AQSh saylovlarida butun e'tibor natijani hal qiluvchi shtatlarda


Amerikada prezident saylovlari … Nomzodlar Barak Obama va Jon Makkeyn so’nggi kuch-g’ayratini saylov natijasida muhim rol o’ynovchi shtatlarga sarflamoqda.

Senator Makkeyn yetti shtatga sayohat qilib, azaldan respublikachilarga ovoz berib kelgan shtatlarni demokratlarga boy bermaslik harakatida. Barak Obama kampaniyasini Virjiniya, Shimoliy Karolina va Floridada yakunlaydi. Har uchala shtat 2004 yilda amaldagi respublikachi prezidentga ovoz bergan edi.

Ammo bu safar siyosiy manazara ancha boshqacha. Mamlakat bo’ylab omma orasida o’tkazilgan so’rovlar Obama raqibidan 6-7 foiz oldinda ekanini ko’rsatmoqda. Makkeyn kampaniyasi hisobicha u atigi 4 foiz orqada. Har ikki nomzod 4 yil ilgari raqib partiyaga ovoz bergan shtatlarni qo’lga kiritish uchun astoydil harakat qilyapti.

Arizonalik senator Makkeyn Pensilvaniya, Nyu-Gempshir va Floridada katta yig’inlar o’tkazib, saylovda bosh mavzu - iqtisodiyot haqida bot-bot gapirdi. Raqibi Obamani soliqlarni oshirishga urinayotganlikda ayblaydi. Uning aytishicha, Obamaning iqtisodiy dasturi o’sishni ta’minlash emas, asosan boylar pulini olib kambag’allarga tarqatishdan iborat.

Illinoyslik senator Obama saylov taqdirini hal qiluvchi shtatlardan biri - Ogayoda Makkeyndan kichik farq bilan oldinda. Qator shaharlarda saylovchilar bilan uchrashib, butun e’tiborni iqtisodiyotga qaratmoqda. Og’ir sanoat rivojlangan bu shtatda so’nggi yillarda sezilarli iqtisodiy qiyinchiliklar kuzatilgan.

“Men taklif qilayotgan reja ishchi-mehnatkashlar og’irini yengil qiladi, kichik bizneslar oyoqqa turib olishi uchun yordam beradi, soliqlar kamayadi”, - deydi Obama.

Mamlakatda inqiroz hukm surayotgan bir mahalda saylovchilar birinchi navbatda iqtisodiy muammolarni tilga olishi bejiz emas. Ommaviy so’rovlar natijasiga ko’ra keyingi o’rinlarda Iroqdagi urush va xavfsizlik masalalari.

50 shtatdan 34 tasida fuqarolar erta ovoz berish huquqiga ega. Bugunga kelib saylovchilarning uchdan-bir qismi o’ziga ma’qul nomzodni tanlab bo’lgan.

Jon Makkeyn maslahatchisi Rik Deyvisning aytishicha taxminlarga qaramasdan saylov natijasi qanday bo’lishini hech kim ayta olmaydi. Ikki nomzodning qarashlari, yondashuvlari, shaxs sifatida tabiati, ish-faoliyati haqida odamlar yetarli ma’lumotga ega, kimni tanlash ularga havola. Makkeyn, deydi Deyvis, g’olib bo’lishiga ishonadi.

Barak Obama kampaniyasini boshqarayotgan Deyvid Plaff deydiki, “kampaniyaning so’nggi soatlarida demokratlar butun e’tiborni betaraf saylovchilarga qaratmoqda”. Ular turli hisoblarga ko’ra 6-7 foizni tashkil etib, ovozi natijani hal qilishi mumkin.

AQShdagi saylovlarni butun dunyo katta hayajon bilan kuzatmoqda. “Dunyo ommasi fikrini so’rasangiz, ko’p mamlakatlar, ayniqsa Yevropa demokrat Barak Obamani prezident sifatida ko’rishni istaydi”, - deydi siyosatdon Robin Sheppard. “Ammo bunday ishtiyoq ko’p jihatdan prezident Bush siyosatiga bo’lgan norozilikni aks ettiradi”.

AQShning eng yaqin strategik hamkori Britaniyada ham aksariyat Obamani prezidentlikka loyiq deb biladi.

XS
SM
MD
LG