NATO Afg'onistonda qo'shinlar ko'payishini kutmoqda


AQSh va NATOning Afg'onistondagi qo'mondonlari Barak Obama zudlik bilan mamlakatga qo'shimcha kuchlar kiritadi degan umidda. Chunki mamlakat xavfsizligini ta'minlash uchun qo'shinlar yetarli emas.

NATO qo'mondoni general Deyvid Makkirnan qo'shimcha to'rtta brigada va maxsus qo'shinlar, jami 20 ming askar kerak demoqda. Ularning bir qismi yanvar oyida kelishi kutilmoqda, ammo qolganlarini Obama prezidentlikka kirgach hal qiladi.

Makkirnan qo'shinlarning qolgan qismi qachon safarbar etilishini bilmaydi.

Ayni damda Afg'onistonda AQShning 32 ming va NATOga a'zo boshqa davlatlardan jami 37 ming qo'shin bor. Shuningdek, deydi NATO qo'mondoni, razvedka, yuk tashish va jangovar operatsiyalar uchun samolyotlar zarur.

"Afg'oniston janubidagi Hilmand, Qandahor va boshqa viloyatlarda oz sonli kuchga egamiz. Xavfsizlikni ta'minlash uchun nafaqat harbiylar, balki politsiya va chegarachilar sonini ham oshirish kerak. AQShdan keladigan qo'shimcha askarlar mamlakatning janubiy va g'arbiy hududlariga jo'natiladi," deydi Makkirnan.

General ta'biricha, xavfsizlik o'rnatilgach, iqtisodiy taraqqiyot haqida ham o'ylash kerak.

NATO Bosh kotibi Yaap de Xup Sxeffer Barak Obamaning Afg'onistonga qo'shimcha askar yuborish va'dasini olqishlab, alyansga a'zo boshqa davlatlarni ham bu borada faol bo'lishga chaqirgan.

XS
SM
MD
LG