Afg'onistonda toliblar aholi punktlarini o'ziga manzil qilgan


Afg’onistonda Tolibon xalqaro koalitsiya kuchlari bilan to’qnashuvlarda oddiy aholidan qalqon sifatida foydalanmoqda.

AQShning Janubiy va Markaziy Osiyo bo’yicha bosh diplomati Richard Baucher Kobulga safar qilar ekan, jangarilar hukumatga bo’lgan ishonchni yemirish uchun har narsaga tayyor deydi.

Uning aytishicha so’nggi paytlarda Tolibon uslubini ancha o’zgartirgan - AQSh va NATO qo’shiniga hujumlar asosan oddiy aholi yashovchi hududlardan amalga oshirilmoqda.

Afg’onistonda jangarilar har qachongidan faol. Prezident Hamid Karzay hukumatiga ishonch past. Vaziyat izdan chiqqanini tan olayotgan mahalliy rasmiylar ham jangari xurujlaridan, ham harbiy xatolar natijasida tinch aholi vakillari halok bo’layotganidan shikoyat qilib keladi.

AQShning bo’lajak prezidenti Barak Obama, deydi Hamid Karzay, bu masalaga jiddiy e’tibor qaratishi lozim. Yaqinda Qandahorda havo hujumida 37 kishi halok bo’lgani, ularning aksariyati to’yga kelgan odamlar ekani aytiladi.

AQShning mintaqa bo’yicha bosh diplomati Richard Baucher so’zlariga ko’ra “dushman tinch fuqarolar yashaydigan hududlardan hujum qilishni odat qilar ekan, bu kabi hodisalarni oldini olish qiyin”.

AQSh harbiylari, deydi Baucher, qurbonlar sonini kamaytirish ustida ish olib boryapti. Xususan, harbiy taktikani o’zgartirish, havo zarbalarini aniq yo’naltirish, qolaversa mahalliy armiya bilan yaqinroq ishlash talab qilinadi.

Hozirda deyarli hech bir harbiy operatsiya afg’on zobitlari ishtirokisiz o’tmayapti. “Bu ham qurbonlar sonini kamaytirishga yordam yordam beradi”, - deydi Baucher.

Afg’oniston hukumati Tolibon bilan muzokara qilish, ularni boshqaruvga jalb qilish masalasini ham ko’tarmoqda.

Afg’onistondan kelayotgan boshqa xabarlarga ko’ra, o’tgan oy noma’lum shaxslar tomonidan o’g’irlab ketilgan kanadalik jurnalist Melissa Fang ozod etilgan. Politsiyaning aytishicha uning o’g’irlanishi jinoyatchilarning ishi. Uch kishi qo’lga olingan. Mamlakat g’arbida 3 ispan zobiti halok bo’lgan.

XS
SM
MD
LG