AQSh yangi prezidenti uchun iqtisodiy ahvol ustuvor masala


Prezident saylovlarida ishonchli g’alabani qo’lga kiritgan Barak Obama o’zining ilk matbuot anjumanida so’zlar ekan, asosiy diqqatni iqtisodiy muammolarga qaratishini bayon etgan.

“Demokrat va respublikachilar siyosiy kelishmovchiliklarni chetga surib, birga ishlashi kerak”, - deydi u.

Saylov arafasida o’tkazilgan ommaviy so’rovlarda aksariyat amerikaliklar iqtisodiy tanglikni birinchi darajali masala deb tilga olgan edi.

“Iqtisodiy bo’hrondan chiqib olish uchun qo’ldan kelgan barcha chorani ko’ramiz. Shu kunlarda millionlab oilalar og’ir damlarni boshdan kechirayotgani, ishi, uyi, daromadidan ayrilayotgani sir emas,” - deydi Barak Obama. Muammolarni hal etish uchun yangi ma’muriyatga eng sara mutaxassislar jalb etiladi.

Obama yangi rahbar ishga kirishgunga qadar boshqaruv amaldagi prezident va hukumat qo’lida ekanini eslatib o’tdi. O’tish davri silliq kechishini ta’minlash maqsadida barcha mavzular bo’yicha yaqindan maslahatlashib ish tutiladi.

Barak Obama yangi ma’muriyatini tuzishga kirishar ekan, muhim lavozimlarga kimlar tanlayotganiga qiziqish katta. Oq uy boshqaruvchisi lavomiziga Illinoys shtatidan kongressmen, sobiq prezident Bill Klinton ma’muriyatida xizmat qilgan Ram Emanuel tayinlangan. Moliya, mudofaa, tashqi ishlar vaziri lavozimlarini kimlar egallashi hozircha noma’lum.

AQShning 44-prezidenti Barak Obama 20 yanvar kuni Amerika demokratiyasining ramzi hisoblangan oq gumbazli imorat, qonunchilik organi joylashgan bino - Kapitoliy qarshisida qasamyod qiladi.

Tantanali marosim Vashingtonga millionlab mehmonlarni jalb etishi kutilmoqda. Inauguratsiya va yangi rahbarning xalqqa murojaatidan so’ng Kapitoliydan Oq uy tomonga rasmiy parad bo’lib o’tadi.

XS
SM
MD
LG