olmayapti. Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti hududga 80 nafar mutaxassis yuborishni taklif qilmoqda. Biroq Kreml ko’nmayapti va muzokaralar boshi berk ko’chaga kirib qolgan.

Kavkazdagi urush Rossiya qimmatbaho qog’ozlar bozoriga ham ta’sir qilmoqda. Mana ikki kundirki, mamlakat aksiyalar bozorida savdo sust, chet el sarmoyadorlari pulini qaytarib olmoqda. Rossiya Moliya vazirligi vaziyatni o’nglash uchun 44 milliard dollar sarflashga tayyor.

Qo’shma Shtatlar fikricha, Rossiya-Gruziya urushi ulkan xato edi va har ikki tomon birday aybdor.

AQSh Davlat kotibining Siyosiy masalalar bo’yicha muovini Vilyam Berns nazarida Gruziya, Vashington e’tiroziga qaramay, Janubiy Osetiyaga qo’shin kiritib xalq hayotini tahdid ostiga qo’ygan.

Biroq Rossiyaning javobini ham oqlab bo’lmaydi, Gruziyaga bostirib kirib, uni parchalashga hech kimning haqqi yo’q edi, deydi Berns. Uning aytishicha, Rossiya o’z qilmishi uchun javob bermoqda.

“Mamlakat iqtisodiyoti va siyosati zarar ko’rmoqda. Xorij investorlari Rossiyaga pul kiritmay qo’ygan. Iqtisodiy zarar yuz milliardlab dollar atrofida baholanmoqda. Buni qisman Gruziya-Rossiya urushi bilan izohlash mumkin”, - deydi Vilyam Berns. Sarmoyadorlar pulini olib chiqmoqda, rubl qiymati 10 foizga pasaygan.

Siyosiy jabhadagi zararga kelsak, Kavkaz urushidan so’ng Vashington Kreml bilan yadroviy va harbiy hamkorlikni to’xtatgan. G’arb nazarida

Rossiya aggressor va xalqaro hamjamiyat Janubiy Abxaziya va Osetiya mustaqilligini tan olishga shoshmayapti.

AQSh Rossiyani xalqaro bitimga amal qilib, o’z armiyasini Janubiy Osetiya va Abxaziyadan tezroq olib chiqishga undamoqda.

AQSh senatori Kris Dod fikricha, Rossiya xalqaro qonunlarni pisand qilmasa, nafaqat siyosiy-iqtisodiy mavqeidan ayriladi, balki dunyo xalqlari ko’zida yovuz kuchga aylanadi deydi.

Rossiya bozorida 1998 yilgi inqiroz takrorlanadi degan xavotirlar bor. O’shanda mamlakat milliardlab dollar zarar ko’rgan, banklar kasodga uchrab, chet el investorlari Rossiyaga ishonmay qo’ygan edi.

XS
SM
MD
LG