AQSh Kubadan ba'zi cheklovlarni olib tashlamoqda


AQSh prezidenti Barak Obama Kubaga qo'yilgan ba'zi cheklovlarni olib tashlashga buyruq bergan. Xususan kubalik-amerikaliklarning tarixiy vataniga borishi va Kubaga pul jo'natishiga ruxsat berildi.

Qo'shma Shtatlar yengil cheklovlarni olib tashlagan, ammo 47 yil oldin Kubaga qo'yilgan savdo embargosi bekor qilinmagan. AQShda bir yarim millionga yaqin kubalik-amerikalik bor. Endilikda ularning Kubaga borishi va qarindoshlariga moddiy yordam berishi osonlashdi.

Obama ma'muriyati, shuningdek, Kubaga sovg'a sifatida yuboriladigan gumanitar mahsulotlar ro'yxatini kengaytirishga ham ko'rsatma bergan.

Oq uy matbuot kotibi Robert Gibbsning aytishicha, ushbu harakatlar kelajakada Kuba xalqiga o'z taqdirini o'zi belgilashiga sharoit yaratishga qaratilgan.

"Ammo ushbu choralarning o'zi kifoya emas. Kuba rahbarlari ham qo'l qovushtirib o'tirmasligi kerak. Barak Obama saylov kampaniyasi jarayonida bergan va'dalarini birin-ketin bajarmoqda," deydi Gibbs.

Dam olish kunlari Trinidad va Tobagoda Markaziy va Janubiy Amerika davlatlari sammiti bo'lib o'tadi. Obama Kuba bilan diplomatik muloqotga kirishishga harakat qilishini aytib keladi, biroq sammit davomida Kuba rasmiylari bilan uchrashuvlar bo'ladimi, yo'qmi, hozircha ma'lum emas.

AQSh telekommunikatsion firmalari hamda suni'y yo'ldosh radio va telekanallari Kuba bozoriga kirib borishga harakat qilmoqda. Axborot oqimi ko'paysa, orolning tashqi dunyoga ochilishi osonroq bo'ladi, deydi ba'zi mutaxassislar.

Obamaning cheklovlarni bekor qilishi Kongressdagi ba'zi qonunchilar, xususan kubalik-amerikalik kongressmenlar tanqidiga sabab bo'lmoqda. Ularning fikricha, orolga jo'natilgan pul kommunistik tuzum rasmiylari hamyonini to'ldiradi.

XS
SM
MD
LG